Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:25

Toshkentda "velosiped ovi" davom etmoqda


Keyingi ikki hafta mobaynida Toshkentda o‘tkazilayotgan “velosipedlarga qarshi kurash” tadbirida o‘nlab fuqaro jarimaga tortildi¸ yuzlab velosiped jarima maydoniga olib kelindi.

Velosipedchilarga qarshi kurashdan O‘zbekistondagi velosportchilar jabr ko‘rayotgani kuzatildi.

Joriy hafta Toshkentdagi “Queen Sport” jamoasining ikki velosipedchisi rejadagi masofani Qoraqamish massividagi ko‘chada bosib o‘tayotgan chog‘ida militsionerlar bosqiniga duch kelishgan.

Jamoa rahbari velosport bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a‘zosi, xalqaro musobaqalar g‘olibi, O‘zbekistonning bir necha karra chempioni Vadim Shayxov Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda bu bosqin tafsilotlarini aytib berdi.

Shayxovga ko‘ra¸ Qorasuv dahasi bo‘ylab o‘tgan¸ 10 kilometrlik trassada reja bo‘yicha harakat qilayotgan ikki sportchi militsionerlar to‘sgani bois treningdan chetlashgan:

- Velopoyga mashqini bajarayotgan bola boshqarayotgan velosipedning egaridan militsioner ushlab olgan, bolakay yiqilib, jarohat oldi. Qimmatbaho sport velosipediga zarar yetdi. Sport musobaqasi rejasi buzildi¸ deb ta‘kidladi taniqli velosport ustasi Vadim Shayxov Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ shu kunlarda Qorasuv dahasi bo‘ylab o‘tgan yo‘ldagi mashg‘ulotlar to‘xtab qolgan.

Dami chiqarilgan velosipedlar


Toshkentda militsiya xodimlari bir necha kundan buyon velosiped mingan yosh-yalangni ushlab, jarimaga tortmoqda. Velosiped egalari 26 ming so‘m jarima to‘laganidan keyin maxsus suhbatdan ham o‘tkazilmoqda.

Bu ma‘lumotlarni Ozodlikka bildirgan Toshkent shahar Avtomobil nazorati idorasi xodimi kapitan Musurmon Xudoyqulovga ko‘ra¸ bu tadbir mobaynida poytaxtdagi velosipedlarni ijaraga beruvchi punktlar yopib qo‘yilmoqda.

Ayni paytda, velosipedchilarga ruhiy bosib qilish uchun ular yetovidagi velosipedlarning dami militsionerlar tarafidan namoyishkorona chiqarilmoqda.

Toshkent shahar Avtomobil nazorati idorasi xodimi kapitan Musurmon Xudoyqulovga ko‘ra¸ bu tadbir jarima o‘rniga tarbiyaviy maqsadda qilinmoqda.

Ayni paytda¸ velosipedlarga qarshi kurashning bunday yovvoyi usuliga qarshi O‘zbekistondagi nashrlarda maqolalar ham paydo bo‘ldi.

O‘zbekistondagi Kun.uz nashri 1 may kuni militsiya xodimlarining velosiped shinalari damini chiqarib tashlayotgani aks etgan fotosuratlarni e‘lon qildi.

Nashrga ko‘ra¸ 30 aprel, seshanba kuni Toshkentdagi Mirzo Ulug‘bek bog‘i (sobiq Telьman parki) yaqinida ikki nafar militsiya xodimi 14 yoshlar atrofidagi ikki o‘smirning velosipedi shinalarini damini chiqargan.

Maqolada velosipedchi o‘smir gapidan iqtibos ham keltirilgan:

“Yo‘lga chiqib, velosipedni qo‘lda yetaklab ketayotganimizda, YPX xodimi kelib, bunday yurish mumkin emas, deb, shinalarni damini chiqarib ketdi”¸ deb aytgan o‘smir o‘z gapini video-foto tasvir bilan isbotlashi mumkinligini maqola davomida ta‘kidlagan.

Velosiped ovi


O‘zbekiston Davlat avtoinspektsiya idorasidagi o‘zini Shoira deb tanishtirgan mulozimaga ko‘ra, shu kunlarda Toshkentda velosiped haydovchilari xavfsizligi borasida maxsus tadbir o‘tmoqda.

Suhbatdoshga ko‘ra, maxsus brigadalar Toshkent ko‘chalarida velosipedni bejo boshqarganlarni ushlab, jarimaga tortmoqda:

- Brigadalar ishini maxsus shtab muvofiqlashtirmoqda, deydi suhbatdosh.

Toshkentdagi velosiped haydovchilarini nazorat qilishga safarbar qilingan maxsus brigada rahbari¸ kapitan Musurmon Xudoyqulov ayni paytda shtab a‘zosidir.

Ozodlik bilan suhbatda Xudoyqulov velosiped haydovchilari ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari ko‘paygani bois, bu tadbir amalga oshirilayotganini aytdi:

- Bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari oldini olish uchun bu tadbirga qo‘l urdik. Chunki, velosiped haydovchilari ishtirokidagi avariyalar ko‘payib ketdi¸ deydi suhbatdosh.

