Линклар

logo-print
Toshkent viloyati Qibray tumani O‘nqo‘rg‘on qishlog‘i “Obod” mahallasi ahli Abdusattor Vahobovning uyiga o‘g‘irlikka tushgan shaxsni ushlab jazoladi. Ayni holat keyingi paytda Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida kuzatilayotgan kriminal hodisalar ko‘lami oshayotgani bois aholi orasida vahima va g‘azablanishning kuchayishiga oid holatlardan biridir xolos.

“O‘g‘ri bilan yoqalashdik”


Voqea joriy yilning 6 aprel kuni ertalab soat 10lar atrofida ro‘y bergan.

46 yashar Abdusattor Vahobov Ozodlik bilan suhbatda, o‘g‘irlikda gumonlangan shaxsning qanday vaziyatda qo‘lga olingani haqida gapirib berdi.

- Ertalab soat yettidan keyin chiqib ketganmiz. Bolamni bog‘chaga, ayolimni ishga tashlab, soat 9dan oshganda men uyga kelganman. Uyga kelib eshikni ochsam, shu bittasi yugurib qoldi. Juda baquvvat bola ekan. Bunaqa narsalarni bilgan. Kimdir kirib qolsa uraman, deb narsalarni tayyorlab qo‘ygan. Ushlab qolish harakatida “to‘xta” deganimni bilaman, bir urdi. Sal tegdi boshimga. Ikki urdi, qo‘limga tegdi. Uchinchi urganda, men ham tashlandimda unga... to‘g‘risini aytaman bir-birimizni o‘sha yerda urish bo‘ldi. Silovoy urish. Kichkina chiyabo‘ri ham sherning qafasida tirik qolay, chiqib ketay deb irillaganini ko‘rganmisiz kinoda? Xuddi shunaqa qilib u ham tashlandi menga. Juda bo‘lmasa u yer, bu yerimni tishlab qochib ketaman deb. Ana o‘sha mahalda qo‘lidagi bilan u yoqqa bu yoqqa maxat qilib turib bitta urganda meni ag‘dardi, deydi Vahobov.

Shundan keyin Abdusattor Vahobov qo‘shnilarni yordamga chaqirgan.

- Boshimni yorgan, o‘zimni zo‘rg‘a ushlab qolganman. Boshimning yorilganlari ketmagan, mana 15-16 kun bo‘ldi haliyam boshimda yoriqlar turibdi. Qo‘limning singan joylari bor... Qo‘ni-qo‘shnimga yotgan joyimda baqirdim. Zoir aka deb baqirdim yotgan joyimda. Yaxshi qo‘shnilarim uyida ekan. Men o‘zimni uydan eplab chiqqunimcha qo‘shnimning bolasi qabriston tomonga qochdi u odam, ko‘rdik uydan chiqib, dedi. O‘sha yugurgancha ketaverganman peshonamdan qonni oqizib, deya eslaydi Vahobov.

Abdusattor akaning aytishicha, sog‘ligi hanuz o‘nglanmagani uchun shifoxonaga yotishga majbur bo‘lgan.

Ozodlik muxbirining Abdusattor aka bilan telefon orqali suhbati ham u shifoxonada payti bo‘lib o‘tdi.

“O‘g‘rini mashinada sudrab keldim”


Suhbatdoshga ko‘ra, o‘g‘irlikda gumonlangan shaxs qo‘shnilar yordamida ushlangach, uni qo‘lini bog‘lab, mashinada uyga olib kelishgan.

- Qo‘ni-qo‘shni bilan 4-5 kishi bo‘lib ushladik, ho‘v, Gulistonning yo‘lida. 20-30ta xalq bo‘lgan kamida. Mashinaga solib olib kelganmiz. Haqiqatan to‘g‘risini aytaman, qo‘lini kanop ip bilan bog‘lab olib kelganman. Yarim yo‘lgacha mashinaning ichida keldi. Qarasam, suv ichib olay deyapti. O‘lib qolmasin, suv ichib olsin, dedik. Hansirab yotibdi. Suv ichaqol desam qochishga harakat qildi. Ana undan keyin mashinaga o‘tqazmadim. Bitta qo‘lim bilan ushlab olib keyin uni mashinada sudrab keldim.

