Линклар

logo-print
Aprel oyining boshida Toshkent shahri Mirzo-Ulug‘bek tumanining TTZ-2 va Feruza massivlarida yana ikki qariya ayol o‘ldirilib, uylari tunab ketildi. Mirzo-Ulug‘bek IIBdan olingan ma‘lumotga ko‘ra, qotilliklarda gumonlanayotgan ikki shaxs hibsga olingan.

Bir tumanda ikki qotillik


Mirzo-Ulug‘bek tuman Ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan xodimi tumanda ikkita qotillik bo‘lganini Ozodlikka tasdiqladi.

“Aprel boshida bo‘ldi ikki qotillik ham. Biri tumanning TTZ-2 massivining Ahillik mahallasidagi 18-domda, bozorning shundoq yonidagi domda sodir bo‘ldi. Yana biri Feruza massivida bo‘ldi. Ikkita qotillik bo‘yicha ham gumonlanuvchi shaxslar ushlandi. Hozir tergov-surishtiruv ishlari ketayapti. Lekin qotillar bandasi qo‘lga olinmadi”, dedi militsiya xodimi.

Suhbatdosh tergov ketayotgani bois qotillik holatlari bo‘yicha boshqa tafsilotlarni ochiqlay olmasligini bildirdi.

Ushbu qotillik haqida ma‘lumot bergan Uznews.net xabariga ko‘ra, 63 yashar Lyudmila Proskuryakova va 86 yashar Lyubov Odilovalar o‘z kvartiralarida bo‘g‘ib o‘ldirilgan holatda topilgan.

Sayt o‘z manbalariga tayanib yoyinlagan ma‘lumotga ko‘ra, Proskuryakovaning o‘limida uning 18 yoshli nabirasi Ilьya, Odilovaning o‘limida esa uy-joy mulkdorlari shirkati (avvalgi JEK)ning sobiq xodimi Ismoil ismli shaxs gumonlanmoqda.

Angelina Lisova: voqeani eslashni xohlamayman


Talonchi qotillardan jabr ko‘rganlardan biri, Toshkent viloyati Chirchiq shahrida yashovchi 84 yashar Angelina Lisova.

Angelina Lisova Ozodlik bilan suhbatda tunash voqeasiga biroz to‘xtaldi.

- 4 aprel kuni edi. Ertalab edi. Men Lyubov Petrovnanikiga chiqib, dori olib keldim. Keyin ular kelishdi... Yo‘q, gapira olmayman... Militsiyaga necha marta gapirib berdim... Yo‘q, xohlayman eslashni. Meni to‘g‘ri tushuning, eslasam yuragim og‘riydi, dedi Angelina Lisova.

Chirchiq shahar "Mahalla" jamg‘armasi faollariga ko‘ra, talonchilar Angelina Lisovaning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, uyidagi bor pulini o‘g‘irlab ketishgan.

Chirchiq shahar IIB xodimlari ushbu talonchilik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilib, jinoyatchilar qidirilayotganini aytishdi.

O‘quvchilar ham qotillikka qarshi kurashga jalb qilindi


Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, so‘nggi olti oy mobaynida Toshkent shahrida yolg‘iz pensionerlarni tunash va o‘ldirish holatlari soni yigirmadan oshgan.

Ismini oshkor qilmayotganimiz manbaga ko‘ra, Toshkentda yolg‘iz qariyalarni tunash holatlari dastlab 2011 yilning boshida qayd qilingan.

“Boshida jinoyatchilar yolg‘iz qariyalarni uyiga kirgach, ularni qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, uyidagi bor-budini o‘g‘irlab ketishgan. O‘tgan yilning oxirlaridan boshlab, jinoyatchilar o‘g‘irlikdan tashqari qariyalarni o‘ldirgan holatlari ham ko‘paya boshlagan”, dedi Toshkent shahar IIBdagi manba.

Toshkent shahar hokimligidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, qotillik ko‘lami oshayotgani ortidan mahallada yolg‘iz qariyalarning holidan xabar olish uchun maxsus guruhlar tashkil qilingan.

Jumladan, Toshkent shahridagi kollej o‘quvchilari ham yolg‘iz qariyalar holidan xabar olib turish ishlariga jalb qilindi.

Poytaxtdagi kollejlardan birining ismini oshkor qilmayotganimiz mas‘ul xodimiga ko‘ra, faol o‘quvchilar qariyalar uyida navbatchilik qilishadi.

- Faol o‘quvchilardan guruhlar tuzganmiz. yolg‘iz qariyalarga qo‘limizdan kelgancha Xudoga shukur yordam berayapmiz. Shu masalada borib, hol-ahvol so‘rab kelamiz. Tinchmi, tinch emasmi xabarini olamiz, o‘zimizning telefon nomerimizni qoldiramiz. Uyiga borib¸ hol-ahvol so‘rab, 2-3 soat o‘tirib, suhbatlashib kelamiz. Endi bizlar nochnoyga smena qila olmaymiz. Bilasiz, har bitta o‘quvchining ota-onasi bor. Haqqimiz yo‘q unaqa narsaga. Bizlar faqat o‘quvchilarni yubormaymiz. Har bittasi bilan guruh rahbari, jamoa sardori yoki ishlab chiqarish ustasi bor yoki Kamolot yoshlar ijtimoiy harakati yetakchisini yuboramiz, dedi kollej mas‘uli.

