Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:28

Blog: “Lasetti” – veliosiped = eshakarava


Toshkentda eshak bahosi osmonga sapchishi mumkin. Buni xalqaro birjalardagi alg‘ov-dalg‘ovlarga aloqasi yo‘q. Sarrof bozoridagi vasvasaga ham. Sabab boshqa – velosipedlar “qatag‘on” bo‘lgani...

O‘tgan kuni deng, “Navoiy” ko‘chasida velosipedimni uchirib ketayotsam, yo‘l harakati xavfsizligi xodimi hushtagini churillatib to‘xtatdi.

Nozirning shashtini ko‘rsangiz edi: so‘nggi haftalarda Toshkentning tinchini o‘g‘irlagan manyakni tutgandek. Og‘zi qulog‘ida. Bu orada “bizam bormiz” degandek ikki sherigi “soya”dan ko‘rinish berdi.

– Tezlikni oshirdimmi, komandir? – hazil qilgan bo‘ldim.

– Yo‘lning asosiy qatnov qismida harakatlanyapsiz, trotuarda yurish kerak, – jiddiy alfozda tushuntirish berdi u.

– Asosiy qatnov qismida emas, chetda kelayotgandim. Bo‘lmasa, velosiped uchun alohida yo‘lak qilib qo‘yish kerak, – “eng yaxshi himoya – hujum” taktikasini qo‘lladim.

– Vaqti-soati bilan alohida yo‘lak ham bo‘ladi. Lekin hozir velosipedingizni olib qo‘yamiz. Yo‘l harakati xavfsizligini buzganingiz uchun 26700 so‘m jarima to‘laysiz, – sovuqqonlikni yo‘qotmay qarorini e‘lon qildi nozir.

Nima, 26700 so‘m? Miyam soniyaning trilliondan bir ulushi ichida bu miqdordagi jarima kamtarona byudjetimga beayov zarba bo‘lishini hisob-kitob qilib ulgurdi.

“Zako‘nchilik”ni davom ettirdim: “Haqqingiz yo‘q” dedim, “Ustingizdan ombudsmanga shikoyat qilaman” dedim. Lekin nozir ombudsmanni eshitmagan, shekilli – jilla qursa, kiprik qoqmadi.

Keyin, quvlik qilmoqchi bo‘ldim, telefonimni kavlab, o‘zimcha qaysidir tanishga qo‘ng‘iroq qilishga taraddudlandim. “No‘mir”im o‘tmadi.

Velosiped sal uringanini aytmasa, binoyidek yuryapti. Og‘irimni yengil, uzog‘imni yaqin qilyapti. Beye, uni qo‘shqo‘llab topshirib qo‘yadigan anoyi yo‘q!

“Lo‘li”lik qildim: “Jonimdan to‘yib turibman, o‘zimni shartta Anhorga tashlayman, tovonimga qolasiz!”

Qofiyasini keltirib iltimos qildim: “Stipendiya yetib-etmay, gadoyga ham quyuq salom berib yurgan talaba bo‘lsam! Insof qani, komandir?!”

Omonsiz jangdan keyin, velosipedimni arang qutqarib qoldim. Kattakon bo‘p ketsam, “shtraf”ni ortig‘i bilan to‘lashga tantanali va‘da berdim...

Keyin bilsam, velosipedga qarshi reyd butun shaharda o‘tkazilayotgan ekan.
Toshkent shahar yo‘l harakat xavfsizligi nozirlari tomonidan velosipedlar yig‘ishtirib olinmoqda. Kamiga, “narusheniye” degan bahona bilan 26700 so‘mdan jarima solinmoqda.

Qiziq-da, butun dunyoda velosiped “atrof-muhitga zarar keltirmaydi”, “yo‘l tirbandligini kamaytiradi”, “salomatlikka koni foyda”… yana boshqa asoslar bilan ko‘tar-ko‘tar qilinyapti.

Bizda bo‘lsa... militsionerlarimiz qo‘shg‘ildirakli beminnat dastyorlarni yeng shimarib qantarishyapti.

...Bu voqea bo‘lib-bo‘lib eshak narxini ko‘tarvorsa, ajab emas. Hozircha yo‘l nozirlari eshakaravani musodara qilishmayapti-da.

Muallif: Toshkentlik talaba
XS
SM
MD
LG