Ozodlik: Mashinada sudraganda u yurib keldimi yoki yotib sudralgan holdami?

- Men ham birga keldimku. Birga yurib keldimku. Mashinani men haydamadim. Men u bilan birga yurib keldim. Narsamidi uni mashinada sudraysiz. Mashinaga o‘tirmagandan keyin men ham birga yurib keldimku. Qochishga harakat qilgan odamni boshimda ko‘tarib kelmaymanku, deydi suhbatdosh.

“Bizni uni qiynashda ayblashmoqda”


Vahobovning aytishicha, hozirda Qibray militsiyasi uni o‘g‘irlikda gumonlangan shaxsni urish va shafqatsiz qiynashda ayblamoqda.

- Qochayotganda qabristonda ushladik uni. Nimaga urding? Ming qochib ketsa ham, urib o‘ldirib ketsa ham ularga qonun-qoida bor edi. Qonun-qoidaga ko‘ra sening haqqing yo‘q edi. O‘sha yerda senlar uni nimaga sudrab kelding. Sen qiynagansan uni, haqqing yo‘q edi, to‘g‘ri olib kelib bizlarga topshirishing kerak edi. Ursa ham, urib o‘ldirib ketsa ham uni ushlab urish senga qonunda yo‘q. Bizlar qonunni ko‘ramiz, deb bular shunaqa deyishayapti, deydi Abdusattor Vahobov.

“Hamma aybni bo‘ynimga olaman”


Abdusattor Vahobovning aytishicha, voqea bo‘yicha qo‘shnilarini ham militsiya bo‘limiga bir necha marta chaqirib so‘roqqa tutgach, barcha “ayb”ni bo‘yniga olishga qaror qilgan.

- Mani aybim o‘g‘rini ushlaganim. Uni militsiyaga topshirmasdan qo‘yib yuborishim kerak ekan. Endi qo‘shnilarni ham tinch qo‘yishmayapti. Man hammasini bitta o‘zim qildim, deb bo‘ynimga olaman. Kecha “Man edim u yerda, hech kim yo‘q edi. Bir o‘zim qildim barchasini”, deb keldim, deydi Abdusattor Vahobov.

“Qahramonni jinoyatchiga chiqarishdi”


Ozodlik suhbatlashgan obodliklar o‘g‘irlikka tushgan shaxsni ushlanganini olqishlaydi.

“Shu paytgacha mahallamizda to‘qqizta o‘g‘irlik bo‘lgan. To‘qqiztasi ham ochilmagan. Vahobov yaxshi ish qildi. Lekin bir yomon tomoni o‘g‘rini ushlab, qahramon bo‘lishi kerak bo‘lgan odamni jinoyatchiga chiqarib qo‘yishdi. Bu adolatsizlik”, deydi “Obod” mahallasi faollaridan biri.

Qibray tuman ichki ishlar bo‘limidan ushbu voqea bo‘yicha biror ma‘lumot olish imkoni bo‘lmadi.


O‘g‘irlikka tushgan shaxslarni ushlab, sud hukmisiz fuqarolarning o‘zi jazolash voqeasi bo‘yicha boshqa holatlar ham Ozodlikka ma‘lum.

Keyingi paytda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida aholi kriminal hodisalar ko‘lami oshayotganidan vahimaga tushmoqda.

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, so‘nggi olti oy mobaynida Toshkent shahrida yolg‘iz pensionerlarni tunash va o‘ldirish holatlari soni yigirmadan oshgan.

Ayni paytda Toshkent militsiyasi uch yigitdan iborat pedofillar guruhini qidirmoqda. Pedofillar poytaxtda yosh bolalarni o‘g‘irlab, zo‘rlagani va ayrim holatlarda o‘ldirgani aytilayapti.

Toshkent militsiyasi ma‘lumotiga ko‘ra, keyingi olti oy mobaynida jinoyatchilarni qidirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli qidirish ishlari samara bermayapti.
XS
SM
MD
LG