Линклар

Janubiy Koreyada ishlash uchun ariza topshirgan qariyb 10 ming o‘zbekistonlik o‘rtasida koreys tili imtihonlari xavfsizlik choralari kuchaytirilgan sharoitda o‘tkazildi.

Koreya Inson resurslarini rivojlantirish xizmati ushbu imtixonlarni 20-21 aprel kunlari Toshkent, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida, 8 ta kollej binosida uyushtirdi. Ushbu imtihonlarga 18-39 yoshgacha bo‘lgan, muqaddam sudlanmagan va Koreyadan deportatsiya qilinmagan fuqarolar qo‘yildi.

Imtihon davomida nomzodlar koreys tili bo‘yicha test savollariga javob berishlari hamda og‘zaki imtihonlarni topshirishlari kerak.

O‘zbekiston tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi imtihon topshiruvchilardan uyali aloqa vositalari militsiya tomonidan olib qo‘yilishi haqida oldindan ogohlantirdi. Test davomida qoidalarga rioya qilmaganlar esa, imtihondan chiqarib yuborilib, 2 yil davomida bu testlarga yaqinlashtirilmasligi aytildi.

Agentlikka ko‘ra, hatto nomzodning testdan muvaffaqiyatli o‘tishi ham uning Koreya Respublikasiga ishga yuborilishini kafolatlamaydi.

Agar nomzod tibbiy ko‘rik bo‘yicha nosog‘lom deb topilsa yoki uning Koreyada noqonuniy bo‘lganligi aniqlansa, Koreyaga yuborilmaydi.

Agentlik veb-sahifasida joriy yilning 25-29 mart kunlari o‘tgan sinovlar asosida Koreyaga yo‘l olayotgan 300 ga yaqin o‘zbekistonlik ro‘yxati chop etilgan ulardan 3 nafari ayollardir.

“Imtihonga kirish igna teshigidan tuya kirganday bo‘ldi”, deydi o‘tgan dam olish kunlari Samarqand yuridik kollejida o‘tkazilgan imtihonda ishtirok etgan 33 yoshli Xurshid Ozodlik bilan suhbatda.

Xurshidning aytishicha, O‘zbekistondan Koreyaga borish istagida bo‘lganlar soni yildan yilgan ko‘payib bormoqda, bunga esa O‘zbekistonda ortib borayotgan ishsizlik sabab bo‘lmoqda.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, 2007 yildan buyon Koreya Respublikasining erkin ishga yollanish tizimi orqali 15 mingdan ziyod O‘zbekiston fuqarosi Koreyada ishga joylashgan.

XS
SM
MD
LG