Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:25

Mahalla Oqsoqoli endi tadbirkorni ham nazorat qiladi


Ozodlik suhbatlashgan aksar o‘zbekistonliklar¸ mahalliy saylovlarda xalq manfaati uchun ishlaydigan odamlarning saylanishiga ishonavermasliklarini aytadi.

O‘zbekistonda “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi va “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonunlar matbuotda e‘lon qilinib, kuchga kirdi. Yangi qonunlarda o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari kengaytiriladi, oqsoqollikka o‘sha hududda kamida besh yil muqim yashagan fuqarolar saylanadi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Qonunchilik va sud-huquq qo‘mitasi raisi Svetlana Ortiqovaning aytishicha, yangi tahrirdagi qonunlar demokratik islohotlarni kuchaytirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun xizmat qiladi:

- Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qonunchilikda belgilangan vakolatlari kengayishi inobatga olinib va ularning shu vakolatlarni to‘liq amalga oshirishi uchun qonuniy, huquqiy sharoit yaratish kabi asosiy printsiplar yangi qonunda o‘z aksini topgan, - deydi senator.

Yangi tahrirdagi qonunga ko‘ra, o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘z hududidagi tadbirkorlik sub‘ektlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati olib borishda qo‘shimcha vakolatlarga ega bo‘ladi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, banklar va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda kam ta‘minlangan oilalardagi yoshlarga moddiy yordam beradi.

Senator Svetlana Ortiqovaning aytishicha, “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonunga ko‘ra bunday saylovlarni o‘tkazish muddatini Oliy Majlisning Senati belgilaydi:

- Endi Senat kengashining alohida qaroriga asosan komissiya tuziladi, tegishli qo‘mita belgilanadi va shu qo‘mita saylovlarga me‘yoriy hujjatlarni tayyorlab beradi va bevosita saylov jarayonini kuzatadi, - deydi Svetlana Ortiqova.

Senatorga ko‘ra, oqsoqol ham, uning maslahatchilari ham endi muqobillik asosida saylanadi. Bundan tashqari oqsoqollikka nafaqat sud tomonidan layoqatsiz, deb topilgan yoki sud hukmi bilan qamoqda o‘tirgan shaxslar, balki og‘ir jinoyatlar sodir sodir etib sudlanganlik holati tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslar ham saylanmaydi.

Biroq yangi tahrirdagi qonunda oqsoqollikka nomzodlar mahalliy hokimlar bilan kelishilgan holda saylovga qo‘yiladi, degan moddaga o‘zgartirish kiritilmagan.

Senator Svetlana Ortiqova fikricha, oqsoqollarni saylashda hokimlar bilan kelishish kerak, chunki bu muammolarni birgalikda hal qilishda yordam beradi:

- Tuman va shahar bedarvoza emas, hokim bor. Hokimiyat o‘sha muvozanatni saqlab turadi, ijtimoiy, iqtisodiy muammolarni hal qiladi. Kimdir shuni boshqarishi kerak-ku. Mahalla bevosita jamiyat va davlat ishini boshqaruvini o‘z qo‘liga oladigan bo‘lsa nimaga oqsoqolning nomzodini hokim bilan maslahatlashmaslik kerak ekan? Keyin nomzodlar bitta bo‘lmaydi, bir nechta bo‘ladi. Mahalla o‘zi tanlab saylaydi, - deydi Svetlana Ortiqova.

Biroq, Namangan tumanining Pop tumanida istiqomat qiluvchi mahalla faollaridan biri 67 yoshli Bahodir akaning fikricha, mahalla oqsoqollari xalq uchun qayg‘uradigan shaxs emas, balki mahalliy hokimlarning yugurdagiga aylanib bo‘lgan:

- Xalqning muammolarini hal qilish qayoqda! U mahallalardan go‘ng yig‘ib fermer dalasiga olib chiqishni uyushtiradi, ayollar bola nafaqasiga borsa, buncha metallalom olib kelasan deydi, paxta paytida odamlarni paxtaga haydaydi. Shumi endi oqsoqolning vazifasi,- deydi poplik mahalla faoli Bahodir aka.

Ammo, senator Svetlana Ortiqova fikricha, har bir odamda fuqarolik pozitsiyasi bo‘lishi kerak va muammolarni birgalikda hal qilish lozim:

- Har qanday oqsoqol yoki uning maslahatchisini qonunda beligilangan vazifasi bo‘ladi. Go‘ng tashish bo‘ladimi, metallalom yoki makulatura yig‘ish bo‘ladimi, oqsoqol o‘zini ortidan mahallani ergashtira olishi kerak. Shuning uchun ham oqsoqol. Jamiyat uchun, davlat uchun metallalom yig‘ish kerak bo‘lsa menga ayting, men ham borib yig‘aman. Ko‘chani supurish kerak bo‘lsa menga ayting, men borib supiraman. Nima bo‘pti? Chunki bu hozir jamiyatimga kerak ekan. Har kim Krilovni masaliga o‘xshab aravani har tarafga qarab tortsa, unda jamiyatda rivojlanish bo‘ladimi, unda demokratiyani qurolamizmi? Kim shunday deydigan bo‘lsa, demak O‘zbekistondagi tinchlikni ko‘rolmaydigan shaxs deb hisoblayman, - dedi senator Svetlana Ortiqova.

Darvoqe, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qishloq xo‘jalik ishlariga yordam berishi,“Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunning 12 moddasida “Fuqarolar yig‘ini kengashlari dehqon va fermer xo‘jaliklarini rivojlantirishga ko‘maklashadi”, deb qonuniylashtirib qo‘yilgan.
XS
SM
MD
LG