Musurmon Xudoyqulovga ko‘ra, tadbir voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘limi va Toshkent shahar hokimligi bilan muvofiqlashtirilgan holda olib borilmoqda:

- Velosipedni ijaraga beradigan tochkalarni yoptirayapmiz birin-ketin. Bu ish endi hokimiyat bilan kelishilgan xolda qilinayapti¸ deydi DAN mulozimi.

Toshkent shahrida velosipedlarni prokatga berish bilan shug‘ullanadigan oltita shirkatning birortasi shu kunlarda ishlamayapti.

Bu asnoda, O‘zbekistondagi qator nashrlar militsiya xodimlari bir necha kundan buyon poytaxt ko‘chalarida odamlarning velosipedlarini tortib olishmoqda, degan xabar tarqatdi.

Kapitan Musurmon Xudoyqulov Ozodlik bilan suhbatda: "Toshkent militsiyasi poytaxtda velosipedlar musodara etilmayapti, balki egasidan olib qo‘yilayapti", deb vaziyatga aniqlik kiritdi:

- Musodara qilinmayapti. Birovning mulkiku bu. Jarimasini to‘laguncha, egasidan vaqtincha olib qo‘ymoqdamiz¸ ana turibdi velosipedlar jarima maydonida¸ deydi suhbatdosh.

Ozodlik bilan suhbatda Musurmon Xudoyqulov faqat voyaga yetmagan yosh-yalanglargina tadbir nishoni ekanligini alohida eslatdi:

- Masalan, bir yoshi katta odam ishdan velosipedda tinchgina qoidaga rioya qilib kelayotgan bo‘lsa, biz unga teginmaymiz. Asosiy e‘tibor yoshlarga. Bir-ikkitasi spirtli ichimlik ichib, velosiped haydayotganida qo‘lga tushdi. Tartib bo‘lishi kerak bu sohada¸ deydi DAN mulozimi.

Adliya vazirligi velosipedga qarshi


Velosipedchilarga qarshi tadbir avj olgan bir paytda “Hurriyat” mustaqil gazetasining 24 aprel kungi sonida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi mas‘ul xodimi Jahongir Sotiboldiyevning "Ehtiyot bo‘ling, velosipedchilar!" nomli maqolasi e‘lon qildi.

Ushbu maqola nemis shoiri Henrih Haynenining shu so‘zlari bilan boshlangan: "Hech qanday qonunga bo‘ysunmaslik – himoya qiluvchi kuchdan mahrum bo‘lish demakdir. Binobarin, qonunlar nafaqat boshqalardan, balki o‘zimizdan ham himoya qilishi darkor".

Maqola davomida Adliya vaziri mulozimi O‘zbekistonda velosiped boshqarayotgan shaxsning 14 yoshga kirgan bo‘lishi lozimligini urg‘ulaydi.

“Ushbu talabga rioya qilishga bolaning ota-onasi mas‘uldir¸” deya tahdidli ohang ta‘kidlangandan so‘ng¸ maqola davomida velosiped boshqaruvchilrga qo‘yiladigan talablar sanaladi:

– velosipedchining alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta‘siridan yoki o‘zgacha tarzda mastligi yoki mast emasligini belgilangan tartibda aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlashi – eng kam ish haqining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (136-modda);

– velosiped haydovchining alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta‘siridan yoki o‘zgacha mast bo‘lgan holda yo‘l harakati qoidalarini buzish – eng kam ish haqining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (138-modda);

– velosiped haydovchilarining yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi, ustunlik beruvchi, taqiqlovchi yoki ko‘rsatma beruvchi yo‘l belgilari talablariga rioya etmasligi – eng kam ish haqining uchdan bir qismi miqdorida, yo‘l harakati qoidalarini buzishi oqibatida avariya holatini vujudga keltirishi – eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (138-modda).

Toshkentdagi velosiped haydovchilarini nazorat qilishga safarbar etilgan maxsus brigada boshlig‘i¸ kapitan Musurmon Xudoyqulov Ozodlik bilan suhbatda¸ shaharda harakatlanayotgan velosipedlar atrofga loy sachratmaydigan moslama (brizgovik) bilan jihozlanmagan bo‘lsa ham jarimaga tortilishini aytdi:

- Biz atrofdagi odamlarni ham o‘ylashimiz kerak. Velosiped loy sachratib ketsa yaxshi emasku axir¸ deydi

Velosipedimni sotaman


Toshkentda velosipedchilarga qarshi keng qamrovli nazorat ketayotgan bir paytda "velosipedimni sotaman", mazmunidagi e‘lonlar ko‘paydi.

Ana shunday elonlardan biridagi telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qildik.

Go‘shakni ko‘targan Ergash ismli 29 yashar yigit bir yil oldin ancha qimmatga sotib olgan velosipedini sotish sabablarini izohladi:

- O‘zi zo‘r velosiped¸ gap yo‘q. Zo‘r bo‘lgani uchun militsiya diqqatini tortayapti. Rama orasida prujinasi bor. Kechagida yo‘lda to‘xtatgan militsioner o‘sha prujinaga e‘tiroz bildirdi. "Sen bu velosiped bilan ariqdan sakramoqchimisan", deydi menga. Xullas, sotib qutilaman endi. Ortiqcha gapning keragi yo‘q. Tinch yuraylik¸ deydi toshkentlik velosipedchi Ergashboy.
XS
SM
MD
LG