Линклар

logo-print

Koson qamog‘ida o‘lgan qirg‘izistonlikka g‘oyibona janoza o‘qildi


Marhum Habibulla Omonovning Qirg‘iziston O‘sh shahridagi xonadonida o‘tgan janoza marosimiga namozxonlar kela boshlagan kezda olingan fotosurat.

Marhum Habibulla Omonovning Qirg‘iziston O‘sh shahridagi xonadonida o‘tgan janoza marosimiga namozxonlar kela boshlagan kezda olingan fotosurat.

O‘zbekiston sudi tomonidan 1999 yilda Hizbut Tahrir diniy oqimiga aloqadorlik va O‘zbekistonda konstitutsion tuzumga tajovuzda ayblanib, 14 yilga qamalgan qirg‘izistonlik Habibullo Omonov Koson qamog‘ida vafot etdi. Yaqinlari ulardan beruxsat Kosonda dafn etilgan Omonovning qabrini qidirmoqda.

Qirg‘izistonning Qorasuv shahridan Ozodlikka bog‘langan va ismi sir qolishini so‘ragan manba 14 yildan buyon O‘zbekiston qamoqxonasida saqlanayotgan Habibullo Omonov qamoqxonada vafot etgani haqida xabar qildi.

Unga ko‘ra, 4 aprel kuni vafot etgani aytilgan marhumning jasadi yaqinlariga xabar qilinmagan holda Koson shahridagi qabristonlardan biriga ko‘mib yuborilgan.

Ozodlik muxbiri bu xabar ortidan Habibulla Omonovning qizi - Zulfiya Omonova bilan bog‘landi.

- 11 aprel kuni telegrafdan telegramma berishdi. Unda dadamning 4 aprel kuni yurak xurujidan vafot etgani aytilgan ekan. Keyin biz borsak, ko‘mvorishibdi dadamni. "Sizlarga o‘ldi, deb telegramma jo‘natgan edik, kelmadinglarku?" deyishdi. Biz esa hech qanaqa xabar olmagan edik, deydi Zulfiya.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kosondagi qamoqxona xodimlari, go‘yoki, Omonovning yaqinlarini kutishgan va ular kelmagach, O‘zbekiston qonunlari asosida marhumni shahardagi qabristonga dafn qilgan.

- Kosondagi ruslar qabristoniga ko‘mishganmish. U yerda bir qabrni ko‘rsatishdi. Mening otam u yerga ko‘milganiga men ishonmayman, shuning uchun prokuraturadan qabrni ochishni so‘radik. Lekin, ular ruxsat berishmadi, dedi Zulfiya.

Otasi g‘oyib bo‘lgan va keyinchalik daragi O‘zbekistondan chiqqan 1999 yilda Zulfiya 5 yoshda edi.

- Onam, men va ukam qolganmiz. Boquvchimiz yo‘q, himoyachimiz yo‘q. Otamni himoya qilamiz, deb qancha yugurdik. Keyin qamoqxonaga ko‘rgani boramiz, deb sovuqlarda qancha qiynalganmiz, ehheye... Endi esa yurak xurujidan o‘ldi, deb yolg‘on aytishyapti. Otam muttasil qiynoqlarga solingan va har gal uning tanasidagi qiynoq izlaridan qilgan shikoyatlarimiz javobsiz qolgan, deya da‘vo qildi Zulfiya.

Omonovlar oilasi marhumning jasadini topish va Qirg‘izistonga olib ketishga ruxsat olish uchun qattiq uringani, ammo bunga muvaffaq bo‘lmay, ortga qaytganini aytmoqda.

Shundan so‘ng, 18 aprel kuni O‘sh shahrida musulmonlar Omonovga g‘oyibona janoza namozini o‘qishgan.qori

“U kishi qamoqda vafot etgan. Keyin yaqinlariga aytmasdan, uni o‘sha Kosondagi zonaning yaqinidagi qabristonga ko‘mib yuborishibdi. Oilasi endi juda qiyin ahvolda qoldi. Bugun biz o‘sha birodarimizga g‘oyibona janoza namozini o‘qidik. Vallohia‘lam, 5 mingga yaqin odam keldi”, dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda janozaga yig‘ilgan olomonning ko‘pligidan hayratini yashirmagan qorasuvlik manba.

Janoza namoziga imomlik qilgan qorasuvlik taniqli imom Rashod qori Kamolov o‘z faoliyati davomida bu qadar jamoat yig‘ilgan g‘oyibona janoza namoziga ilk bor guvoh bo‘lganini aytdi.

- Men o‘zim ham hayron bo‘ldim. Juda ko‘p odam yig‘ildi namozga. Shunaqa namoz bo‘ladi, deb e‘lon ham berilmagan edi. Men o‘zi u kishini tanimasdim. U kishini hattoki, Hizbut Tahrining a‘zosi bo‘lgan, ham deyishdi. Lekin, biz uchun u kishining musulmon ekani kifoya, biz zimmamizdagi vazifamizni ado etdik, dedi Rashod qori Kamolov.

Rashod qori O‘zbekiston qamog‘ida vafot etgan Habibulla Omonovni namozga yig‘ilganlarning aksariyati ham tanimasligi, qorasuvlik olomonni junbushga solgan jihat – hamshahar musulmonning o‘zbek qamog‘ida noma‘lum sabablar ostida vafot etishiyu, so‘ngra uning olis Kosondagi ruslar qabristoniga dafn etilishi haqidagi xabar bo‘lgan.

Bu holni otasi hamda Omonovlar oilasiga nisbatan "haqorat, zulm" sifatida qoralagan Zulfiya Omonova bundan buyon Omonovlar oilasi Habibulla Omonovning jasadini O‘zbekistondan Qirg‘izistonga olib kelish uchun astoydil harakat qilishini aytdi.

Ammo, Omonovlar oilasi ham, qorasuvlik dindorlar ham Habibulla Omonovning 14 yil muqaddam sirli tarzda O‘zbekistonning Andijon viloyati, Xo‘jaobod tumani Ichki ishlar bo‘limida paydo bo‘lib qolish sabablaridan hanuz bexabar ekanini aytdi.

- Biz haligacha bilmaymiz, nega endi aynan mening otam o‘g‘irlab ketilganu, ekstremist deb qamavorilganini. Hech kim bizga tushuntirmagan, aytamagan. Qirg‘iziston hukumati ham o‘zining fuqarosini nega himoya qilolmadi, hammasi bizga qorong‘u qoldi, deydi Zulfiya.

Zulfiya Omonova o‘z oilasi shu vaqtga qadar qanday uringan bo‘lsa, bundan buyon ham marhum otasining jasadini topish va uning toptalgan haqlarini tiklash uchun kurashni davom ettirajagini aytdi.
XS
SM
MD
LG