Линклар

logo-print
Turkmanistonda Ot kuni munosabati bilan o‘tkazilgan poygada prezident Qurbonquli Berdimuhammedov otdan yiqilib tushdi. Ammo, yiqilganiga qaramay, Turkmanboshi poygada g‘olib, deb e‘lon qilindi.

Turkmaniston davlat televideniyesi 28 aprel — Ot kuni munosabati bilan o‘tkazilgan poygada mamlakat prezidenti Qurbonquli Berdimuhammedov g‘olib chiqqani, u boshqargan ot 11 million dollarlik mukofotni qozongani aks etgan lavhani namoyish etdi.

Lekin, Berdimuhammedov finish chizig‘iga yetay, deganda otdan yiqilib tushganini davlat televideniyesi ko‘rsatmadi.

Voqeadan bir kun o‘tib, poygadan olingan video tasvirni EurasiaNet.org sayti e‘lon qildi.

Unda Turkmaniston prezidenti otning egaridan qalqib ketib, bir necha metr nariga uchib tushganini ko‘rish mumkin.

Ya‘ni, bir kilometrlik poygada ilg‘orlikni qo‘ldan bermay kelayotgan prezident marra chizig‘i yaqinida o‘zining suyukli “Barqaror” laqabli otidan yiqilib tushdi.

Tomoshabinlar safidan olingan tasvirda yiqilib tushgan va yerda qimirlamay chalqancha yotgan Sardorni ortda kelayotgan boshqa otlarning bosib tashlashiga sal qolgani aks etgan.

Poygani tomosha qilgani yig‘ilgan vazirlar va qora kastyumli xavfsizlik hizmati xodimlari darhol prezidenti tomon chopa boshladi va hushidan ketib, qimirlamay yotgan Berdimuhammedovni shartta ko‘tarib, tez yordam mashinasida olib ketishadi.

Bu hodisa otchoparga yig‘ilgan minglab tomoshabin ko‘z o‘ngida sodir bo‘ldi. Lekin, Turkmaniston davlat televideniyesi bu kadrlarni kesib tashladi.

"Otchoparga yig‘ilgan minglab odam bir soat davomida Qurbonquli Berdimuhammedovning na o‘lik, na tirik ekanini bilmay, huddi ignaning ustida o‘tirganday o‘tirishdi", deb yozdi EurasiaNet.org sayti.

Bir soat o‘tib, turkman davlat telekanali ob‘ektivlari oqsoqlanib kelayotgan Berdimuhammedov tomon qaratiladi.

Turkmaniston prezidentining oti marra chizig‘ini birinchi bo‘lib kesib o‘tgani va poygada g‘olib bo‘lgani e‘lon qilindi.

Unga 11 million dollarlik mukofot topshirildi.

Voqea guvohi bo‘lgan Axaltaka otlari xalqaro uyushmasi prezidenti Kler de Voz Stinveyk turkman prezidenti marra chizig‘ini kesib o‘tganidan keyin yiqilganini aytmoqda.

- Marra chizig‘ini kesib o‘tayotib, prezident tomoshabinlarga jilmayib qaradi. Keyin, otining oyog‘i qoqilib, prezident yiqilib tushdi. Haqiqatan, prezident juda tez chopayotgan edi. Yiqilganidan keyin unga tez yordam ko‘rsatishdi. Qisqa vaqt o‘tib, u milliy libosda odamlar orasida hozir bo‘ldi, deydi Kler de Voz Stinveyk.

Turkmaniston prezidentining “Barqaror” laqabli oti dunyodagi eng noyob axaltaka otlarining biridir.

"Turkmanistondek davlatda faqatgina ot Prezidentni egardan uloqtirishi mumkin ekan", deb yozdi EurasiaNet.org muxbiri voqeaga xulosa yasar ekan.
XS
SM
MD
LG