Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:39

Xorij kompaniyalari samolyotlariga so‘mda chipta sotilmaydi


O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning Moskvaga qilgan safaridan so‘ng, xorijiy aviakompaniyalarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari kassalari o‘zbek so‘mida chipta sotishni to‘xtatdi. Aviakassalar sotuvchilarining aytishlaricha o‘zbekistonlik fuqaro faqat “O‘zbekiston havo yo‘llari” samolyotlariga so‘mda chipta xarid qilishi mumkin.

Ozodlikning ozodlikmail@gmail.com elektron pochtasiga 27 aprel kuni quyidagi mazmundagi xat kelib tushdi:

"O‘zbekistondan Rossiyaga kelayotgan odamlardan aviachiptalarni so‘mda emas, dollarda olishganini eshitib, ochig‘i ishonmagan edim. Kuni-kecha ayolimni yonimga chaqirmoqchi edim, aviakassaga borishsa hozir mavsum tufayli chiptalarni dollarda sotishayotganini eshitib, ochig‘i hayron bo‘ldim. Yana kamiga anchagina qimmatroq ham ekan. Dollar yo‘qligini aytib, so‘mda ham to‘lansa bo‘ladimi deb so‘rashganida, “bo‘ladi, faqat davlat kursida emas balki ko‘cha kursida to‘lash kerak” deyishibdi. Iltimos, shunga oydinlik kiritsangiz. Endi O‘zbekiston fuqarolari ham aviachiptalarni dollarda xarid qiladimi?”, deb yozadi toshkentlik Baxtiyor.

Ozodlik tinglovchining bu savoli ortidan Toshkentdagi bir necha aviakassa bilan bog‘landi.

“Mirafzal-TOUR” mas‘uliyati cheklangan jamiyatga qarashli aviakassa xodimining aytishicha, haqiqatan ham 22 apreldan boshlab, faqat “O‘zbekiston havo yo‘llari” samolyotlariga chiptalar o‘zbek so‘mida sotilyapti, qolgan kompaniyalar samolyotlariga esa valyutada sotilmoqda:

- Hozir barcha yo‘nalishlar, Turk havo yo‘llari, Rossiya kompaniyalari va boshqa xorijiy aviakompaniyalar qatnaydigan yo‘nalishlarga chiptalar faqat valyutada sotilmoqda. Dushanba kunidan boshlab shunday bo‘ldi. Agar siz o‘zbek so‘mida chipta olmoqchi bo‘lsangiz faqat O‘zbekiston havo yo‘llari kassalariga murojaat qiling, dedi aviakassa xodimi.

Toshkentdagi yana bir aviakassa xodimining aytishicha, Rossiya aviakompaniyalarning o‘zbekistonlik yo‘lovchilarga faqat valyutada chipta sotish tartibi Islom Karimovning Moskvaga borib kelganidan so‘ng joriy etilgan:

- Islom Karimov yaqinginada Moskvaga borib keldiku, o‘shanda shartnoma tuzilgan, Aeroflot dollarga o‘tsin deyildi, O‘zbekiston havo yo‘llari so‘mga o‘tsin, deyildi. Hozir 20 maygacha O‘zbekiston havo yo‘llariga chipta qolmagan, agar shu paytgacha bormoqchi bo‘lsangiz faqat dollarda olasiz, boshqa ilojingiz yo‘q, dedi o‘zini tanishtirmagan aviakassa xodimi.

Joriy yilning 20 mart kuni Rossiyaning “Aeroflot” shirkati O‘zbekistonda hamon milliy valyuta – so‘mda sotilgan biletlardan yig‘ilgan pulni konvertatsiya qilish va Rossiyaga o‘tkazish bilan bog‘liq muammolarga duch kelaëtgani haqida rasmiy baënot tarqatgan edi.

Prezident Karimovning 15 aprel kuni Moskvaga kutilayotgan rasmiy tashrifi arafasidagi O‘zbekiston va Rossiya delegatsiyalari uchrashuvida O‘zbekiston tomoni Rossiya aviashirkatlariga tegishli pullarni konvertatsiya qilishga va‘da bergan edi.
XS
SM
MD
LG