Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:49

“Tumandagi soliqchi oyiga 9000 $ gacha topadi”


O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi 29 aprel kuni tarqatgan xabarda iddao qilinishicha, “Savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yuritayotgan deyarli har bir tadbirkor zimmasiga oyiga 100 dollardan tortib 500 dollargacha, ba‘zi holatlarda esa, 1200 dollargacha to‘lab turish majburiyati yuklab qo‘yilgan”.

O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi Farg‘ona viloyat, Rishton tumanida ishlovchi tadbirkorlarning aytganlariga tayanib, soliq nazorati tizimida korruptsiyaning avj olgani to‘g‘risida 29 aprel kuni xabar qildi.

Xabarda aytilishicha, “Savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yuritayotgan deyarli har bir tadbirkor zimmasiga oyiga 100 dollardan tortib 500 dollargacha, ba‘zi holatlarda esa, 1200 dollargacha to‘lab turish majburiyati yuklab qo‘yilgan”.

O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhining xabar qilishicha, “Soliq inspektorlarining oylik “daromadi” kamida 8 – 9 ming AQSh dollarini tashkil qiladi va bu haqda Rishton tuman soliq inspektsiyasi rahbariyati, tuman prokurori va hokimi bilmasa kerak”.

Guruh rahbari Sur‘at Ikromov fikricha, 29 aprel kuni tarqatilgan xabarda Rishtondagi vaziyat to‘g‘risida so‘z borar ekan, bu - faqat shu tuman soliqchilarigina poraxo‘r, degani emas.

- Bu narsa hamma joyda bor. Bizlar buni bir isbot tariqasida berayapmiz. Bu hamma tumanlarda bor¸ korruptsiya O‘zbekistonda juda ildiz otib ketgan narsa¸ dedi Sur‘at Ikromov.

Rishtondagi vaziyatni o‘rgangan inson huquqlari himoyachisi Bahodir Eliboyev janob Ikromov boshqaradigan guruh a‘zosi.

Undan soliqchilarni poraxo‘rlikda ayblash uchun asoslari naqadar yetarli ekanligini so‘radik.

- Ha, yetarli asos bor bu masalada. Tadbirkorlarning bir nechtasi bizga murojaat qildi va mana shu muammoni gapirib berishdi.

Ozodlik: Xususan nimalar deyishdi ular?

- Soliq xizmatidagi xodimlarning arzimagan ayblar bilan katta summalar qo‘yishlarini oldin aytishdi. Lekin u summani berib boraversangiz, tadbirkor sinishi mumkin. Shuning uchun tadbirkor katta summa o‘rniga kichikroq summani o‘zining cho‘ntagiga solib qo‘yishni o‘ylaydi. Taklifni kiritadi. Shunda albatta soliq xodimlari unga rozilik bildirishgan. Ba‘zilari 100 dollardan, ba‘zilari 200 dollardan - har xil summalarni aytishdi, deydi Bahodir Eliboyev.

Biz uning yordamida rishtonlik birnecha tadbirkor bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldik. Lekin ular ismini aytilmaslik sharti bilan ham gapirishni istamadi.

“Men ertagayam Rishtonda yashashim va ishlashim kerak”, dedi ulardan biri.
Yana bir rishtonlik tadbirkor esa, bu nozik masalaning “telefonda gaplashiladigan gap emas”ligini eslatish bilan cheklandi.

Bahodir Eliboyevning aytishicha, tuman soliqchilarining g‘ayriqonuniy harakatlariga oid tadbirkorlar shikoyatlarini o‘rgangan guruh Rishton tuman soliq inspektsiyasi rahbariyati bilan ham uchrashgan.

- Bu masalani o‘rganish bo‘yicha soliq idorasiga ham murojaat qildik. Albatta faqat tadbirkorning arizalari bilan bitta narsa chop etib yubormaymizku. Ular sekin hammasini gapirib berishdi. Rostdan ham bunaqa holatlar kuzatilgan. Hatto bir-ikkita ma‘lumotlar bilan o‘rtoqlashishdi. Chunki soliq xodimlarining orasida ham kun sayin mana shunaqa tartibdan norozi bo‘lib borayotganlar bor, dedi Bahodir Eliboyev.

O‘zbekistonlik inson huquqlari himoyachilarining Rishton tumani soliqchilarining korruptsiyalashgani to‘g‘risidagi xabari, printsipda, yangi gap emas. Bu muammo to‘g‘risida Ozodlik ko‘p chiqishlar qilgan.

Muammoning mavjud ekanligini O‘zbekiston hukumatining o‘zi ham biladi. Masalan, 2012 yilning 8 noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining me‘yoriy-huquqiy hujjatlarga “korruptsiya ko‘rinishlari uchun sharoit yaratadigan me‘yorlarni kiritishni taqiqlovchi” buyrug‘i kuchga kirgan edi.

Shu hujjat munosabati bilan tayyorlangan radiolavha qahramonlaridan biri “porasiz ishlashgina emas, ish boshlash ham mumkin emas”, degan edi.

Biz Farg‘ona viloyat Davlat soliq boshqarmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bilan bog‘lanib tizimdagi korruptsiyaga qarshi olib borilayotgan kurash to‘g‘risida so‘ramoqchi bo‘ldik.

Viloyat boshqarmasi vakili Rishtondagi vaziyat haqida (bir soliqchining oyiga 9 ming dollargacha pora olishi) eshitgach, “Yo‘g‘-e, unchalik emasdir”, deyish bilan cheklandi. Boshqa savollarimizga javob berishni istamadi.

Soliq qo‘mitasi vakili esa, barcha savollarga qo‘mita matbuot xizmati javob berishini eslatish bilan cheklandi.

Matbuot xizmati telefonini kun davomida birov ko‘tarmadi.
XS
SM
MD
LG