Линклар

logo-print
AQSh hukumati rossiyalik tadbirkor va homiy, ba‘zi doiralarda kriminal avtoritet ekani aytiladigan Olimjon To‘xtaoxunovga nisbatan “pul yuvish”ga doir yangi ayblovlarni e‘lon qildi. "Tayvanchik" laqabi bilan tanilgan asli toshkentlik Olimjon To‘xtaoxunov Ozodlik bilan suhbatda bu iddaolarni to‘liq rad etib, amerikalik tergovchilarning har qanday savoliga javob berishga tayyor ekanini bildirdi.

O‘tgan seshanba kuni AQSh hukumati rossiyalik taniqli tadbirkor va homiy 64 yoshli Olimjon To‘xtaoxunovga pul yuvish, noqonuniy kazino biznesi va tovlamachilikka oid ayblovlarni sirtdan e‘lon qildi. Nyu York prokuraturasi “Tayvanchik” laqabi bilan tanilgan va ba‘zi doiralarda kriminal avtoritet deb ko‘riladigan To‘xtaoxunovni xalqaro uyushgan jinoyatchilik guruhini tuzganlik va unga rahbarlik qilganlikda ayblamoqda.

Bloomberg agentligiga ko‘ra, Nyu York, Los Anjeles, Detroyt va Filadelfiya shaharlarida bu ish doirasida 29 kishi qo‘lga olingan, yana besh kishi xalqaro qidiruvga berilgan. Politsiya asosan sobiq Sovet Ittifoqidan bo‘lgan ayblanuvchilar AQShga jami 100 million dollar miqdorida zarar keltirganini ma‘lum qildi.

Italiya qamog‘ining tutquni


Olimjon To‘xtaoxunov Ozodlik savollariga javob berib, bu ayblovlarni “ertak va amerikalik tergovchilarning alahsirashi”, deb atadi.

- Men u yerda bo‘lmagan bo‘lsam, qanday qilib bu ishni tashkillashtirishim mumkin? Menga figurali uchish ishi bo‘yicha allaqachon jinoiy ish ochilgan bo‘lsa, qanday qilib men jinoiy ishni tashkillashtira olaman? Bu o‘ydirmaku! To‘g‘ri, o‘sha ish bo‘yicha 30 tacha odamdan ikkitasini men haqiqatan taniyman. Ular mening kiyevlik tanishlarim, ularni Sovet davridan bilaman, buni inkor etayotganim yo‘q... Men sport o‘yinlariga pul tikaman - totalizator Rossiyada ta‘qiqlanmagan. Ularning nimanidir tashkillashtirish, reket to‘g‘risidagi ayblovlari g‘irt yolg‘onku!- deydi Olimjon To‘xtaoxunov.


Biznesmenning so‘zlariga ko‘ra, Amerika huquq-tartibot organlari uni 2002 yildan buyon qidirmoqda. O‘shanda AQShda To‘xtaoxunov Solt Leyk Sitidagi Qishki Olimpiya o‘yinlarida figurali uchish bo‘yicha musobaqa hakamlariga pora berishda ayblangan.

Amerika tergovchilariga ko‘ra, Olimjon To‘xtaoxunov Rossiya va Frantsiya sudyalari va sportchilari o‘rtasida vositachilik qilgan: go‘yo frantsuz hakami rossiyalik Yelena Berejnaya va Anton Sixarulidze duetiga ovoz bersa, rossiyalik hakamning frantsuzlar Marina Anisina va Gvendal Peyzerga ovoz berishi kelishilgan.

Olimjon To‘xtaxunov 2003 yilda bu ayblovlar bo‘yicha Italiyada hibsga olingani, biroq ayblovlar asossiz ekani bois Rossiyaga chiqarib yuborilganini aytadi.

- Meni o‘shanda “figurali uchish ishi” bo‘yicha qo‘lga olishgan. Meni biror marotaba amerikaliklar so‘roq qilmadiku! Men bir yil sizlarning qo‘lingizda edim, bir yil Italiya turmasida o‘tirdim. Biror marotaba so‘roq qilishmadi. “Sen mafiyami? Granata nimaga kerak, qurolni nima qilasan?”.. Men u ahmoqlarga “granat” – ruschasiga anor ekani, u yeyilishini tushuntirsam, ular “kishmishni” “gashish” deb o‘tiribdi. Lekin biror marotaba figurali uchish masalasida savol berilmadi. Marhamat, keling, Rossiya prokuraturasi bilan chaqiring – men har qanday savollarga va ayblovlarga javob berishga tayyorman. Qizig‘i, ayblovni ham bekor qilishmayapti,- deydi Olimjon To‘xtaoxunov.

Olimjon To‘xtaoxunov o‘shanda Italiyadan AQShga ekstraditsiya qilinganida, 25 yilga qamoqqa tashlanishi va 1,25 million dollar jarimaga tortilishi mumkin edi. Biroq, qariyb bir yillik taftishdan keyin, Italiya sudi rossiyalik tadbirkorning aybi yetarli isbotga ega bo‘lmagani bois uni ozodlikka chiqargan. O‘shanda AQSh rasmiylari unga sport hakamlariga pora berishdan tashqari, qurol savdosi va pul yuvishga oid yangi ayblovlarni e‘lon qildi.

Rossiyadan chiqa olmaydigan madaniyat homiysi


2003 yilning 23 iyulida Italiyadan Moskvaga uchib kelgan To‘xtaxunov 10 yildan buyon hech bir mamlakatga chiqa olmasligini aytadi Ozodlik bilan suhbatda.

- Men 10 yildan beri hech qayerga chiqa olmayman – Rossiyada o‘tiribman, chunki ular tinimsiz mana shunday uydirmalarni uylab topyapti. Ular meni nomimni bu ishga aralashtirib, uni butun dunyoga ovoza qilmoqchi. Allaqanday amerikaliklar noqonuniy qimor uyinida ayblanmoqda: mening bunga qanday aloqam bor?! Men ingliz tilini bilmasam, ular meni uyushgan jinoyatchilik, pul yuvish, yana allambalolarda ayblayapti. Men umrim davomida bunday ishlarga qarshi bo‘lganman... Men qonunlarni buzgan bo‘lsam, Rossiya huquq-tartibot organlari menga e‘tiroz bildirishi kerak. Men na Rossiya, na AQSh qonunlarini buzgan bo‘lsam, Amerikada pulim bo‘lmasa,- deydi biznesmen.

Suhbatimiz davomida 64 yoshli To‘xtaoxunov Rossiyada mayda-chuyda olib sotarlik biznesi bilan, Moskvadagi ko‘chmas mulki ijarasidan tushayotgan mablag‘ evaziga tirikchilik o‘tkazayotgani, Futbol veteranlari xayriya jamg‘armasini boshqarayotgani va bir qator sport va madaniyatga oid nashriyotlarni boshqarayotganini ma‘lum qildi. Shuningdek, biznesmen Rossiya kinosida turli rollarda ishtirok etayotganini ham aytdi.

Bundan ikki yil oldin Ozodlikka bergan videointervyusida, To‘xtaoxunov AQShning uchta kuch ishlatar idorasi - Federal Tergov Byurosi (FTB), Markaziy Razvedka Boshqarmasi (MRB) va Narkotiklarga Qarshi Kurash Boshqarmasi uch nafar rossiyalik - Doku Umarov, Semen Mogilevich va o‘zini dunyoning eng xavfli jinoyatchilari ro‘yxatiga kiritganini asossiz deb atagan edi.

"Amerikaliklarga katta shov-shuv kerak"


Nima sababdan AQSh hukumati uning shaxsiga bunchalik qiziqish bildirayotgani to‘g‘risidagi Olimjon To‘xtaoxunov bu ish amerikaliklarga “Rossiyaga qarshi shov-shuv ko‘tarish uchun” kerak, deb javob qaytardi.

- Agarda ular u yerda mening nomimdan foydalanib, Rossiyaga qarshi “mafiya ishini” ochmoqchi bo‘lsa, bu ularning muammosi. Meni aralashtirib nima qilishadi? Agar siz dunyoning istagan joyidagi odamni istagan yolg‘on ishlar bo‘yicha ayblashingiz mumkin bo‘lsa, qanaqasiga bu demokratiya, odil sud bo‘lishi mumkin? Qolaversa, bu ishni boshlagan prokuror Janubiy Manxettendan: aynan shu odam “figurali uchish ishi”ni olib borgan. U o‘zi “Magnitskiy ishi” bo‘yicha Rossiya qora ro‘yxatiga kiritilgan,- deya qo‘shimcha qiladi Olimjon To‘xtaoxunov.

Nyu York prokuraturasi tarqatgan ma‘lumotga ko‘ra, Olimjon To‘xtaoxunov aloqasi borligi aytilayotgan “uyushgan guruh”ni AQShda millati rus bo‘lgan uch aka-uka Vadim, Ilьya va Yevgeniy Trincherlar boshqargan. Bu ish yuzasidan, shuningdek, Nyu Yorkdagi mashhur rassomchilik galereyasining egasi Helli Nahmad ham javobgarlikka tortildi: u Nyu Yorkda mashhur sportchilar, Hollivud aktyorlari va Uoll-strit moliyachilari ishtirokida noqonuniy poker o‘yinlarini tashkillashtirishda ayblanmoqda.

Bu ish yuzasidan sirtdan ayblanayotgan Olimjon To‘xtaoxunovning aybi o‘z isbotini topsa, u 90 yillik qamoq jazosi va 1,75 million dollar jarimaga tortilishi mumkin. Biroq, Rossiya o‘z fuqarolarini boshqa mamlakatlarga berib yubormasligi Konstitutsiyada kafolatlangan.

Suhbatimiz so‘nggida, kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan Olimjon To‘xtaoxunov bu ish keyingi shov-shuvgacha sekin-asta bosdi-bosdi qilib yuborilishini aytadi.

- Men ishonamanki, ularni ertaga qo‘yib yuborishadi. Garov evazigami, boshqasigami – qo‘yib yuboradi, chunki shov-shuv o‘tdi. Ularga aynan shu navbatdagi g‘ala-g‘ovur kerak edi. Mana kuzatib turing – albatta qo‘yib yuborishadi ularni, deydi o‘ziga AQSh prokuraturasi tomonidan qo‘yilgan barcha ayblovlarni Ozodlik bilan suhbatda rad etgan Olimjon To‘xtaoxunov.

*********

Olimjon To‘xtaoxunov 1949 yilda Toshkentda tug‘ilgan. Yoshlikda “Paxtakor” futbol jamoasi dublida o‘ynagan. O‘sha yillari mashhur “alyuminiy qiroli” Mixail Chernoy va Rossiya tennis bo‘yicha terma jamoasi boshlig‘i Shamil Tarpishchevlar bilan tanishgan.

Sobiq Sovet Ittifoqining eng mashhur qimorbozlaridan bo‘lgan. “Rossiya futbol jamg‘armasi” prezidenti, hozirda yopilib ketgan “Metropol”, “Evropa”, “Osiyo” kazinolari xo‘jayini.

1999 yilda homiylik ishlari uchun “Muqaddas Konstantin ordeni” ritsari unvoniga sazovor bo‘lgan.

Ko‘plab Rossiya shou-biznesi vakillari – Iosif Kobzon, Alla Pugacheva, Sofiya Rotaru, Nikita Mixalkov, Darya Dontsova va boshqalar bilan do‘stlashgan.

Forbs jinoyatchilar ro‘yxatida beshinchi o‘ringa qo‘yilgan. AQSh FTBsi tomonidan qidirilayotgan o‘nta “eng xavfli jinoyatchilar” qatoridan o‘rin olgan.

Uylangan, to‘rt nafar farzandning otasi.
XS
SM
MD
LG