Линклар

Yaman ishlayotgan o‘zbekistonlik yuzlab shifokorlar joriy yilning 1 mayidan Yaman hukumati o‘zbek, tojik va hind shifokorlari uchun viza berishni to‘xtatishni rejalashtirgayotganidan tashvishlanmoqda. Bu mamlakatlardan Yamanga borib ishlayotgan tibbiy xodimlar orasida soxta doktorlar borligi aniqlangach, hukumat shunday chora ko‘rishga qaror qilgani aytilmoqda.

Sana shahrida 4,5 yildan buyon xirurg bo‘lib ishlayotgan o‘zbekistonlik shifokorning Ozodlikka aytishicha, 1 maydan boshlab Yamanga kelib tibbiyot sohasida ishlamoqchi bo‘lgan O‘zbekiston, Tojikiston va Hindiston fuqarolari uchun cheklovlar joriy qilinadi.

- Yaman Sog‘liqni saqlash vazirligi prikaz chiqaribdi, shu O‘zbekistondan, Tojikistondan, Hindistondan kelgan medpersonallarni podrobno tekshirish va vizani otmen qilish bo‘yicha. Vizasi borlari ishlab, qaytib ketgandan keyin qaytib kirgizmaslik aytilayapti. Birinchi maydan mana shu prikaz amalga osharkan. Hozir o‘zbekistonliklar, tojikistonliklarning kelishi mumkin bo‘lmayapti. Viza chiqmayapti,- dedi ismi sir qolishni so‘ragan Sanadagi o‘zbek shifokori.

“Yamanda soxta doktorlar ko‘p”


Suhbatdoshga ko‘ra, 2011 yilgi “Arab bahori” isyoni natijasida hokimiyatdan ag‘darilgan Ali Abdulloh Solihdan so‘ng Yaman prezidentligini egallagan Obid Rabbo Mansur Hadiy hukumati tibbiyot sohasi islohotlari doirasida mutaxassislar malakasini tekshira boshlagan.

- Endi bular ham sekin uyg‘onayaptida. Chetdan kelib ishlaëtgan medpersonallarni tekshirish holatlari bo‘layapti. Bu yangi prezidenti kelgandan keyin boshlandi. Ilgarigi prezident davrida hamma joy ochiq edi. Umuman meditsina pala-partish ishlab ëtuvdi. Endi sekin-sekin bular ham tartibga olayaptida,- deydi o‘zbek shifokori.

O‘zbekistonlik shifokorga ko‘ra, keyingi paytda o‘tkazilgan bir qancha tekshiruv natijasida o‘zbekistonlik, tojikistonlik va hindistonliklar orasida soxta doktorlar borligi aniqlanganidan keyin bu mamlakat fuqarolarining Yamanga kelib, tibbiyot sohasida ishlashini taqiqlash rejasi o‘rtaga chiqqan.

- Hindistondan ham juda ko‘p meditsina xodimi bo‘lmagan kishilar bor. O‘zimizdan ham oxirgi paytlarda shunaqalar juda ko‘p kelgan. Medsestralar kelib doktorlik qilayapti, qishloq joylaridagi poliklinikalarda. O‘qituvchilar kelib doktorlik qilayapti, tikuvchilar kelib doktorlik qilayapti. Medsestra bo‘lmaganlar kelib bu yerda o‘rganib medsestra bo‘lib ishlayapti. Chaqirgandan keyin kelib, bir akusher genekologning ënida ikki yarim-uch oy stajirovkada bo‘ladi. U o‘rgatadi. Tug‘riq payti nima qilish zarurligi va UZI qilishni o‘rgatadi. Keyin qishloq joylaridagi poliklinikaga borib, o‘sha yerda ham medsestralik, ham doktorlik qiladi. Endi meditsina xodimi bo‘lmaganligi uchun, mediinani baribir uch oyda yaxshi o‘rgana olmaydi, o‘shandan keyin xatoliklar bo‘layapti. Shuning hisobiga mana shunaqa cheklovt yuz berayapti,- deydi o‘zbek shifokori.

Uning aytishicha, O‘zbekistondan kelgan ayrim shifokorlar Yamanda o‘z mutaxasisligi bo‘yicha ish topolmagach, tibbiyotning boshqa sohalarida ishlash holatlari ham ko‘plab uchraydi.

- Pediatrlarimiz ëki bo‘lmasa terapevtlarimiz bu yerda akusher-ginekologlik qilayapti. Ëki bo‘lmasa LOR vrachlarimiz kelib akusher-ginekologlik qilayapti. Chunki ularga ish bor. Terapevtlar o‘zlariniki yetarli. Hozir bular ham juda o‘qiyapti. Ko‘pchiligi chetga borib o‘qib kelayapti, o‘zlarida ham tayërlayapti,- deydi suhbatdoshimiz.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatlashgan boshqa bir o‘zbek shifokorining aytishicha, u Yamanga borib bir necha bor ishlab kelgan. Hozirda O‘zbekistonda bo‘lgan suhbatdoshga ko‘ra, keyingi paytda Yamandan viza berish to‘xtatilgani haqida gap-so‘z ko‘paygan.

Yamanning Moskvada joylashgan MDH mamlakatlari uchun elchixonasi konsul yordamchisi janob Bin Amin O‘zbekiston fuqarolari uchun viza berish to‘xtatilgani va ularning Yamandan chiqarib yuborilayotgani haqidagi xabarni inkor qildi.

- Yamanda qonunni buzgan fuqarolarnigina mamlakatdan chiqarib yuboriladi. Lekin barchani haydash - bo‘lishi mumkin bo‘lmagan holat. O‘zbekistonliklarni haydayotgani haqida men umuman eshitmadim,- dedi Bin Amin.

“Yamanda 3500 o‘zbek shifokori bor”


Yamandagi o‘zbek shifokorlariga ko‘ra, dastlab o‘tgan arsning 90-yillari o‘rtalarida samarqandlik ikki rus shifokori Rossiyadagi Yaman elchixonasi yordamida ushbu mamlakatga borib ishlagan. Keyinchalik ular yordamida o‘zbekistonlik boshqa shifokorlar ham Yamanda ishlashga ketgan.

“Arab bahori” voqealaridan avval Yamanda taxminan 5000 o‘zbekistonlik shifokor borligi aytilgan edi.

Yamanda ishlayotgan o‘zbek shifokorlariga ko‘ra, bugungi kunda tibbiyot sohasida ishlash uchun kelayotgan o‘zbekistonliklar soni biroz kamaygan va ular soni taxminan 3500 atrofidadir.

Suhbatdoshlarimiz keltirgan ma‘lumotga ko‘ra, Tojikistondan 300 atrofida, Hindistondan esa taxminan 7000 kishi Yamanda shifokorlik qilayapti.

Keyingi paytda suriyalik shifokorlarni Yamanda ishlashga jalb qilish holatlari ham ko‘paygan.
XS
SM
MD
LG