Линклар

logo-print
Aprel oyida Bostonda amalga oshirilgan portlashlar uchun chechen musulmonlarining gumonlanayotgani AQShda 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan so‘ng tug‘ilgan islom va musulmonlardan qo‘rqish hissiyotlarini yana kuchaytirib yubordi.

Shu kunlarda AQSh siyosatchilari¸ tahlilchilari¸ qolaversa oddiy amerikaliklar yosh chechen muhojirlarini terrorga qo‘l urishga nimalar majburlaganini tushunishga harakat qilmoqdalar.

Bu jarayon barobarida Amerikaning turli burchaklaridan aka-ukalarni begunoh odamlarni o‘ldirishga ularning dini undadi¸ degan asosda islomga qarshi kayfiyatlar ham kuchayib bormoqda.

Shundaylardan biri¸ konservativ sharhlovchi Erik Rashdir. Boston portlashlari yuz berishidan sanoqli soat o‘tib¸ hali gumonlanayotganlar shaxsiga oid biror xabar chiqmay turib Rash¸ o‘z Twitter sahifasida “bu ishni Saudiy Arabistonidan kelganlar qildi” deb yozdi.

Bunday yozuviga javoban twitterdoshlaridan birining “Siz bu portlash uchun musulmonlarni ayblayasizmi?” degan savoliga Rash:”Albatta ularni. Musulmonlar yovuzdirlar. Ularning hammasini o‘ldirish kerak!” deb yozdi.

Garchi ko‘p o‘tmay Rash o‘zining bu javobi achchiq kinoya ekanini urg‘ulagan bo‘lsa-da¸ aytilgan gap – otilgan o‘q: bu bayonot jamoatchilikni junbushga solib ulgurdi.

Boston portlashlaridan bir hafta o‘tib MSNBC telekanali suhbatlashgan sobiq respublikachi senator Jo Valsh:

- Biz urush holatidamiz. O‘tgan hafta Bostondagi fojia Amerikaga uning urushda ekanidan eslatma bo‘ldi. Biz nafaqat muhojirat masalasida jiddiy tanaffus e‘lon qilishimiz¸ balki bu urushdagi asosiy dushmanimiz kim ekanini aniqlab olishimiz lozim. Asos dushmanimiz yosh musulmon yigitlaridir¸ dedi.

23 aprel kuni ashaddiy o‘ngchilar minbari sanalgan Fox news tarmog‘i boshlovchisi Bob Bekel AQShga student vizasi bilan kelayotgan musulmon yoshlari qadamini qirqish kerak¸ hozirgacha kelganlarini esa yaxshilab elakdan o‘tkazib¸ bir qismini uyiga¸ boshqasini esa¸ qamoqqa jo‘natishimiz kerak¸ deya gap qildi.

26 aprel kuni AQSh Kongressi Namoyandalar palatasining Tashqi aloqalar qo‘mitasida “Chechenistondagi islomiy ekstremizm: AQShga tahdid?” deb nomlangan muhokamalarga raislik qilgan kaliforniyalik respublikachi kongressmen Dana Rohrabaher yig‘inni "Umid qilamanki¸ odamlarni bolalarimizni o‘ldirishga rag‘batlantirayotgan dinga qarshi hammamiz birgalikda ishlaymiz" degan so‘zlar bilan yakunladi.

Amerikadagi musulmon guruhlarining bildirishicha¸ Boston portlashlaridan so‘ng kuchayib ketgan islomga qarshi bunday keskin bayonotlar musulmonlardan qo‘rqish hissini kuchaytirib yuborgan va ko‘plab musulmonlarga nisbatan jismoniy va og‘zaki zo‘ravonliklarga asos bergan.

Bostondagi Amerika islom kongressi faoli Nosir Vedodiyning aytishicha¸ hozirda AQShda 2001 yilning 11 sentyabr voqealaridan beri kuzatilmagan kuchli islomobiya yuzaga kelgan:

- 11 sentyabrdan beri terrorizmga aloqador qandayki voqea ro‘y bermasin¸ darhol musulmonlarni ayblash¸ islomdan qo‘rqish odat tusiga kirgan. Bu alohida olingan voqealar emas. Ayrim hududlarda hamma musulmonlarni terrorchi sifatida ko‘rish an‘anaga aylangan va ayni shu hududlar islomofobiyaning butun mamlakat doirasida kuchayishiga ta‘sir qilmoqda¸ deydi Vedodiy.

Shunday bo‘lsa-da¸ Boston musulmonlar kongressi faoli¸ nafaqat fuqarolik guruhlari va oddiy amerikaliklar¸ balki hukumat tizimlari tomonidan ham musulmonlarni qo‘llash harakatlari mavjudligini e‘tirof etadi.

“Keyingi kunlar ichida o‘tkazgan suhbatlarimdan ko‘plab amerikaliklarning alohida shaxslar va jamoalarni bir-biridan farqlashiga amin bo‘ldim”¸ deydi Vedodiy.
XS
SM
MD
LG