Линклар

logo-print

Davlat rahbarlari “nozik masalalarni” ham muhokama qildi


Dushanba kungi uchrashuv paytida Islom Karimov Vladimir Putin bilan shaxsiy munosabatlaridan faxrlanishini izhor qildi.

Dushanba kungi uchrashuv paytida Islom Karimov Vladimir Putin bilan shaxsiy munosabatlaridan faxrlanishini izhor qildi.

Moskvada 15 aprel kungi uchrashuvda Islom Karimov va Vladimir Putin Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki taraflama hamkorlik hamda jahon siyosiy masalalari haqida fikr almashdi. O‘z chiqishida Rossiya prezidenti "nozik masalalar" ham ko‘tarilganini gapirdi.

Karimov bilan Putin nima haqida suhbatlashdi?


Rossiya prezidenti matbuot xizmatining Ozodlikka aytishicha, Moskvadagi uchrashuv natijalariga ko‘ra, Rossiya va O‘zbekiston prezidentlari matbuot uchun chiqish bilan cheklanadi, jurnalistlar bilan savol-javob bo‘lmasligini bildirishdi.

O‘zbekiston Prezidenti bilan rasmiy uchrashuvdan keyin jurnalistlar oldida qilgan chiqishida Vladimir Putin Rossiya O‘zbekistonning eng yirik strategik hamkori bo‘lib qolayotganini ta‘kidladi.

- Biz Rossiya ilgarigidek O‘zbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy hamkori bo‘lib qolayotganidan mamnunmiz. Lekin Rossiya Federatsiyasi bilan savdoda O‘zbekistonning ham ulushi tinimsiz o‘sib bormoqda. Aytishim joyizki, joriy yilning birinchi choragi davomida bizda o‘zaro tovar ayirboshlashning 20 foizga o‘sishi kuzatildi... Biz turli xalqaro tashkilotlar doirasida faol hamkorlik qilyapmiz, u yerda nafaqat o‘zaro manfaatlarimizni hisobga olamiz, balki bir-birimizni ko‘p hollarda qo‘llab-quvvatlaymiz,- deya bayonot berdi Vladimir Putin.

Kreml rahbari O‘zbekiston bilan Rossiyaning o‘zaro savdo hajmi yana ilgarigidek darajaga yetishiga ishonch bildirdi, chunki ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2012 yil natijalariga ko‘ra 6,2 foizga kamaygani va 3,7 milliard AQSh dollarini tashkil etgani ma‘lum.

Delegatsiyalar uchrashuvi paytida esa Rossiya rahbari ayrim “nozik masalalar, iqtisodiyot, siyosiy hamkorlik, xavfsizlik sohasidagi munosabatlar istiqbollari” muhokama qilinishini gapirib o‘tdi.

Hozircha Vladimir Putin ta‘kidlab o‘tgan “nozik masalalar” aynan qaysi muammolarga tegishli ekani noma‘lumligicha qolmoqda.

O‘z o‘rnida, O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar eng avvalo davlat rahbarlarining shaxsiy munosabatlariga tayanib kelayotganini bildirdi.

- O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar mustahkamligi va rivojlanishining eng muhim omili bizning shaxsiy munosabatlarimiz bo‘lib kelgan. Va men, bu fursatdan foydalanib, yana bir bor bu munosabatlar bilan faxrlanishimni aytmoqchiman. Tashrifimiz zarurligi masalasida aytmoqchimanki, u dunyo, jumladan mintaqamizda sodir bo‘layotgan muhim tendentsiyalar va voqealar kabi muhim vaziyatlarga bog‘liqdir,- dedi Islom Karimov delegatsiyalarning keng tarkibdagi uchrashuvi davomida qilgan chiqishida.

O‘zbekiston rahbari xalqaro koalitsiya qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqib ketishi “vaziyatni oldindan aytib bo‘lmaydigan holatga olib kelishi, shu sababli o‘zaro konsulьtatsiyalar o‘tkazish zarurligini” taqozo etayotganini alohida ta‘kidladi.

Prezident Karimov uchrashuv davomida Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyatga oid “avval bildirilgan ogohlantiruvlari” haqiqatga yaqinligini ham eslatib qo‘ydi.

Karimov “barcha vaziyatlar oldindan nazarga olib qo‘yilishi, ular oldi olinishi va hal etilishi” kerakligini aytib, terrorchilik va diniy radikalizm masalalari bo‘yicha tez-tez uchrashib turishni taklif etdi.

Na ikki davlat rahbari uchrashuvi yakuniga binoan imzolangan hujjatlarda va na qilingan bayonotlarda Rossiyada mehnat qilayotgan millionlab o‘zbek muhojiri va migratsiyaga oid yig‘ilib qolgan boshqa muammolar muhokama qilingani to‘g‘risida xabar qilindi.

Ikki davlat rahbarlari oxirgi marta o‘tgan yilning iyun oyida uchrashgan edi: 2012 yilning 4 iyunida ShHT sammitiga ketayotgan Vladimir Putin Toshkentga qisqa vaqtga to‘xtab o‘tgan edi.

O‘sha kuni ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro strategik hamkorlik Deklaratsiyasi imzolanganiga qaramasdan, bir-ikki hafta o‘tib Toshkent Moskva yetakchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidagi o‘z faoliyatini to‘xtatganini e‘lon qildi.

O‘zbekiston prezidenti so‘nggi bor Moskvaga roppa-rosa 3 yil avval - 2010 yilning aprel oyida rasmiy safar qilgan edi.

Prezidentlar uchrashuvi yakunida imzolangan hujjatlar


Ikki davlat delegatsiyalari uchrashuvi natijasida bir qator rasmiy hujjatlar imzolandi.

Bular qatorida 2013-17 yillarga mo‘ljallangan o‘zaro iqtisodiy hamkorlik Dasturi; madaniy-gumanitar va fan-texnika sohasidagi 2013-2015 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik Dasturi; O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi sarmoyalar rag‘batlantirilishi va o‘zaro himoyasi to‘g‘risida Kelishuv; ikki davlat hukumatlari o‘rtasidagi readmissiya to‘g‘risida Kelishuv va Ijro etuvchi protokollardir.

15 aprel kuni imzolangan hujjatlardan tashqari, 11-12 aprel kunlari - O‘zbekiston prezidenti boshchiligidagi delegatsiya tashrifi oldidan ham bir nechta davlatlararo hujjatlar imzolandi.

Rossiya Tabiat zahiralari va ekologiyasi vazirligi hamda O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi o‘rtasida Kelishuv; Rossiya Federatsiyasi Moliyaviy monitoring xizmati va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish Departamenti o‘rtasida “pul yuvish” va terrorchilikni moliyalashtirishga qarshi o‘zaro kurash bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga oid kelishuv, Rossiya Federal bojxona xizmati va O‘zbekiston bojxona qo‘mitasi havo transporti orqali tovarlar tashishdagi qonunbuzarliklarga qarshi hamkorlikni qonuniylashtiruvchi Protokol shular jumlasidandir.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG