Линклар

logo-print
Evril Turon adabiy taxallusi bilan mashhur o‘zbek yozuvchisi Mamadali Mahmudov 14 yillik qamoq jazosini o‘tab bo‘lishi ortidan juma kuni ozod etilgan.Ozod etilgan yozuvchining salomatligi yomonlashgani aytilmoqda.

Taniqli o‘zbek yozuvchisi Mamadali Mahmudov ozodlikka chiqarilgani haqda dastlab Frantsiyadagi Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti xabar berdi.

– Mamadali Mahmudov 19 aprel kuni kechqurun yettilarda uyiga kirib keldi. Uni o‘g‘li qarshi oldi. Nevaralarini birinchi marta ko‘rdi, - deb yozdi tashkilot rahbari Nadejda Otayeva o‘z blogida.

Yozuvchining Toshkent turmasidan ozodlikka chiqarilganini muxolifat faoli Dilorom Ishoqova ham tasdiqladi.

- Ko‘rinishidan Mamadali akanining sog‘ligi yaxshi emas, juda ozg‘in, kichginagina bo‘lib qolibdilar. Ko‘zi yaxshi ko‘rmaydi,hassaga tayanib yuradi - dedi kecha yozuvchini ko‘rgan Dilorom Ishoqova.

Hozircha yozuvchining o‘zi bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi. Mamadali Mahmudovning rafiqasi Gulsara opa Ozodlik bilan suhbatda: - Eson-omon chiqib oldilar, hozir uyda, dam olyaptilar. Hammamiz hursandmiz, chiqqanlaridan, - dedi.

Evril Turon adabiy taxallusi bilan mashhur Mahmudov 1999 yilda Toshkentda yuz bergan portlashlarga aloqadorlikda ayblanib, 14 yillik qamoq jazosiga hukm etilgandi.

U so‘nggi yillarda Chirchiqdagi koloniyada jazo muddatini o‘tayotgandi. Fevral oyida yozuvchining Toshkent turmasiga olib o‘tilgani ma‘lum bo‘ldi.

Yozuvchining ozod etilishi ko‘pchilik uchun, jumladan oilasiga ham kutilmagan xol bo‘ldi.

- Kecha kechqurun kutilmaganda uyga kirib keldilar. Hammamiz buni kutmagan edik, - dedi Gulsara opa.

Yoshi 73 ga yaqinlashib qolgan Mamadali Mahmudov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 221 - moddasi - "Jazoni ijro etish muassasi ma‘muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik" da aybdor deb topilgani va uch yillik muddat qo‘shib berilgani aytilgandi.

Fevral oyida Mahmudovning qizi Toshturmaga so‘roqlab borganida, otasiga qarshi yangi jinoiy ish qo‘zg‘atilgani ma‘lum qilingan edi.

Qo‘ng‘iroqdan qo‘ng‘iroqqacha


Mamadali Mahmudov 14 yildan ortiq vaqt davomida xalqaro hisobotlarda eng daxshatli deb ataluvchi o‘zbek qamoqxonalarida jazo muddatini o‘tadi.

Bu davr ichida uning qiynoqqa solingani haqda ko‘p bora aytildi.

Sovet davrida "O‘lmas qoyalar" nomli romani bilan tanilgan adib mustaqillik yillarida muxolifatdagi "Erk" demokratik partiyasi va uning rahbari Muhammad Solih bilan aloqalari uchun ozodlikdan mahrum etilguniga qadar ham ikki marta qamoqqa tashlangan.

Qamoqxonada adibning sog‘ligi yomonlashgani haqida bir necha marta xabar qilingandi.

O‘tgan yil noyabrida yozuvchini qamoqxonada borib ko‘rgan qizi uning boshida chuqur yara borligini aytgan, bu esa 72 yoshli adib qiynoqqa solinayotgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni uyg‘otgan edi.

Hozir yozuvchining hassaga tayanib yurishi aytiladi. Xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotlari va ijodiy jamoatchilik Mamadali Mahmudovni ozod qilish talabi bilan ko‘p bor O‘zbekiston hukumatiga murojaat qilishgandi.

O‘g‘irlangan 14 yil


Nyu Yorkdagi Xьyuman Rayts Uotch xalqaro inson huquqlari tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov Ozodlik bilan suhbatda Mamadali Mahmudov haqsizlik qurboni bo‘lganini aytadi.

- Mamadali Mahmudov hayotining 14 yili o‘g‘irlandi. Hayotining 14 yilini u eng daxshatli o‘zbek qamoqxonasida kechirdi. Qamoqda kechirgan har bir kun aslida unga nisbatan adolatsizlik edi, - deydi Sverdlov.

Hozir Mahmudovning qanday vaziyatda ozod etilgani ma‘lum emas. Xьyuman rayts uotch vakili Stiv Sverdlov yozuvchidan barcha ayblovlar olib tashlanishi kerak, deb hisoblaydi.

- Sababi bu ayblovlar mutlaqo siyosiy va asossiz ayblovlar edi. Mamadali Mahmudov yoshi bir joyga yetib qolganda qamoqdan chiqarilyapti, - deydi Sverdlov.

Mamadali Mahmudrvning ozod etilishi AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Robert Bleyk tashrifi arafasida ro‘y bermoqda.

22-26 aprel kunlari janob Bleyk O‘zbekiston va Qozog‘istonga safar qiladi.

- Janob Bleyk O‘zbekistondagi muzoakaralar payti boshqa maxbuslarning ham ozod etilishi masalasini ko‘tarishi kerak, - deydi Sverdov.

Hozir O‘zbekiston qamoqxonalarida kamida o‘n nafar huquq faoli va jurnalist bor.

Solijon Abdurahmonov, A‘zam Farmonov, Nozim Isoqov, G‘aybullo Jalilov, Abdurasul Xudoynazarov, G‘anixon Mamatxonov, Yo‘ldosh Rasulov, Dilmurod Saidov, A‘zam Turg‘unov kabi jurnalist va huquq himoyachilari shular jumlasidan.

O‘n uch yillik qamoq jazosini o‘tab, o‘tgan yil fevral oyida ozodlikka chiqishi kerak bo‘lgan 58 yoshli siyosiy mahbus Muhammad Bekjonning jazo muddati bir yil avval 4 yil 8 oyga uzaytirildi.

Jurnalist Yusuf Ro‘zimurodov ham sog‘lig‘i yomonlashganiga qaramay, 14 yildan buyon qamoqda qolmoqda.
XS
SM
MD
LG