Линклар

logo-print
Joriy hafta Toshkent va Kiyev shaharlarida "O‘zbek palovi" bilan bog‘liq ikkita yirik xalqaro festival o‘tkaziladi. O‘zbekiston Oshpazlar Uyushmasi raisi Akbar Umarovning aytishicha, bu kabi tadbirlar o‘zbek madaniyatini yoyishning samarali vositasidir.

Toshkentda xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi doirasida o‘tkaziladigan “PilafFest" - milliy osh festivalining poytaxt hayotidagi eng lazzatli tadbir bo‘lishi kutilmoqda.

19 aprel kuni “PilafFest” tadbiri o‘tkaziladigan Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” majmuasi ochiq osmon ostidagi ulkan milliy restoranga aylanadi.

Festivalga kelganlar oshning o‘n xilini tatib ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.

O‘zbekiston Oshpazlar Uyushmasi raisi, “PilafFest” tanlovining jyuri hay‘ati a‘zosi Akbar Umarov Ozodlik bilan suhbatda mazkur tadbir o‘zbek milliy pazandachilik san‘atini xorijlik sayyohlarga targ‘ib qilish maqsadida uyushtirilayotganini aytadi.

– O‘nta viloyatdan o‘n xil osh pishadi. Samarqandcha, Buxorocha osh bo‘ladi, “Asaka palov” pishadi Andijondan. Xorazmcha parhez palov qilinadi. Namangancha devzira osh bo‘ladi. Toshkentcha “Shodibek oshi” pishadi. Kelgan mehmonlar nafaqat ularni tatib ko‘rish, tayyorlash jarayonini ham kuzatishlari mumkin bo‘ladi. Palovlar o‘nta nominatsiya bo‘yicha mukofotlanadi,- deydi O‘zbekiston Oshpazlar Uyushmasi raisi Akbar Umarov Ozodlik bilan suhbatda.

Shu hafta oxirida Ukraina poytaxti Kiyev shahrida ham Osh festivali bo‘lib o‘tadi. Kiyevdagi O‘zbekiston elchixonasi bosh-qosh bo‘ladigan festivalda ham O‘zbekiston Akbar Umarov shogirdlari o‘zlarining pazandachilik mahoratlarini kiyevliklarga namoyish etishadi.

– Oshpazlarimiz Ukraina xalqini o‘zbek milliy pazandachilik san‘ati bilan yaqindan tanishtirib, xalqimiz madaniyatini oshqozon orqali yetkizishga harakat qilishmoqda,- deydi Akbar Umarov.

O‘tgan yil Oshpazlar Uyushmasi raisi Akbar Umarov va uning shogirdlari 4 tonna 700 kilogramm palov pishirib, Ginnesning rekordlar kitobiga kirishni rejalab qo‘yganliklarini aytishgan edi.

Janob Umarovning aytishicha, ular hali ham bu rejani amalga oshirish ahdidan qaytishmagan.

– Ginneslar kitobiga ariza berganmiz bu borada, lekin hali ulardan tasdiq olmaganmiz. Ularning shartlari bo‘yicha oshning 80 foizi guruchdan iborat bo‘lishi kerak ekan, bizning hisob-kitob bo‘yicha 60 foizi guruchga to‘g‘ri kelyapti. Agar tasdiq olsak ro‘za-ramazon kunlarini eng oxirida shu oshni pishiramiz, deb turibmiz,- deydi Oshpazlar Uyushmasi raisi.

Ginnes palovini pishirish uchun O‘zbekistonning har bir viloyatidan ja‘mi 14 ta professional oshpaz taklif etilishi mo‘ljallangan.

Rekord miqdordagi palovning hozircha qaysi usulda pishirilishi ma‘lum emas.
XS
SM
MD
LG