Линклар

Rossiyaga qarashli MTS shirkatining O‘zbekistondagi sho‘ba korxonasi “O‘zdunrobita” uyali aloqa operatorining 13 ta viloyatdagi bo‘limlarini bankrot deb e‘lon qilish va nazoratga olish jarayoni boshlandi. 22 aprel kuni Toshkent shahar xo‘jalik sudi “O‘zdunrobita” mobil aloqa shirkatini bankrot deb e‘lon qilgan edi.

Rossiyaning RIA Novosti axborot agentligi xabariga ko‘ra, MTS-O‘zbekiston brendi ostida faoliyat yuritgan “O‘zdunrobita”ning 13 ta viloyatdagi bo‘limini bankrot deb e‘lon qilish jarayoni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jalik sudi va O‘zbekiston viloyatlaridagi Xo‘jalik sudlari ajrimlariga muvofiq boshlangan.

Sudlar qaroriga muvofiq, bo‘limlarga vaqtinchalik boshqaruvchilar tayinlangan.

Rossiyada may bayrami nishonlanayotgani sababli Rossiyaning MTS shirkati rasmiylaridan munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

RIA Novostiga ko‘ra, “O‘zdunrobita” kreditorlarining navbatdagi yig‘ilishi 3 iyunda bo‘ladi. 10 iyunga belgilangan kreditorlar yig‘ilishida esa bo‘limlar bankrotligi masalasining muhokama etishi kutilmoqda.

Joriy yil 22 aprel kuni Toshkent shahar Xo‘jalik sudi “O‘zdunrobita” mobil aloqa shirkatini bankrot deb e‘lon qilgan edi.

Toshkent shahar Xo‘jalik sudining 2012 yil noyabr oyida chiqargan qaroriga ko‘ra, "O‘zdunrobita" shirkati o‘z zimmasiga yuklatilgan 600 million dollarlik moliyaviy da‘volarni sakkiz oy muddat ichida to‘lab bitirishi kerak edi. Majburiyatini bajara olmagani uchun “O‘zdunrobita” mol-mulki uning haqdorlariga o‘tadi.

MTS shirkatidagi manbalarning Ozodlikka aytishicha, "O‘zdunrobita" shirkati kreditorlari soni ko‘p va ularning asosiysi O‘zbekiston hukumati hisoblanadi. Hukumat nomidan kreditor sifatida Davlat Soliq qo‘mitasi ish yuritadi.

Mutaxassislar "O‘zdunrobita"dan qoladigan texnika vositalarini maxsus kompьyuter programmalarisiz ishlatib bo‘lmasligini aytmoqda.

Faoliyati to‘xtatilguniga qadar "O‘zdunrobita" O‘zbekistondagi eng yirik mobil aloqa operatori edi.

Aloqa doirasi mamlakatning 94 foiz hududini qamrab oluvchi operator 9 milliondan ortiq abonentga xizmat ko‘rsatgan. Bu O‘zbekiston mobil aloqa bozorining 40 foizidan ko‘prog‘ini tashkil qilgan.

“O‘zdunrobita” faoliyati to‘xtatilishi ortidan uning millionlab mijozi mamlakatda faoliyat yurituvchi boshqa shirkatlarga o‘tib ketishga majbur bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG