Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:56

AQSh O‘zbekistondan "qaroqchilik"ni to‘xtatishni so‘radi


AQSh Savdo vakili departamentining chorshanba kuni e‘lon qilingan yillik hisobotida O‘zbekiston hukumatidan intellektual mulk huquqlarini himoyalashga qaratilgan qonunchilikni kuchaytirish so‘raldi.

Hisobotda O‘zbekiston intellektual mulk huquqlari buzilayotgan Belarus, Turkmaniston, Tojikiston kabi o‘ttizdan ortiq mamlakat qatorida tilga olinadi.

"O‘zbekiston Intellektual mulk agentligi mualliflik huquqlarini ta‘minlash bo‘yicha qator majburiyatlarni zimmasiga olgan va shu majburiyatlarga amal qilgan holda mamlakat huquq-tartibot idoralari qaroqchilik mahsulotlari, noqonuniy ko‘chirilgan filmlar va audio mahsulotlarning chegaradan olib o‘tilishi, shuningdek video va audio mahsulotlarning Internetdan noqonuniy ko‘chirib olinishiga qarshi jiddiy choralar ko‘rishi lozim", deyiladi hisobotda.

AQSh Savdo vakili departamentiga ko‘ra, O‘zbekiston parlamenti intellektual mulk huquqlarini himoyalash uchun zudlikda lozim qonunlarni qabul qilishi, mamlakatning mualliflik huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konventsiyalarga qo‘shilishini tezlashtirishi lozim.

2011 yilda O‘zbekiston Davlat patent idorasi qoshida Intellektual mulk agentligi tashkil etilgan edi.

Agentlik rasmiylaridan biri Ozodlik bilan suhbatda intellektual mulkni muhofaza qilish uchun lozim choralar ko‘rilayotgani, bu sohada sakkizta davlatlararo, 10 ta hukumatlararo va 17 ta idoralararo shartnoma va bitimlar tuzilib, amal qilayotganini aytdi.

Agentlik ma‘lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil davomida mamlakat bozorlarida o‘tkazilgan reydlar davomida 200 mingdan ziyod qaroqchilik yo‘li bilan ko‘paytirilgan video va audio disklar savdodan olinib, musodara qilingan.

Bu kabi choralarga qaramay¸ O‘zbekiston bozorlarida qaroqchilik mahsulotlari sotilishi davom etmoqda.

Toshkentdagi “Abu Saxiy” bozorida disklar bilan savdo qiluvchi Tohir ismli tadbirkorning aytishicha, bozorda sotilayotgan disklarning 90 foizi qaroqchilik mahsulotlaridir:

- Bizda odamlarning sertifikatsiyadan o‘tgan mahsulotlarni sotib olishga qurbi yetmaydi. Kino yoki qo‘shiq yozilgan bir disk 2000 so‘m, xuddi shu diskning sertifikatsiyalangani 8000 so‘m. Odamlar qaysi birisini oladi, albatta¸ arzonini, deydi ismli toshkentlik tadbirkor.

Rossiya kanallaridan seriallarni ko‘chirib yozib sotish ham hozir O‘zbekistonda serdaromad biznesga aylangan:

- “Muhtasham yuz yil” turk serialini kechagisi menda 2000 so‘m. Sifatliroq diskga yozilgani 3500. Ellikdan ortiq doimiy kliyentim bor. Har hafta kelib mendan olib ketishadi. Turkchasi ham bor¸ ruschasi ham, deydi o‘z isimini aytmagan diskfurushlardan biri.

AQSh Savdo vakili departamentining mualliflik huquqlarini eng ko‘p buzayotgan mamlakarlar ro‘yxatiga bu yil Ukraina, Rossiya, Pokiston, Hindiston, Braziliya kabi o‘ttizdan ortiq mamlakat kiritilgan.

Bu mamlakatlarda ishlab chiqarilayotgan soxta kompakt disklar, videotasmalar va boshqa turdagi mahsulotlar AQSh shirkatlariga millionlab dollar hajmda zarar keltirmoqda.

AQSh Savdo vakili departamentiga ko‘ra¸ intellektual mulk huquqlarini eng buzayotgan mamlakat Ukrainadir. Qo‘shma Shtatlar¸ agar Kiyev qaroqchilikka qarshi jiddiy chora ko‘rmasa¸ mamlakatga qarshi sanktsiyalar joriy etilishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
XS
SM
MD
LG