Линклар

Xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha AQSh komissiyasi O‘zbekistonni yana "alohida xavotir uyg‘otuvchi" davlatlar qatoriga kiritdi va diniy erkinliklarni toptayotgan bu mamlakatga nisbatan sanksiya qo‘llashga chaqirdi. Jumladan, yuqori lavozimli o‘zbek rasmiylarining AQShga kirishini man etish so‘raldi.

Xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha AQSh komissiyasi seshanba kuni e‘lon qilgan hisobotida O‘zbekiston diniy erkinliklar va inson huquqlari eng ko‘p bo‘g‘iladigan hamda poymol etiladigan mamlakatlardan biri sifatida tilga olindi.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati ko‘p yillar davomida e‘tiqodni cheklovchi qonunlarni joriy etgan xolda barcha diniy jamoalar ustidan qattiq nazorat o‘rnatib, fuqarolar erkinliklarini toptab keladi.

AQSh komissiyasiga ko‘ra, O‘zbekistonning 1998 yilda qabul qilingan "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi qonuni xalqaro me‘yorlarga ziddir.

Ayni qonunga muvofiq, O‘zbekistonda rasmiy ro‘yxatdan o‘tmagan har qanday diniy tashkilot noqonuniy, hisoblanadi.

Taqiqlangan tashkilotlarning asosiylari - Hizbut-Tahrir, Akromiylar, Tablig‘chilar Jamoati, Nurchilar hamda Vahhobiylar diniy oqimlaridir.

Hozirda minglab o‘zbekistonlik musulmon noqonuniy diniy tashkilotlarga aloqadorlikda ayblanib, qamoqxonalarda uzoq muddatli jazoni o‘tamoqda.

Xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha AQSh komissiyasi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston qamoqxonalarida diniy ayblov bilan qamalgan 5 mingdan 10 minggacha mahbus borligi taxmin qilinadi.

Qamalganlarning ko‘pchiligi muntazam qiynoqqa solinishi aytiladi.

"O‘zbekiston hukumatining qiynoqlarni yo‘q qilish haqidagi va‘dalariga qaramay, o‘zbek qamoqxonalarida qiynoqlar epidemik ko‘rinishga ega", deyiladi hisobotda.

Shu oy boshida Xalqaro qizil xoch tashkiloti qamoqxonalarga tashriflarni to‘xtatishga majbur bo‘lgandi.

Tashkilot tashrif shartlarining hurmat qilinmagani, mahbuslar bilan qamoqxona sharoiti haqida yakkama-yakka suhbatlashish imkoni berilmagani sabab shunday qarorga kelganini aytgan.

O‘zbekiston hukumati rasmiylari xalqaro terrorchilik tashkilotlari bilan aloqadorlikda gumon qilingan shaxslar yoki guruhlarni ta‘qib qilishni diniy erkinlikni cheklash emas, balki hukumatga qarshi qurolli qarshilikning oldini olish, deb hisoblaydi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi rasmiylaridan biri Ozodlik bilan suhbatda, mamlakatda ro‘yxatga olingan va qonunga muvofiq faoliyat qiladigan diniy tashkilotlar vakillari uchun hech qanaqa cheklov yo‘qligini aytadi.

- Jiddiy sabab bo‘lmasa, hech kim jinoiy ta‘qibga olinmaydi bizda, deydi O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasining o‘z ismini aytmagan rasmiylaridan biri.

O‘zbekistonda nafaqat diniy ko‘pchilik hisoblangan musulmonlar, balki ozchilikni tashkil etuvchi boshqa diniy jamoalar haq-huquqlari ham toptalmoqda.

Xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha AQSh komissiyasiga ko‘ra, O‘zbekistonda turli diniy oqimlar vakillari o‘zbek rasmiylarining doimiy bosimlariga duch kelayapti.

“Iyegova guvohlari”, “Ettinchi kun adventistlari”, “Baptistlar”, “Bahoiylar” hamda “Buddaviy”lar hukumatning doimiy kuzatuvi ostidalar.

- O‘zbekistonda hukumati musulmon jamoalarni ichkaridan nazorat qilsa, boshqa diniy guruhlarni turli reydlar o‘tkazib, tashqaridan nazorat qilib keladi, deydi “Forum 18” guruhi tadqiqotchisi Feliks Korli.

Hisobotda O‘zbekiston diniy erkinliklar bo‘yicha vaziyat eng yomon mamlakat sifatida Birma, Xitoy, Misr, Eritreya, Eron, Shimoliy Koreya, Saudiya Arabistoni, Sudan kabi davlatlar qatorida tilga olingan.
XS
SM
MD
LG