Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:09

AQShda qozog‘istonlik talabalar ustidan ilk mahkama boshlandi


Qozoq talabalari Boston marafonida portlash sodir etganlikda gumonlanib qo‘lga olingan Johar Tsarnayev ishi yuzasidan boshlangan tergovga to‘sqinlik qilganlikda ayblanmoqda. Agar aybdor deb topilsa, ular 5 yillik qamoq jazosi va 250 ming dollarlik jarimaga tortilishi mumkin.

Advokatlar Qozog‘istondan AQShga kelib o‘qiyotgan 19 yoshli Azamat Tajayakov va Dias Qadirbayev uch odam nobud bo‘lgan va 260 dan ortiq odam jarohat olgan Boston portlashlariga aloqador emasligini aytmoqda.

Johar Tsarnayevning do‘sti ekani aytilayotgan qozog‘istonlik ikki talaba til biriktirib “dalillarni yo‘q qilish va yashirish orqali adolatli sudlovga to‘sqinlik qilganlikda” ayblanmoqda.

Ikki qozog‘istonlik talabaning ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi 14 mayga belgilangan.

Uchinchi shaxs esa AQSh fuqarosi Robel Fillipos bo‘lib, u “yolg‘on ma‘lumot berganlikda” ayblanmoqda. Uning ishi bo‘yicha ikkinchi sud 6 mayga belgilangan.

Ikki qozog‘istonlik va bir amerikalik Boston portlashlariga bevosita aloqadorlikda ayblanmagan.

Ular Johar Tsarnayev bilan SMS yozishuvidan so‘ng Massachuset universitetidagi Joharning ryukzagi va kompyuterini yo‘q qilishga uringanlikda ayblanmoqda.

AQSh rasmiylariga ko‘ra, Johar Tsarnayevning ryukzagi poroxi ajratib olingan (bayram tantanalarida ishlatiladigan) mushaklar bilan to‘la bo‘lgan.

Qadirbayev “bomba yasash”da ishlatish mumkin deb o‘ylab, Joharning uyidagi vazelin solingan idishni ham olib ketgan.

Tergov jarayoniga aloqador rasmiylarga ko‘ra, Tajayakov va Qadirbayev Johar Tsarnayevga tegishli ash‘yolarni o‘zlari yashayotgan uyga olib kelib axlatga tashlab yuborishgan. Keyinroq politsiya bu ash‘yolarni axlatdan topgan.

Sudning ayblov hujjatlariga ko‘ra, Bostondagi bomba hujumidan bir oycha oldin Johar Tsarnayev qozog‘istonlik ikki o‘rtog‘iga bomba yasashni bilishini aytgan.

19 aprel kuni politsiya bilan bo‘lgan otishmada yaralanganidan so‘ng hibsga olingan 19 yashar Johar Tsarnayev hozir kasalxonada davolanmoqda.

Joharning akasi Tamerlan Tsarnayev o‘sha kuni politsiya bilan sodir bo‘lgan otishmada otib o‘ldirildi.

Tamerlan va Joharning onasi o‘z farzandlari bomba hujumiga aloqador ekani haqidagi iddaolar yolg‘on ekanini ta‘kidlab kelmoqda.

Azamat Tajayakov va Dias Qadirbayev dastlabki tergovdan keyin talabalar vizasi tartibini buzganlik aybi bilan AQSh Migratsiya xizmati tomonidan qo‘lga olindi.

Federal tergov byurosiga ko‘ra, ayblanayotgan uchchala shaxs Massachuset universitetida Johar Tsarnayev bilan birga o‘qishgan.

1 may kungi sud majlisidan so‘ng Qadirbayevning advokati Robert Stahl o‘z mijozining bomba hujumiga hech qanday aloqasi bo‘lmaganini ta‘kidladi:

- Dias Qadirbayev ayblovlarni butkul rad qiladi. Biz boshida aytib o‘tganimizdek, u Federal tergov byurosi tekshiruv olib borishida yordam bergan. U jamiyatning barcha a‘zolari kabi Bostonda ro‘y bergan zo‘ravonlikdan jumbushga tushgan. U hujumga Tsarnayevning aloqasi bo‘lganini bilmagan. U buni keyinroq taxmin qilgan.

Dias Tsarnayevning fotosuratini ko‘rishi bilan darhol tanigani haqidagi hukumatning iddaolariga biz bunga shubha bilan qaraymiz va keyinroq sudga o‘z da‘vomizni taqdim etmoqchimiz. Qadirbayev va oila a‘zolari Bostonda mudhish zo‘ravonlik sodir bo‘lganidan juda afsusda. Uning bu zo‘ravonlikka aloqasi yo‘q, deya bayonot berdi qozog‘istonlik talaba Dias Qadirbayevning advokati.

Azamat Tajayakovning advokati Xarlan Protass ham o‘z mijozining Bostondagi hujumlarga aloqasi yo‘qligini ta‘kidladi.

Xabarlarga ko‘ra, agar aybdor deb topilsa, Azamat Tajayakov va Dias Qadirbayev ko‘pi bilan 5 yillik qamoq jazosi va 250 ming dollardan jarimaga tortilishi mumkin.

Filippos esa 8 yillik qamoq jazosiga hukm qilinishi va 250 ming dollarlik jarimaga tortilishi mumkin.
XS
SM
MD
LG