Mahalla faollari targ‘ibotni kuchaytirdi


Shahardagi “Bo‘ston” mahallasida ham uch nafar yolg‘iz qariya yashaydi. Ismini tanishtirmagan mahalla faoliga ko‘ra, qotillik bilan bog‘liq voqealar ortidan mahallada yolg‘iz qariyalarning holidan xabar olish uchun maxsus qizlar guruhi tashkil qilingan.

- “Qizlar davrasi” guruh qizlarimiz bor. Qizlarni ikkita-ikkitadan yolg‘iz qariyalar xonadonlariga biriktirganmiz. Ular o‘sha xonadonlarga borib, ularning holidan xabar olib turishibdi, dedi “Bo‘ston” mahallasi faoli.

Mirzo-Ulug‘bek tumanidagi “Mahalla” jamg‘armasining o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, yolg‘iz qariyalar xavfsizligi borasida deyarli barcha davlat tashkilotlari ishlayapti.

- Xalq bilan gaplashilayapti, qariyalar bilan ham. Oldi olinayapti. Gazdan keldim, u-bu desa ochmanglar, uchastka noziri kelsin keyin ochinglar, deyapmiz bizlar. Hujjatini ko‘rsatsa ham ochishga qo‘rqib qolishdi hozir. Raygaz, boshqa deb kelish qiyin emasda. Qariyalar tushunmaydiyu. Hozir ichki ishlar xodimlari yurishibdi uyma uy. Mahalla yuribdi, maslahatchilar yuribdi. Mahalla, maslahatchilar hamma xonadonga kirib chiqishayapti hozir. “Kamolotchilar” ham jalb qilingan. Kollejdagilar jalb qilindi. Ancha odam jalb qilingan hozir, dedi “Mahalla” jamg‘armasi xodimi.

Qotillarni topganga “Malibu” bor?


Toshkent ko‘chalariga yopishtirilgan qidiruv e‘lonlarida gumondor shaxslar haqida militsiyaga xabar bergan shaxsga 5 million so‘m mukofot puli va‘da qilingan.

Ozodlikka email orqali yozgan toshkentlik manbaga ko‘ra, yolg‘iz qariyalarning qotillarini qidirish ishlarini shaxsan Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev o‘z nazoratiga olgan.

“Shavkat Mirziyoyev qotillarni topganga bitta “Malibu” mashinasi bilan Toshkentdan uy berarmish” degan gap tarqaldi", deya yozdi manbamiz.

Toshkentdagi militsiya xodimlari qotillarni topishga ko‘maklashgan shaxsga pul mukofoti borligini tasdiqlashdi. Biroq Bosh vazirning mukofoti borasida bexabarligini aytishdi. Ayni paytda, ushbu qotilliklar yuqori tashkilotlar nazoratida ekanini bildirishdi.

"Qotillar-soxta kommunalchilar"


Toshkent militsiyasi ma‘lumotiga ko‘ra, yolg‘iz qariyalarni o‘ldirishda qotillar soxta kommunalchilar niqobidan foydalanmoqda.

Poytaxtning Uchtepa tumanidagi uy-joy mulkdorlari shirkat (avvalgi JEK)lardan birining xodimi ismini ochiqlamaslik va ovozini yozib olmaslik sharti bilan aytishicha, yolg‘iz qariyalar bilan bog‘liq qotilliklar ortidan shirkat xodimlari ham militsiyaga chaqirilgan.

"Kommunalchi" suhbatdoshga ko‘ra, shahardagi uy-joy mulkdorlari shirkatlarida ishlovchi xodimlarning militsiya bo‘limlarida barmoq izlari olingan.

Yolg‘iz qariyalarni o‘ldirish va tunash voqealari bo‘yicha tekshiruvni Toshkent shahar prokuraturasi olib bormoqda.

Shu kunlarda Toshkent shahridagi har bir mahalla, har bir ko‘chada yolg‘iz qariyalarning qotillari, deb gumon qilingan shaxslarning fotorobotlari aks etgan qidiruv e‘lonlarini uchratish mumkin.

Toshkent shahar IIBdan olingan ma‘lumotga ko‘ra, hozircha qidiruv e‘lonlaridan biror natija chiqmagan, qotillar hanuz ochiqda qolmoqda.

Qotillarni qidirish ishlari MXX, prokuratura va militsiya xodimlari hamkorligida olib borilmoqda.

Joriy yilning 17 fevral kuni Toshkent shahrining Mirobod tumani "Tong nuri" mahallasida yashovchi 91 yoshli Hakima Avloniy ham o‘z uyida noma‘lum shaxslar tomonidan o‘ldirib ketilgan edi.
XS
SM
MD
LG