Линклар

Blog: Shumaxerning toshkentlik “shogird”lari


Toshkent ko‘chalarida yo‘lovchi avtobuslar bir-biri bilan poyga qilayotgani har kungi manzaraga aylangan.

Toshkent ko‘chalarida yo‘lovchi avtobuslar bir-biri bilan poyga qilayotgani har kungi manzaraga aylangan.

Mashhur poygachi Shumaxer toshkentlik ayrim avtobus haydovchilarining chapdastligini ko‘rsa bormi, o‘ylab-netib o‘tirmay, sportni tark etardi. “Poygachiman deb noma‘qul buzoqning go‘shtini yeb yurgan ekanman”, deb ko‘zyosh ham qilvolardi. Behazil.

Avtobusga chiqishga yurak bezillab qoldi. Yo‘q, shaloqaravaligidan yo odam tiqilinchligidan emas (Hartugul, chetdan chimildiq ko‘rmagan kelinchakdek yangi “Mersedes”lar op kelinyapti. Qatnov ham xiyla jadallashib qoldi – tirbandlik muammosining tafti ancha pasaydi).

Minglab yo‘lovchilar qatori kaminani tashvishga solgan narsa – avtobus haydovchilarining ko‘p-da qoidalarga rioya qilmayotgani, yo‘lovchi emas, “sholg‘om tashiyotgani”!..

Avtobusga haydovchisiga qarab chiqadigan bo‘p qoldim. Rulda yosh-yalang bo‘lsa, vaqt ketsa ketsin, keyingisini kutaman. Jon shirin, o‘pkasini qo‘ltiqlaganlarga ishonch yo‘q.

... Bu safar haydovchisiga ham qaramay, shoshilib avtobusga chiqvola qopman. Sho‘pir – 20 ning nari-berisidagi bo‘z yigit. Bolaligida televizor tagidan chiqmay “Formula-1” musobaqasini ko‘rganmi deyman, hamkasblari bilan nuqul quvalashadi.

Poygaga sho‘ng‘ib ketgan “akam”ning parvoyi falak: munkib, turtinib-surtinib borayotgan yo‘lovchilar bilan ishi yo‘q.

Yana deng, butun dunyoning muammosini hal qilgudek shahd bilan “sotka”da gaplashadi. Uzluksiz qo‘ng‘iroqbozlikni ko‘rib, haydovchi emas, “Uoll strit”dagi uchar birjachimi, deb o‘ylaysiz.

Dovulda qolgan kemadek qalqib borayotgan avtobusda asabiy xavotir hukmron.

– Mushtdek bolaga butun boshli avtobusni kim ishonib topshirdi o‘zi?! – munkillagan otaxon izdihomning dilidagini tiliga chiqardi.

– Nimasini aytasiz! Orqa-oldiga qarab yurmaydimi, Popning kalishini tashimayapti, shekilli, – zardasini sochdi boshqa bir mo‘ysafid.

– Avvallari besh-o‘n yil staji bo‘lmagan sho‘pirni avtobusga yo‘latishmasdi. Hozir bo‘lsa, tuxumdan chiqiboq, rulga o‘tirishyapti, – mahobat qildi elliklarni qoralagan enlikkina ayol.

– 600-700 ming oylikka bo‘ydoq yigitlar qanoat qilmasa, kattalar chidamaydi. Avtobus saroylari odam yo‘qligidan tajribasiz yoshlarni olishga majbur, – vaziyatga oydinlik kiritdi qanshariga ko‘zoynak qo‘ndirgan ziyolinamo kishi.

– Oyligini ko‘paytirib, tajribali sho‘pirlarni olsin-da! Yo‘lkirani oshirib yotibdi-ku! – e‘tiroz bildirdi boyagi qariya o‘sha tanish zardali ohangda.

...Chorrahadan shitob bilan qo‘zg‘algan avtobus yengil mashina bilan to‘qnashib ketdi. Shunday bo‘lishi aniq edi!

Xudo saqladi, yengil jarohatni aytmasa, hech kim jiddiy jabr ko‘rmadi. Lekin kimo‘zar poyga har doim ham yengil jarohat bilan yakunlanishiga kafolat yo‘q. Shumaxerning fotihasini olmagan shogirdchalariga insof bersin!..

Muallif: Kuni avtobusga qolgan yo‘lovchi
XS
SM
MD
LG