Линклар

AQSh Davlat departamentiga ko‘ra, Qirg‘iziston janubida saqlanib qolayotgan etnik taranglik, shuningdek, “barcha demografik guruhlarga va ayniqsa, etnik o‘zbeklarga nisbatan shafqatsizlarcha munosabat, qiynoqlar va tamagirlik bu mamlakatda inson huquqlari sohasidagi eng muhim muammolar bo‘lib qolmoqda.

Bu ta‘rif AQSh Davlat departamentining dunyo davlatlarida inson huquqlari bilan bog‘liq 2012 yilgi hisobotning Qirg‘iz Respublikasiga oid qismida keltirildi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Vashingtonda juma kuni taqdim hisobotda mahalliy o‘zbeklarning 2010 yil, iyun voqealaridan keyingi ahvoli atroflicha o‘rganilgan. Xususan hujjatning “Milliy, irqiy va etnik ozchiliklar”, deb nomlangan bandida mana bu baho mavjud:

“O‘sh aholisining qariyb yarmini tashkil qiluvchi etnik o‘zbeklar bilan etnik qirg‘izlar o‘rtasidagi etnoslararo munosabatlar tarang va muammoli qolmoqda. Vaziyat xavfsizlik xizmatlari xodimlari tomonidan etnik o‘zbeklarni o‘zboshimchalik bilan qo‘lga olish, hibsda ushlash, qiynoqqa solish va pul undirish bilan xarakterlanmoqda. Etnik o‘zbeklar O‘sh va Jalolobodda ish topishda, xususan, hukumat tomonidan kamsitilmoqda. O‘zbeklarga qarashli korxonalar va mulklarning tortib olingani to‘g‘risida ko‘plab ma‘lumotlar mavjud”, deyilgan hisobotda.

AQSh Davlat departamenti hisobotiga mahalliy nodavlat tashkilotlaridan olingan ma‘lumotlar ham asos bo‘lgan. Xususan, “Qilim shami” tashkilotining xabar qilishicha, O‘sh viloyati, Novqat tumanidagi o‘qish o‘zbek tilida olib boriladigan 20 maktabning 7 tasida ta‘lim qirg‘iz tiliga ko‘chirilgan.

Tashkilotga ko‘ra, bu maktablar o‘qituvchilari ishdan bo‘shatilgani yo‘q, lekin ular darslarni qirg‘iz tilida o‘tishga ham o‘rgatilmagan.

“Natijada 3200 nafardan etnik o‘zbek bolalar o‘z ona tilida bilim ololmay qolgan”, deyilgan hisobotda.

O‘sh qirg‘inining ikki yilliga arafasida Qirg‘iziston prezidentining rasmiy saytida fojea yuzasidan e‘lon qilingan ma‘lumotlarda mana bunday raqamlar mavjud edi.

2010 yil 10 iyunida boshlanib, bir necha kun davom etgan etnik to‘qnashuvlarda 442 kishi halok bo‘lgan. Qurbon bo‘lganlardan 295 nafari (70%) o‘zbek, 123 nafari (29,2%) qirg‘iz, 1 rus, 1 pokistonlik va 1 uyg‘urdir.

O‘sh voqealari bo‘yicha 545 kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ulardan 400 nafari o‘zbek, 133 kishi qirg‘iz, 8 nafari boshqa millatlar vakillari.
XS
SM
MD
LG