Линклар

logo-print
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida Toshkent-Chorvoq avtotrassasi bo‘yiga qurilgan uylar va dala xovlilar ommaviy buzilmoqda. Uylarni buzish ishlariga mas‘ul ekani iddao qilingan amaldorlarga asoslanib nashrining yozishicha, uy va dala xovlilarning buzilishi shahar tashqarisidagi rezidentsiyasiga qatnashda Toshkent-Chorvoq avtomobil yo‘lidan foydalanadigan davlat rahbarining xavfsizligini ta‘minlash doirasida amalga oshmoqda.

Toshkent viloyati Qibray tumani hokimiyati rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda Toshkent-Chorvoq avtomobil yo‘lining bir qismida yo‘l chetida qurilgan dala xovlilar buzilayotganini tasdiqladi.

- Bektemir-Karvon yo‘nalishidagi yo‘lning ikki tomonidagi noqonuniy qurilgan dala xovlilar buzilyapti,- dedi o‘zini tanishtirmagan hokimiyat rasmiysi.

Bo‘stonliq tuman hokimiyati qurilish bo‘limining o‘z ismini aytishni xohlamagan vakili Ozodlik bilan suhbatda Toshkent-Chorvoq avtomobil yo‘li chetida, faqat muhofaza hududida joylashgan dala xovlilar buzilayotganini ta‘kidladi.

- Chap qirg‘oq tomon borku. Chirchiq shahar tomon emas, ichkaridan kirib keladigan yangi trassa, o‘sha yerda yo‘lning 50 metrlik muhofaza mintaqasiga tushgan dachalar buzilyapti. Abaydan boshlab buzilish boshlangan. Yo‘l o‘qidan boshlab 50 metr masofada, muhofaza mintaqasiga tushgan dachalar buziladi faqat. 50 metrdan narida bo‘lsa, buzilmaydi. Qonun bo‘yicha shunaqa, 50 metr ichida “zelyoniy zona” bo‘lishi kerak, deb tushuntirdi Bo‘stonlik tuman hokimiyati rasmiysi.

Uzmetronom.com nashriga ko‘ra, Toshkent-Chorvoq avtomobil yo‘li chetida joylashgan dala xovlilari buzilayotgan fuqarolarga 1 milliondan 5 million so‘mgacha tovon puli to‘lanmoqda va bu shahar tashqarisidagi rezidentsiyasiga borib kelishda Toshkent-Chorvoq yo‘lidan foydalanadigan davlat rahbari xavfsizligini ta‘minlash doirasida amalga oshirilmoqda.

Biroq Bo‘stonliq tuman hokimiyati rasmiysi dala xovlilar buzilishi davlat rahbari xavfsizligini ta‘minlash bilan bog‘liq emasligini va noqonuniy qurilgan dacha egalariga hech qanday tovon puli to‘lanmasligini ta‘kidladi.

- Kimningdir xavfsizligi uchun emas, faqat o‘sha 50 metr muhofaza mintaqasida bo‘lsa buziladi. Boshqa gap yo‘q. Kompensatsiya to‘lovi to‘g‘risida hech qanday gap yo‘q, dedi hokimiyat rasmiysi.

O‘z kanallari orqali olingan ma‘lumotga asoslanib mustaqil nashrining yana birdirishicha, yaqin fursatda Yuqori-Chirchiq tumanining Bordonqul posyolkasidagi uylar va Toshkent-Chorvoq avtotrassasi bo‘yida joylashgan boshqa aholi punktlaridagi dala xovlilarni ham buzish rejalangan.

O‘zbekistonda obodanlashtirish, yo‘l qurilishi yoki ta‘mirlash loyihalarini amalga oshirish uchun xususiy uylar, do‘kon va boshqa tijorat ob‘ektlarining buzilishi va egalariga mulkning haqiqiy qiymatida tovon puli to‘lanmasligi yangilik emas.

O‘tgan hafta Andijon viloyatining Izboskan tumani Poytuq shaharchasida yashovchi aholi O‘zbekiston Bosh prokurori o‘qigan maktabni ta‘mirlash uchun 40dan ortiq xonadon buzilgani, tuman hokimi va‘da berganiga qaramay, aholiga hech qanday tovon puli berilmayotganidan Ozodlikka arz qilgan edi.

Joriy yilning fevral oyida Urganch shahri markazidagi uylar, xususiy do‘kon va restoranlari buzilgan fuqarolar tovon puli ololmaëtgani uchun norozilik bildirgan edi.

Namangan viloyatining Norin tumani markazi Haqqulobod shahrini yangi bosh planga muvofiq obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun uylari buzilgan odamlar ham tovon puli ololmaganidan shikoyat qilgan.

O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 2011 yil 22 noyabr kuni Farg‘ona viloyati hokimiyatida o‘tkazgan yig‘ilishda shahar rekonstruktsiyasiga xalal beradigan aholi uylarini buzish va ko‘chirish haqida tegishli tashkilotlarga buyruq bergan va bu aholining noroziligiga sabab bo‘lgan edi.
XS
SM
MD
LG