Линклар

23 aprel kuni Samarqand viloyati Payariq tumanida o‘g‘rilar guruhi bir ayolni o‘ldirib, uyidagi pul va qimmatbaho buyumlarni o‘g‘irlab ketishdi. 19 aprel kuni esa Namangan shahrida 5 yashar qizaloq 25-35 yoshlardagi noma‘lum erkak tomonidan zo‘rlandi.

Bahrindagi qotillik


Samarqand viloyati Payariq tumani Bahrin qishlog‘idagi qotillik voqeasi 22 apreldan 23 aprelga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan.

Buni Ozodlikka tasdiqlagan Payariq tumani Ichki ishlar bo‘limidagi militsiya xodimiga ko‘ra, bir ayol va ikki erkakdan iborat o‘g‘rilar guruhi Bahrin qishlog‘idagi xonadonlardan biriga o‘g‘irlikka tushib, uy bekasini o‘ldirib, uydan pul va qimmatbaho buyumlarni o‘g‘irlab ketishgan.

“Jinoyatchilar qidirilyapti. Butun sostav ularni qidirishga jalb qilingan. Qishloqda uchyotda turganlarni tekshirayapmiz. O‘g‘rilar izini Xitoy arig‘iga borgan joyda yo‘qotdik. Bahrindagi qotillik kabi voqea avval tumanimizda hech kuzatilmagan. Bu ilk holat. Keyingi qariyb 20 yil davomida bu kabi qotillik bizda bo‘lmagan”, dedi militsiya xodimi.

O‘zini tanishtirmagan ushbu militsiya xodimi boshqa tafsilotlarni ochiqlamadi.

Voqeadan xabardor Payariqdagi manbamizga ko‘ra, o‘g‘irlikka tushgan xonadondagi erkaklar Qozog‘istonga ishlashga ketgan va uyda qaynona-kelin bo‘lgan.

“Voqea tungi soat ikkida bo‘lgan. O‘g‘rilar kelinning boshiga qattiq narsa bilan urishgan. U hushidan ketgach, uni o‘ldi deb o‘ylashgan. Keyin kelinning qaynonasini bo‘g‘ib o‘ldirishgan. Uydan 5000 AQSh dollari va 4 million so‘mga yaqin pul va tilla buyumlarni o‘g‘irlab ketishgan. Iltimos, bu voqeani efirda beringlar, toki hamma eshitsin va chetga ishlashga ketganlar o‘z uyini yolg‘iz ayollarga qoldirmaslikni o‘ylashsin”, deydi manbamiz-payariqlik ayol.

Namanganda pedofil qidirilmoqda


19 aprel kuni kechki soat 5larda Namangan shahridagi Yangi qurilish mahallasida yashovchi 5 yashar qizaloq noma‘lum shaxs tomonidan zo‘rlandi.

Bu xabarni Namangan shahar Ichki ishlar boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan xodimi tasdiqladi.

Unga ko‘ra, jinoyatchi qizchani aldab olib ketib, Yangiqo‘rg‘on tumani Sharq Yulduzi qishlog‘ining Oxunov fermer xo‘jaligi hududida uni zo‘rlab, nomusiga tekkan.

“Biz guvohlar ko‘rsatmalari asosida jinoyatchining fotorobotini tayyorladik. Jinoyatchi 25-35 yoshlarda bo‘lgan”, deydi militsiya xodimi.

Namangandagi manbamizga ko‘ra, jinoyatchilikda gumon qilingan shaxsning fotoroboti aks etgan qidiruv e‘lonlarini bugungi kunda shaharning barcha ko‘chalarida uchratish mumkin.

“E‘londa jinoyatchining bo‘yi 169-175 sm, yuzi dumoloq, ko‘zi va sochi qora, soqoli o‘sgan, qora rangli sport formasida bo‘lgan deb yozilgan”, deydi namanganlik manbamiz.

Yangi qurilish mahallasi faollaridan birining aytishicha, hozirda mahalla idorasida maxsus shtab tuzilib, jinoyatchini qidirish ishlari olib borilmoqda.

“Idoramizda ichki ishlar bo‘limining shtabi tashkil qilindi. Shtabga 100dan ziyod militsiya xodimi kelgan. Ularga mahalla faollari yordam beryapti. Uyma-uy yurib, xatlov qilib chiqyapmiz. Shubhali shaxslar, 25 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan yigitlarning hammasini jalb qilib, barmoq izlari olinayapti. Ularni suratga tushirib, jabrlanuvchiga ko‘rsatayapmiz”, dedi mahalla faoli.

Toshkentdagi talonchi qotillar jinoyati 20dan oshdi


Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, so‘nggi olti oy mobaynida Toshkent shahrida yolg‘iz pensionerlarni tunash va o‘ldirish holatlari soni yigirmadan oshgan.

Ismini oshkor qilmayotganimiz manbaga ko‘ra, Toshkentda yolg‘iz qariyalarni tunash holatlari dastlab 2011 yilning boshida qayd qilingan.

Toshkent shahar hokimligidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, qotillik ko‘lami oshayotgani ortidan mahallada yolg‘iz qariyalarning holidan xabar olish uchun maxsus guruhlar tashkil qilingan.

Jumladan, Toshkent shahridagi kollej o‘quvchilarida ham yolg‘iz qariyalar holidan xabar olib turish uchun navbatchi guruhlar tashkil qilgan.

Shuningdek, Toshkent mahallalarida faol qizlardan iborat guruhlar tuzilib, yolg‘iz qariyalar uyiga navbatchilikka qo‘yilayapti.

Toshkent militsiyasi ma‘lumotiga ko‘ra, yolg‘iz qariyalarni o‘ldirishda qotillar soxta kommunalchilar niqobidan foydalanmoqda.

Shu kunlarda Toshkent shahridagi har bir mahalla, har bir ko‘chada yolg‘iz qariyalarning qotillari, deb gumon qilingan shaxslarning fotorobotlari aks etgan qidiruv e‘lonlarini uchratish mumkin.

Toshkent shahar IIBdan olingan ma‘lumotga ko‘ra, hozircha qidiruv e‘lonlaridan biror natija chiqmagan, qotillar hanuz ochiqda qolmoqda.

Qotillarni qidirish ishlari MXX, prokuratura va militsiya xodimlari hamkorligida olib borilmoqda.
XS
SM
MD
LG