Линклар

Xitoyning Shinjon Uyg‘ur muxtor viloyatida sodir bo‘lgan to‘qnashuvda 21 kishi nobud bo‘ldi. O‘lganlarning aksari politsiya xodimlari va tinch aholi vakillari ekani aytilmoqda.

Shinjon Uyg‘ur muxtor viloyatida terrorchi ekanlikda gumon qilingan shaxslar bilan to‘qnashuv mintaqa markazi Urumchi shahridan 1200 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan Qashqar viloyatining Maralbeshi (xitoycha: Bachu) tumanida 23 aprel kuni ro‘y bergan.

Mazkur voqea haqida turli manbalarda turlicha ma‘lumotlar tarqatilmoqda.

Mahalliy rasmiylarga tayanib, axborot agentliklarining xabar berishicha, "uch nafar ijtimoiy xizmat xodimi o‘z qaramog‘idagi uylardan biriga pichoqlar bilan qurollangan shubhali shaxslar yashiringanini payqaganidan keyin politsiyaga ma‘lum qilgan.

Yetib kelgan politsiya xodimlari va ijtimoiy xizmat xodimlarini shubhali shaxslar o‘ldirgan.

Xitoy politsiyasi xodimlari jinoyatchilarga qarata o‘t ochib vaziyatni nazorat ostiga olgan.

To‘qnashuvda ikki kishi yaralangan. Terrorchi ekanlikda gumonlangan sakkiz shaxs qo‘lga olingan.

Dastlabki tergov jarayonida ular terror aktlari sodir etishni rejalagani ma‘lum bo‘lgan. Hozirda tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda", deyiladi mahalliy rasmiylardan olingan ma‘lumotlarda.

Biroq surgunda faoliyat yuritayotgan uyg‘ur faollariga ko‘ra, seshanba kungi zo‘ravonlikka politsiya xodimlari norozilik namoyishiga chiqqan uyg‘urlarni o‘qqa tutgani oqibatida bir yigit o‘lgani sabab bo‘lgan.

Dunyo Uyg‘ur Qurultoyi ijroiya qo‘mitasi raisi To‘lqin Isa Ozodlik bilan suhbatda Xitoy politsiyasi turli baxonalar bilan uyg‘urlar yashaydigan uylarda doimiy ravishda reydlar o‘tkazishi ular noroziligiga sabab bo‘lganini aytdi.

- Xitoy hukumati har xil bahonalar bilan har yili begunoh odamlarning uylariga bostirib kirib, ularni hibsga olishi odat tusiga kirgan. Shu kabi turli bahonalar bilan begunoh uyg‘urlarning uyiga bostirib kirib, zo‘ravonlik qilgan. Ularni qo‘lga olgan. Shunga uyg‘urlar norozilik bildirib bostirib kirgan soqchilar bilan to‘qnashuv chiqqan. Natijada bir necha kishi o‘lgan. Shundan keyin uyg‘urlar norozilik namoyishiga chiqqan, dedi Dunyo Uyg‘ur Qurultoyi ijroiya qo‘mitasi raisi.

Xitoy hukumati Shinjondagi vaziyat va ommaviy axborot vositalari ustidan qattiq nazorat o‘rnatgani bois seshanba kungi voqealarda qancha odam nobud bo‘lgani haqidagi ma‘lumotlar bir-biriga zid.

To‘lqin Isa o‘z tashkiloti manbalariga asoslanib 23 aprel kungi zo‘ravonliklarda 26 kishi o‘lganini aytdi. Uyg‘ur faoli voqea tafsilotlari haqida ma‘lumotlar to‘plash davom etayotganini qo‘shimcha qildi.

Qashqar vilotidagi mahalliy rasmiylardan biri jurnalistlarga qurbon bo‘lgan 21 kishidan olti nafari uyg‘ur “terrorchisi” yoki “o‘g‘rilar” bo‘lganini aytgan.

Xitoy hukumatiga qarashli Sinxua axborot agentligi esa “terrorchilar”dan tashqari qolgan 15 nafar qurbonning 10 nafari uyg‘ur, uch nafari xan va ikki nafari mo‘g‘ullar ekanini bildirgan.

Shinjon hukumati matbuot kotibi Xou Xanmin nobud bo‘lganlarning to‘qqiz nafari tinch aholi vakillari, olti nafari politsiya xodimi va olti nafari uyg‘ur ekanini, bundan tashqari voqeaga aloqador ekani gumon qilingan sakkiz uyg‘ur qo‘lga olinganini ma‘lum qilgan.

Shinjonda tub aholi bo‘lgan uyg‘urlar va ko‘chirib keltirilgan xanlar o‘rtasida to‘qnashuvlar tez-tez sodir bo‘lib turadi.

Joriy yil 7 mart kuni Korla shahrida uyg‘urlar va xanlar o‘rtasida ro‘y bergan to‘qnashuvda to‘rt kishi halok bo‘lgan, sakkiz kishi jarohat olgan edi.

2009 yilda Shinjonda sodir bo‘lgan ommaviy zo‘ravonliklarda qariyb 200 kishi o‘lgan, 1600 odam jarohat olgan.

Xitoy hukumati uyg‘urlarni tez-tez terrorchilik faoliyatida ayblab keladi.

Biroq Shinjondagi vaziyatdan yaxshi xabardor bo‘lgan ekspertlar fikricha, Pekin tartibsizliklarga sabab bo‘layotgan ichki siyosatini oqlash uchun terrorizm tahdidini bo‘rttirib ko‘rsatmoqda.

AQSh Xitoy hukumatini Shinjonda vaziyatni yumshatish va uzoq muddatli barqarorlikni ta‘minlash uchun seshanba kungi voqea yuzasidan shaffof tekshiruv olib borishga chaqirdi.
XS
SM
MD
LG