Линклар

logo-print

Alisher Usmonov Britaniya va Irlandiya boylarini ortda qoldirdi


Alisher Usmonov (chapda) o'sha davrda Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev bilan. 22 noyabr 2011 yil.

Alisher Usmonov (chapda) o'sha davrda Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev bilan. 22 noyabr 2011 yil.

Rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov The Sunday Times nashri har yili e‘lon qiladigan Buyuk Britaniya va Irlandiyadagi eng boy shaxslar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi. O‘tgan yili u bu ro‘yxatda ikkinchi o‘ringa qo‘yilgan edi.

“Metalloinvest” metall-ma‘dan shirkati sohibi, Angliyaning Arsenal futbol jamoasi aktsiyalarining 30 foiziga ega bo‘lgan 59 yashar Alisher Usmonovning mulklari 20,3 milliard AQSh dollariga teng, deb baholandi.

Britaniyadagi The Independent nashriga ko‘ra, London shimolida Alisher Usmonovning 73 million dollarlik saroyi bor.

Ayni paytda Alisher Usmonov Internetdagi Mail.ru va MegaFon uyali aloqa shirkatlarining aktsiyalariga ham ega.

Britaniya va Irlandiyadagi eng boy shaxslar ro‘yxatda Usmonovdan keyin ikkinchi o‘rinni Music Warner shirkati sohibi va o‘tgan oy TNK-BP neft shirkatidagi o‘z aktsiyalarini ikki milliard dollarga sotgan rossiyalik Len Blavatnik egallagan.

Uning mulki 16 yarim milliard dollardan oshiqroq, deb baxolangan.

O‘tgan yil Britaniyadagi eng badavlat shaxslar ro‘yxatida to‘rtinchi o‘ringa qo‘yilgan Sri va Gopi Hinduja bu yil ro‘yxatda uchinchi o‘ringa chiqdi.

Qarorgohi Londonda joylashgan Hinduja guruhi sohibining mulki 16 milliard dollardan ortiqroqqa baxolangan.

2012 yilgi ro‘yxatda birinchi o‘ringa qo‘yilgan Lakshmi Mittal va uning oilasi bu yilgi ro‘yxatda to‘rtinchi o‘rinni egallagan.

Metal biznesi bilan shug‘ullanuvchi Lakshmi Mittalning bu yil mulki qiymati 15 milliard dollardan ko‘proq, deb baholangan.

“Chelsi” futbol jamoasi sohibi rossiyalik oligarx Roman Abramovich ro‘yxatda beshinchi o‘rinni egallagan. Unga tegishli mulk 14,2 milliard dollar ekani aytiladi.

The Sunday Times nashriga ko‘ra Buyuk Britaniyadagi eng boy 200 nafar shaxsning mulki jami 485 milliard dollarni tashkil etadi.

The Independent nashriga ko‘ra, bu summa The Sunday Times 25 yil oldin ilk bor e‘lon qilgan eng boy shaxslar ro‘yxatidagi summaga nisbatan sakkiz barobar ko‘pdir.
XS
SM
MD
LG