Линклар

O‘zbek xotin-qizlari uyatsiz suratlardan himoya qilinadi


Gulnora Karimovaning yarim yalang‘och suratlari o‘zbek qizlari telefonidan chiqsa, jazoga tortiladimi, yo‘qmi degan savol ochiq qolmoqda.

Gulnora Karimovaning yarim yalang‘och suratlari o‘zbek qizlari telefonidan chiqsa, jazoga tortiladimi, yo‘qmi degan savol ochiq qolmoqda.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasida joriy haftada bo‘lib o‘tgan yig‘inda o‘zbek qizlarini Internet va mobil telefonlar orqali kelayotgan behayo tasvirlardan himoya qilish masalasi ko‘rilgan.


O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasidagi yig‘inda qatnashgan O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligining ismi aytilishini istamagan mulozimi Ozodlikka ba‘zi tafsilotlarni gapirib berdi:

- Tadbirda mobil telefon, Internet orqali O‘zbekiston xalqi hayot tarziga zid suratlar, turli kompьyuter o‘yinlari, past saviyali filьmlar tafakkuri shakllanayotgan yoshlar, birinchi navbatda, qizlar o‘rtasida ham ommalashayotgani ularning tarbiyasiga jiddiy putur yetkazgani ta‘kidlandi¸- deydi mulozim.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ bu yig‘indan keyin O‘zbekistondagi oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida qizlarni ommaviy madaniyat hurujidan himoya qilish maqsadida “Qizlar jamiyat va millat kelajagi” mavzusida maxsus tadbirlar o‘tkazilmoqda:

- Oliy o‘quv yurtlarida talaba qizlarga bu tadbirlarda globallashuv davrining ayrim salbiy ta‘sirlari haqida, xususan, ba‘zi hollarda Internet telekanallarda milliyligimizga yot bo‘lgan g‘oyalarning targ‘ib etilayotgani kabi holatlar haqida tushuntirilmoqda¸- deydi O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi xodimi Ozodlik bilan suhbatda.

Angren shaxrida istiqomat qiluvchi o‘zini Zamira deb tanishtirgan 39 yashar o‘qituvchining Ozodlikka aytishicha, Angrendagi tibbiyot kolleji talaba qizlari o‘rtasida jiddiy tushuntirish ishlari olib borilmoqda:

- Ularga sharm hayosiz suratlarni telefonlariga yuklamaslik haqida aniq qilib tushuntirilmoqda. Talabalarni asosiy vazifasi ko‘ngilhushlik emas¸ balki o‘qib ilm olish ekani tushuntirilildi¸- deydi angrenlik o‘qituvchi.

Fevral oyida Internetdagi youtube.com portaliga “Angren tibbiyot kolleji o‘quvchilarining shokka soluvchi” videosi qo‘yilgan va bu o‘zbek matbuotida “nomunosib va behayo”¸ deya sifatlangan edi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining o‘quv muassasalari bo‘yicha mutasaddisi Salima Nazarova, Ozodlik bilan suhbatda, video bilan bog‘liq vaziyat jiddiy muhokama qilinayotganini aytgan edi.

Angren va Xiva tibbiyot kolleji qizlari ekani iddao qilingan va o‘zbek mulozimlari tarafidan “behayo” deb tasniflangan tasvirlarning Internetda paydo bo‘lishi ortidan o‘quv dargohlarida qizlarni tartibga chaqirish tadbirlari ko‘paygan.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasida joriy haftada bo‘lib o‘tgan yig‘inda o‘zbek qizlarini Internet va mobil telefonlar orqali kelayotgan behayo tasvirlardan himoya qilish masalasi ko‘rilgani ham talabalarning virtual faolligi ortgani bilan izohlanmoqda.

Xorazm viloyati hokimligi ma‘naviyat bo‘limining o‘zini tanishtirmagan xodimi, Ozodlik bilan suhbatda, qo‘l telefonidan porno tasvir chiqqan qizlar fosh qilinib¸ ota-onalari ishtirokida muhokama qilinganini gapirib berdi:

- Biz bu muhokamalar vositasida qizlar ongida ommaviy madaniyatga nisbatan himoya immunitetini shakllantirmoqdamiz¸- deydi mulozima.

Tovus pati ortiga yashiringan to‘ng‘ich qiz

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasida va oliygohlarda “Qizlar jamiyat va millat kelajagi” mavzusida maxsus majlislar uyushtirilgan haftada O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi¸ O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mulozimi Gulnora Karimova o‘zining Instagram tarmog‘idagi sahifasida yarim yalang‘och suratlarini e‘lon qildi.

Gulnora Karimova o‘zining Instagram sahifasida e‘lon qilgan suratlarda, prezident qizi yelkalari yalang‘och tarzda badani tovus patlari bilan yopilgan.

