Линклар

Moskvada tergov izolyatoridan o‘zini kameradoshi nomi bilan tanishtirib, qochib ketgan o‘zbekistonlik qidiruvi davom etmoqda. Ma‘lum bo‘lishicha, politsiya xodimlari adashib, boshqa odam o‘rniga 27 yoshli yigitni sudga olib kelgan va o‘z qo‘llari uni ozodlikka yo‘llagan.

Moskvada tergov izolyatoridan o‘zini kameradoshi nomi bilan tanishtirib, qochib ketgan o‘zbekistonlik qidiruvi davom etmoqda. Ma‘lum bo‘lishicha, politsiya xodimlari adashib, boshqa odam o‘rniga 27 yoshli yigitni sudga olib kelgan va o‘z qo‘llari uni ozodlikka yo‘llagan.

16 aprel kuni Moskvaning eng qattiq qo‘riqlanadigan 3 sonli “Krasnaya Presnya” tergov izolyatoridan narkotiklar savdosida ayblanayotgan 1986 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi qochib ketdi.

Jazoni ijro etish federal xizmati boshqarmasi xodimi Ozodlik Radiosiga bu shaxs Farrux Toshmatov ekani, u kamerada mayda o‘g‘irlik uchun o‘tirgan boshqa bir o‘zbekistonlik - Tojiboyev nomidan anketa ma‘lumotlarini tanitib, sudga olib kelinganini bildirdi.

- Bu ikkalovi biri-biriga juda o‘xshash ekan. Ikkalasi rus tilida gapirishni bilmaydi. Hozir tergov boshlangan, tergovchilar aniqlab beradi – qanday qilib ularni adashtirib qo‘yish mumkin edi?! deydi Kristina Belousova.

JIFX xodimasi so‘zlariga ko‘ra, bir soatlardan keyin Farrux Toshmatov Shchukino tumani IIB soqchilik xizmati xodimlari tomonidan Moskvaning 150-sonli tuman sudiga olib kelingan.

Sud qarori bilan “Tojiboyev B.X.” ismli shaxs mayda o‘g‘irlik sodir etgani uchun jarimaga tortilib, sud zalidan ozod etilgan. O‘zini Tojiboyev, deb tanishtirgan Farrux esa sud hakami va soqchilariga tarjimon orqali minnatdorchilik bildirib, juftakni rostlagan.

Ayblanuvchining tergov izolyatorida yo‘qolib qolgani soat 22:40 larda o‘tkazilgan kechki tekshiruv paytida aniqlangan va ayblanuvchi Farrux Toshmatov qidiruviga operativ guruh tashlangan.

Ozodlik bilan suhbatda Jazoni ijro etish boshqarmasi rasmiysi qochoq Farrux Toshmatovga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 228.1 moddasi (narkotiklar noqonuniy aylanishi) asosida jinoiy ish qo‘zg‘atilgani, bunday og‘ir jinoyat uchun unga 20 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkinligini ma‘lum qildi.

Politsiya boshqarmasi 27 yoshli Farrux Toshmatovni xodimlar turmada yotgan yuzlab boshqa Markaziy osiyoliklardan farqlay olmagani bunday anglashilmovchilikka sabab bo‘lganini gapirishmoqda.

- Masalan, kelayotgan ikkita qora tanlini siz ham bir-biridan ajrata olmagan bo‘lardingiz. Xuddi shunday politsiyachilar ham ularni adashtirib qo‘ygan. Lekin, bu xodimlarimizning oddiy mas‘uliyatsizligi, deydi Kristina Belousova.

Oldinroq hodisa ortidan ommaviy axborot vositalarida Silikatniy ko‘chasidagi 3-sonli tergov izolyatoridan Farrux Doshmanov ismli shaxs qochib ketgani xabar qilingan edi.

Bundan chiqdi, politsiyachilar nafaqat uning tashqi qiyofasi, balki familiyasini ham to‘g‘ri talaffuz qila olmagan.

Politsiya boshqarmasi Rossiya Jinoyat Kodeksi 313 moddasi 1 qismi asosida bunday beparvolik uchun bir qancha shaxs javobgarlikka tortilishini ma‘lum qilishdi.

Izolyatordan qochishga muvaffaq bo‘lgan Farrux Toshmatovning ham, tergovchilarga ko‘ra, bu qilmishi uchun qo‘shimcha jazoga tortilishi aytilmoqda.

“Krasnaya Presnya” nomi bilan mashhur SIZO-3 izolyatori 1937 yilda qurilgan va Stalin qatag‘onlari davrida GULAGga yuborilayotgan yuqori lavozimli “xalq dushmanlari” nomini olgan siyosiy mahbuslarning asosiy qismi xuddi shu izolyatordan turmaga jo‘natilgan.

Aynan shunday hodisa Moskvada bir necha yil oldin ham sodir bo‘lgan. 4-sonli Tergov izolyatoridan sudga keltirilgan markaziy osiyolik mahbus kameradoshi o‘rniga ozodlikka chiqib ketgan.

Ozodlik Rossiyaning boshqa xorij fuqarolarini saqlash maxsus izolyatorlaridan ham o‘zbekistonlik va tojikistonlik mahbuslar qochishi to‘g‘risida bir necha bor xabar bergan.

Joriy yilning 8 apreliga o‘tar kechasi Samaradagi xorij fuqarolarini saqlashga mo‘ljallangan maxsus priyomnikdan uch nafar muhojir qochib ketgan. Panjarani aralab qochgan muhojirning ikkisi O‘zbekiston fuqarosi ekani aytilgan.

O‘tgan yilning 21 fevralida Rossiya hududida migratsiya qonunchiligini buzgani sababli izolyatorga tushgan O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonning 8 fuqarosi Sankt-Peterburg shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasiga qarashli Xorij fuqarolarini saqlash markazidan qulflarni buzib qochgan.

2 oy o‘tib, 8 aprel kuni ayni shu Sankt-Peterburgdagi Xorij fuqarolarini saqlash markazidan temir eshik qulflarini buzib va politsiya xodimlariga qarshilik ko‘rsatib, yana 11 nafar mehnat muhojiri qochgan edi.
XS
SM
MD
LG