Линклар

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy saytida elchilar ro‘yxatidan mamlakatning Birlashgan millatlar tashkilotidagi doimiy vakili sifatida qayd etilgan Gulnora Karimovaning nomi olib tashlandi.

Vazirlik rasmiy saytidagi ro‘yxatda O‘zbekiston Respublikasining BMT va Jenevadagi boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili o‘rni hozircha bo‘sh qolmoqda.

Bunga e‘tibor qaratgan Uzmetronom sayti, Gulnora Karimovaning elchilik lavozimidan qachon chaqirib olingani hozircha noma‘lum qolayotganini yozdi.

Ozodlik Gulnora Karimovaning elchilik lavozimidan chaqirib olingani haqidagi xabarga oydinlik kiritish uchun 24 aprel kuni Jenevadagi vakolatxonaga bog‘lanishga yana urindi.

Ammo, takror va takror qo‘ng‘iroqlarga vakolatxonadan biror javob olishning hozircha imkoni bo‘lmadi.

Bunga qadar New York Times gazetasi “O‘zbekiston liderining sog‘ligi haqidagi mish-mishlar voris haqidagi bahslarga turtki bo‘ldi” nomli 6 aprel kungi maqolasida Gulnora Karimova elchilik lavozimidan ketgani haqida xabar qilgan edi.

Endryu Kramer muallifi bo‘lgan maqolada: “Islom Karimov salomatligi to‘g‘risidagi mubhamliklarni e‘tiborga olgan holda” u O‘zbekistonda “o‘zini yanada kattaroq lavozimga hozirlayotgan bo‘lishi mumkin”, deya yozilgan edi.

“Pomir tog‘lari etagidagi o‘rikzorlari, paxtazorlari va toshdan qurilgan qadimiy shaharlari bo‘lgan, demokratik an‘analarga ega bo‘lmagan, Sovet davriga qadar Rossiya podsholariga tobe‘ bo‘lib kelgan, xonlar boshqargan O‘zbekistonni hozirda janob Karimov boshqarmoqda. Davlat rahbarining farzandi o‘sib-ulg‘ayganidan so‘ng hokimiyat Shimoliy Koreyadagi kabi avloddan-avlodga o‘tadimi yoki hukumat ichidagilarga topshiriladimi - bunisi hozircha noma‘lum”, deb yozgandi, jumladan The New York Times.

Ammo, 8 aprel kuni EurasiaNet muxbiri bilan so‘zlashgan BMT Jeneva vakolatxonasidagi O‘zbekiston missiyasining ismi oshkor qilinmasligini so‘ragan vakili Gulnora Karimova elchilik lavozimidan ketganiga oid ma‘lumotni rad etgan.

- Bu xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Gulnora Karimova xonim hozir ham O‘zbekistonning Jenevadagi elchisi bo‘lib hisoblanadi, - deya iqtibos keltiradi o‘zbekistonlik diplomat so‘zlaridan EurasiaNet nashri.

Ashulachi, dizayner, diplomat va boshqa ko‘plab hunarlar sohibasi bo‘lgan Gulnora Karimova otasining o‘rniga da‘vogarlik qilayotgani haqidagi taxminlar so‘nggi paytlarda O‘zbekistondagi turmushni yorituvchi nashrlarda ko‘p yozilmoqda. Bunday ehtimolni Gulnora Karimovaning o‘zi ham istisno qilmasligini aytgan.

O‘zbekistonda Islom Karimov o‘rniga kim kelishi mumkinligi to‘g‘risidagi taxminlar amaldagi davlat rahbari yurak xurujiga uchragani to‘g‘risidagi xabar ortidan urchigan. Bu ma‘lumotni 21 mart kuni muxolifatdagi O‘zbekiston Xalq harakati yoyinlagan edi.

Xabarda Karimov 19 mart kuni miokard infarktni boshdan kechirgani va og‘ir ahvolda shifokor nazorati ostida qolayotgani aytilgan. O‘zbekiston muxolifati bu xabar bir-biridan mustaqil bir nechta manba tomonidan tasdiqlanganini ta‘kidlagan.

Keyinchalik bu xabarga tayangan boshqa axborot vositalari, jumladan, Rosbalt, RIA-Novosti, Fergananews kabi nashrlar ham bu mavzuga to‘xtalgan.

Bu nashrlarda xabarning asossizligiga ko‘proq urg‘u berilgan. Xususan, RIA-Novosti agentligi bu xabarni O‘zbekiston prezidenti ma‘muriyati inkor qilganini yozgan.

Qo‘shimcha ma‘lumot olish uchun Ozodlikni kuzatib boring.
XS
SM
MD
LG