Gulnora Karimova o‘zining Instagram sahifasida e‘lon qilgan suratlarda, prezident qizi yelkalari yalang‘och tarzda badani tovus patlari bilan yopilgan.

Instagram mushtariylari tarafidan olqish va ofarinlarga sabab bo‘lgan bu tasvirlarda Gulnora Karimovaning yelkalari yalang‘ochligicha qolib qolgan badani tovus patlari bilan yopilgan.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda o‘zbek talaba qizlari qo‘l telefonlarida yalang‘och yoki yarim yalang‘ochlar tasviri bo‘lishiga taqiq qo‘yildi.

Gulnora Karimova o‘zining Instagram sahifasiga joylashtirgan yarim yalang‘och suratlari o‘zbek talaba qizlari smartfonidan chiqib qolgudek bo‘lsa, jazoga tortiladimi, yo‘qmi degan savol javobi hozircha ochiq qolmoqda.

"O‘g‘il bolalar qizlardan ko‘ra ko‘proq pornoga qiziqadi"


Andijonlik 37 yashar Nilufarning Ozodlikka aytishicha¸ behayo kino ko‘rding deb faqat qizlarni ayblash insofsizlik:

- Aslida pornoni ko‘proq erkaklar ko‘radi. Shunday ekan nega qizlar tanqid nishoni bo‘lishi kerak. Boshqa tarafdan 18 yoshga to‘lgan qizning shaxsiy telefonida erotik mazmundagi tasvirlarning bo‘lishi¸ bu ularning shaxsiy ishi. Telefon xususiy mulk va undagi tasvir jamoatchilik muhokamasi bo‘la olmaydi. Men qonun taqiqlagan pedofiliya mazmunidagi tasvirlarni emas, oddiy erotikani nazarda tutyapman¸- deydi Nilufar.

Suhbatdosh nazarida qizlar qo‘lidagi telefonlar taftish qilinishi va bu telefonlardagi suratlar bois qizlar kollektiv orasida izza qilinishi inson huquqlari tamoyillariga ziddir.

Smartfonlarga qarshi kurash


Bundan ikki yil oldin Toshkent Islom Universiteti qoshidagi kollej talabalarning yarim-yalang‘och holda Internetdagi “Odnoklassniki” portaliga suratlarini qo‘ygani bilan bog‘liq janjal chiqqan edi.

O‘zbekistonlik suhbatdoshimiz qizlar shaxsiy hayotiga aralashish inson huquqlari tamoyillariga ziddir, deydi.

O‘zbekistonlik suhbatdoshimiz qizlar shaxsiy hayotiga aralashish inson huquqlari tamoyillariga ziddir, deydi.

Bu voqeadan keyin kollejda o‘qiydigan ikki o‘quvchi qiz o‘qishdan haydalagani haqidagi norasmiy ma‘lumotlar paydo bo‘ldi.

Shundan keyin O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi maxsus yo‘riqnoma chiqarib¸ o‘quvchilarning ta‘lim dargohlariga smartfonlar olib kirishini taqiqlab qo‘ygan edi.

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi ma‘rifat bo‘lim boshlig‘i Shamsiddin Jumayev, Ozodlik bilan suhbatda, talabalar o‘rtasida muntazam tarbiyaviy ishlar olib borilayotgani va Internetdagi behayo saytlarga kirmaslik haqida ularga alohida tushuntirilayotganini aytib o‘tdi.

Shamsiddin Jumayevga ko‘ra, ta‘lim dargohlari bu ko‘ngil ochish maskanlari emas.

Toshkentdagi kollej o‘quvchilaridan ikki nafari homilador bo‘lgani va ularning balog‘at yoshiga yetmagani Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligida muhokama qilinganidan keyin o‘quv yurtlarida yoppasiga tibbiy ko‘rik boshlangani haqida Ozodlik xabar qilgan edi.

Odobli qiz bo‘lish haqida tilxat


Litsey va kollejlardagi balog‘atga yetmagan qizlar homilador bo‘lishining oldini olish maqsadida tarbiyaviy soatlar hamda tushuntirish ishlari olib borilayotgani Ozodlik bilan suhbatlashgan o‘qituvchilar tarafidan aytilgan edi.

Bunday tarbiyaviy soatlar oxirida qizlardan balog‘at yoshiga yetguncha jinsiy hayotdan tiyilish¸ o‘zbekona ma‘naviy qadriyatlarga amal qilish majburiyati zimmaga olingan tilxat yozdirib olinmoqda.

Internetga yuklanayotgan tasvirlar esa o‘quvchilar va o‘qituvchilarning ma‘naviy qadriyatlar haqidagi tasavvuri turlicha ekanidan darak bermoqda.
XS
SM
MD
LG