Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:36

Suriyaga ketgan qirg‘izistonliklarni qidirish rasman boshlandi


Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Suriyaga “jihodga” ketgani aytilayotgan o‘ndan ortiq qizilqiyaliklarni qidirib topish va vataniga qaytarishga ko‘maklashish iltimosi bilan Turkiya hukumatiga diplomatik kanallar orqali murojaat jo‘natdi.

Hozirgi paytda Turkiya Ichki ishlar vazirligi, Chegara va xavfsizlik xizmatlari qirg‘izistonliklarni qidirish ishlarini boshlagani aytilmoqda. Ma‘lumotda Turkiyaning Suriya bilan chegaradosh hududlarida qidiruv ishlari kuchaytirilgan tartibda olib borilayotgani aytiladi.

- Suriyaga ketganlar masalasida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlarni tezlik bilan bajardik. Bugungi kunda Turkiyaning tegishli tuzilmalari bilan tig‘iz hamkorlikda ishlayapmiz. Turkiya tomoni Suriya bilan chegaradosh hududlarda qirg‘izistonliklarni qidirish amaliyoti olib borilayotganini bildirdi. Bu voqea xalqaro janjalga aylanib ketishi mumkin. Shuning uchun bu masalada Turkiya va Qirg‘iziston juda qattiq ish olib borayapti. Qidiruv ishlari haqida Turkiya tomoni bizga har soatda ma‘lumot berib turibdi, -dedi Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi stats-kotibi Asein Isayev.

Shu bilan bir qatorda Qirg‘iziston huquq-tartibot tuzilmalari qizilqiyalik fuqarolarni Suriyaga “jihod”ga borishga yollagan yoki da‘vat qilgan shaxslarni aniqlash yuzasidan ish boshladi.

- Kim, qaysi yerdan, nima uchun va qanday sabab bilan Suriyaga ketganini aniqlash yuzasidan operativ ishlar olib borilmoqda. Hozir bu ishni uyushtirishda ishtirok etgani gumonlanayotgan tomon bo‘yicha ma‘lumotlar paydo bo‘ldi. Bu ma‘lumotlarni o‘rganish jarayonini boshladik, -dedi Qirg‘iziston ichki ishlar vazirligining 10-bosh boshqarmasi rahbari Taalaybek Akbayev.

17 aprel kuni Qirg‘iziston parlamenti deputati Dastan Jumabekov Botken viloyatining Qizilqiya shahri va O‘sh viloyatining Aravon tumanidan yosh yigitlar Suriyadagi urushga yollanayotgani haqida bayonot bergan edi. Deputatga ko‘ra, Suriyaga urushga ketgan qizilqiyalik va aravonliklar soni 15 kishiga yaqin. Mustaqil manbalar esa Suriyaga faqat Qizilqiya shahridan 20 ga yaqin odam ketganini bildirgan. Aravon tumanidan esa Suriyaga ketganlar haqidagi ma‘lumot tasdiqlangani yo‘q.

Qirg‘iziston Din ishlari bo‘yicha davlat agentligi Suriyaga ketganlardan 7 nafarining shaxsi aniqlangani, ularning eng yoshi 18 da, eng kattasi 36 yoshda ekaninini bildirgan. Ular uylaridan “Rossiyaga ishlagani ketayapmiz”, deb chiqib ketishgan va bir necha kun o‘tgach Turkiyaning Istanbul shahridan uylariga sim qoqishib, Suriyaga "jihodga ketayotgani"ni aytishgan.

“Arab bahori” to‘lqini ta‘sirida Suriyada hukumat va isyonchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlangan edi. Suriyada deyarli ikki yildan beri davom etayotgan nizolashuvda, BMT ma‘lumotida aytilishicha, 70 mingdan ko‘proq odam halok bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG