Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:22

Suriyadagi urushga qirg‘izistonliklar ham jalb etilmoqda


O‘sh va Botken viloyatlarida yoshlarni yollab, Suriyaga urushga olib ketishmoqda. Bu haqda 17 aprel kuni Qirg‘iziston parlamenti deputati Dastan Jumabekov parlament sessiyasi chog‘ida ma‘lum qildi. Unga ko‘ra, Suriyaga olib ketilayotgan yoshlar masjidlarda yollanmoqda.

Deputat Dastan Jumabekovning aytishicha, O‘sh viloyatining Aravon tumani va Botken viloyatining Qizilqiya shahridan o‘ndan ortiq yosh yigitlar Suriyaga yollanma askar qatorida olib ketilgan.

-Deputat O‘mur Bakirovga Aravon va Qizilqiyadan bir qator ota-onalar murojaat qilishibdi. Ota-onalarning aytishlaricha, ularga “Rossiyaga ketayapmiz”, deb uydan chiqib ketgan farzandlari Istanbuldan telefon qilishgan va “bizdan rozi bo‘linglar, biz Suriyaga urishga ketayapmiz”, deb aytishgan. O‘murbek Bakirov bugun ertalab o‘z yonidan harajat qilib, ota-onalarning vakillari bilan Istanbulga uchib ketdi, - dedi Dastan Jumabekov.

Deputatning aytishicha, Suriyaga urushga ketgan qizilqiyalik va aravonliklar soni 15 kishiga yaqin. Biroq mustaqil manbalardan hozircha Suriyaga faqat Qizilqiyadangina yosh yigitlar olib ketilganini tasdiqlatish imkoniyati bo‘ldi xolos. Aravon tumanidan esa Suriyaga ketganlar haqidagi ma‘lumot hozircha tasdiqlangani yo‘q.

Qizilqiya shahar kengashi deputati Muxtor Mirqodirov Suriyaga ketganlar haqida shahar hokimiyatida ham gap-so‘zlar bo‘layotganini aytdi:

-Hokimiyatda qizilqiyalik 20 yigit Suriyaga urushga ketgani haqida gap bo‘layapti. Aytishlaricha, ularning ko‘pchiligi uylangan, bola-chaqali odamlar. Ular ketishdan oldin xotinlaridan rizolik olib, bizdan rozi bo‘linglar, deb ketishgan ekan, - dedi Muxtor Mirqodirov.

Qirg‘iziston Din ishlari bo‘yicha davlat agentligining diniy tashkilotlar va xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Mambetbek Mirzabayev bundan ikki kun oldin Suriyaga ketgan yigitlarning ota-onalari ularga murojaat qilgani haqida ma‘lumot berdi. Uning aytishicha, Qizilqiyadan Suriyaga "jihod qilish uchun" otlangan 7 kishining shaxsi aniqlangan.

-Menga hozir yetti yigitning ismi-sharifi ma‘lum bo‘ldi. Ularning biri 1977, yana biri 1978, ikki nafari 1985, bittasi 1984, yana bittasi 1987, eng yoshi esa 1994 yilda tug‘ilgan. Ular mart oyining 20-kunidan boshlab bir necha kun oralig‘ida Turkiyaga chiqib ketishgan. Turkiya orqali ular Suriyaga o‘tishni rejalashtirishgan, -dedi Mambetbek Mirzabayev.

Rasmiylar Suriyaga ketayotgan yigitlar masjidlarda yollanayotganini aytishmoqda. Biroq Qirg‘iziston muftiyati bunday bildiruvlarni “mas‘uliyatsiz bayonot” lar sifatida baholadi. Muftiyat matbuot kotibi Joro Shergaziyev “Ozodlik” radiosiga bergan suhbatida bu kabi qarorlarni har kim o‘zi ongli ravishda qabul qilishini va bu ishda masjidlarni ayblash jiddiy xatolik bo‘lishini ta‘kidladi.

Rasmiy Bishkek qizilqiyalik yigitlar qaysi oqim yoki tashkilot ta‘siri bilan Suriyaga yo‘l olgani ham noma‘lum ekanini aytmoqda.

Qirg‘izistonning Istanbuldagi konsuliligining “Ozodlik” radiosiga bildirishicha, ayni paytda parlament deputati O‘mur Bakirov ikki nafar ota-ona bilan Turkiyaga yetib kelgan va Suriyaga “jihod”ga ketganini bildirgan yigitlarni qidirish ishlari rasman boshlandi.

Turkiyaning Istanbul shahri turg‘uni, Istanbulga keluvchi muxojirlarning hujjatlarini rasmiylashtirish bilan shug‘ullanuvchi Muhammad Umarning aytishicha, keyingi paytda Turkiya orqali Suriyaga borib “musulmonlarga qilinayotgan zulm”ga qarshi jihod qilmoqchi bo‘lgan markaziy osiyoliklar soni ko‘payib bormoqda.

-Dunyoning turli burchaklaridan “zulmga qarshi kurash” uchun degan shior bilan ko‘p musulmonlar keladi. Ular Turkiya orqali Suriyaga o‘tishga harakat qilishadi. Mening kasbim bevosita odamlar bilan ishlash bo‘lgani uchun ham, ular bilan ko‘p uchrashaman, ko‘p gaplashaman. Bir hafta oldin yoshi 20-30 yoshlar atrofida bo‘lgan qirg‘izistonlik uch yigit bilan masjidda tanishdim. Ular ham Suriyaga ketishni maqsad qilganlardan ekan. Bunday holatlar juda ko‘p uchraydi. Ammo bu odamlarning qanchasi Suriyaga o‘tishga muvaffaq bo‘lganini bilmayman, - dedi Muhammad Umar.

Suhbatdoshimiz "Siz suhbatlashgan odamlar pulga yollangani yoki ularga katta pul va‘da qilingani haqida gapirishganmi?” degan savolimizga “Bu masalaga men qiziqqan emasman”, deb javob berdi.

“Arab bahori” to‘lqini ta‘sirida Suriyada hukumat va isyonchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlangan edi. Suriyada deyarli ikki yildan beri davom etayotgan nizolashuvda, BMT ma‘lumotida aytilishicha, 70 mingdan ko‘proq odam halok bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG