Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:13

Avstraliyalik tennischilarga Namangan itlarining xurishi yoqmadi


Xalqaro tennis federatsiyasi Avstraliya terma jamoasini, Namanganda ular sharafiga o‘tkazilgan rasmiy ziyofatga kelmaganlari uchun, 10 ming dollarga jarimaga tortdi. 5-7 aprel kunlari Namanganda Devis kubogi saralash o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi ustidan g‘alaba qilgan avstraliyalik tennischilar o‘zlariga yaratib berilgan yashash sharoitining yomonligiga norozilik o‘laroq rasmiy marosimga kelishmaganini e‘lon qilishdi. Biroq turnir tashkilotchilari avstraliyaliklarning shikoyatlarini o‘rinsiz, deya atamoqda.

Devis kubogi uchun kurashayotgan Avstraliya tennis jamoasi 7 aprel kuni ular sharafiga Namanganda uyushtirilgan rasmiy ziyofatga kelmagani uchun 10 ming AQSh dollari miqdorida jarimaga tortildi.

Avstraliyaliklarga nisbatan sanktsiya qo‘llagan Xalqaro tennis federatsiyasi matbuot vakili Ozodlik bilan suhbatda mazkur qarorni izohlamadi.

Namangandagi yashash sharoitlaridan norozi bo‘lgan Patrik Rafter tennis korti va turnirning o‘zi yaxshi tashkil qilinganini e‘tirof etdi.
Namangandagi yashash sharoitlaridan norozi bo‘lgan Patrik Rafter tennis korti va turnirning o‘zi yaxshi tashkil qilinganini e‘tirof etdi.
- Hozirda bu masala yuzasidan ortiqcha izoh bera olmaymiz,- dedi o‘zini tanishtirmagan tashkilot vakili.

Lekin Avstraliya terma jamoasi sardori, taniqli tennischi Patrik Rafter g‘arb matbuotiga bergan intervyusida Namanganda ularga yaratib berilgan yashash sharoiti yomon bo‘lgani bois, o‘yindan keyin tashkil qilingan ziyofatga bormaganliklarini tan olgan.

“Sharoitlar biz o‘rgangandan ko‘ra ancha noqulay edi. Mehmonxonaning ko‘chaga qaragan tarafida mashinalarning shovqini to‘xtamas edi. Orqa tarafida esa tovuqxona va itlarni xurishi tinmadi. Agar Devis kubogida eng yaxshi o‘yinchilar qatnashishini istasangiz, shunga yarasha sharoitlar ham bo‘lishi kerak. Tennischilar uchun yaxshi uxlab, dam olish muammo bo‘lmasligi kerak”, deya norozi bo‘lgan Rafter shu bilan birga tennis korti va turnirning o‘zi yaxshi tashkil qilinganini e‘tirof etdi.

Devis kubogi va boshqa xalqaro musobaqalarda sportchilarning yashashi bilan bog‘liq tashkiliy ishlar mezbon tomoni zimmasida bo‘ladi. Namanganda avstraliyalik tennischilar uchun mehmonxonani O‘zbekiston tennis federatsiyasi tanlagan.

Federatsiyaning o‘zini tanishtirmagan mutasaddisi, Ozodlik bilan suhbatda, Avstraliya jamoasi rasman shikoyat bildirmasdan, rasmiy ziyofatga kelmagani ko‘pchilikni xayron qoldirdi, deydi.

- Ular kelishmadi, sababini go‘yoki ziyofatga kiyadigan kostyumlari yo‘qligi bilan tushuntirishdi. Ularning e‘tirozlariga kelsak, reglament bo‘yicha shahardagi eng yaxshi mehmonxonani qilib berishimiz kerak edi, eng yaxshi mehmonxonani berdik. Bu mehmonxonada o‘zbek tennischilari ham turishdi. Bundan avval ham Devis kubogi saralash o‘ynlarining 6ta davrasini Namanganda o‘tkazgan edik, boshqa davlatlardan kelgan tennischilar xuddi shu mehmonxonada turishdi, lekin ular tarafidan hech qanday e‘tiroz bo‘lgani yo‘q. Albatta, ular avstraliyalik ekanini tushunamiz, lekin o‘zlari ham bizga yaxshi sharoitlar uchun minnatdorchilik bildirishdiku,- deydi O‘zbeksiton tennis federatsiyasi mutasaddisi.

“S Namangan” mehmonxonasi Ozodlikka taqdim qilgan mehmonlar kitobi sahifasida Patrik Rafterning o‘zi ham "mehmondo‘stlik uchun" minnatdorchilik so‘zlarini yozib qoldirgan.
“S Namangan” mehmonxonasi Ozodlikka taqdim qilgan mehmonlar kitobi sahifasida Patrik Rafterning o‘zi ham "mehmondo‘stlik uchun" minnatdorchilik so‘zlarini yozib qoldirgan.
5-7 aprel kunlari o‘tkazilgan saralash o‘yinlari paytida Avstraliya jamoasi a‘zolari Namangandagi “S Namangan” mehmonxonasiga joylashtirildi. Mehmonxona ma‘muriyatining o‘zini Yevgeniya, deb tanishtirgan xodimi Ozodlikka xorijiy mehmonlar juda mamnun bo‘lib ketishganini bildirdi.

- Ular bu e‘tirozlarini qayerda bildirganidan xabarim yo‘q. Lekin mehmonlar kitobida ular “hammasi yaxshi bo‘ldi” qabilida, juda iliq so‘zlarni yozib qolidirishgan. Ovqatga e‘tiroz bildirishlari mumkin emas, chunki oshpazni o‘zlari bilan olib kelishdi va bizning ovqatlarni umuman yeyishmadi. Boshqa sharoitlari ham, issiq suv, sovuq suv, deganlaridek, hammasi joyida edi. Mana qo‘limda mehmonlar kitobi turibdi, avstraliyalik tennischilar minnatdorchilik yozib qoldirishgan,- deydi “S Namangan” mehmonxonasi xodimi.

“S Namangan” mehmonxonasi Ozodlikka taqdim qilgan mehmonlar kitobi sahifasida Patrik Rafterning o‘zi ham "mehmondo‘stlik uchun" minnatdorchilik so‘zlarini yozib qoldirgan.

Ozodlik tennischilar nimadan norozi bo‘lgani xususidagi savol bilan Avstraliya tennis federatsiyasiga murojaat qildi, lekin bu savol javobsiz qoldi.

Devis kubogi saralash o‘yinlarining Namanganda o‘tkazilgan davrasida Avstraliya jamoasi 3-1 hisobida o‘zbekistonlik tennischilar ustidan g‘alaba qildi.

O‘yinlar boshlanishidan avval, Avstraliya matbuoti O‘zbekistonga borgan tennischilarga mahalliy mehmonxonada cho‘milmaslik, yuqumli kasallikka chalinmaslik uchun cho‘milishga plastik baklajkalardagi mineral suvdan foydalanish tavsiya qilingani haqida xabar berilgan edi.
XS
SM
MD
LG