Линклар

O‘zbekistonda “turmush qurish yoshiga yetmagan shaxs bilan amalda turmush qurgan”larga nisbatan jazo choralari kuchaytirildi.

Bu haqda Ozodlikka O‘zbekiston Senati Qonunchilik va sud-huquq qo‘mitasi raisi Svetlana Ortiqova ma‘lum qildi.

Senatorga ko‘ra¸ 18 yoshga to‘lmagan shaxs bilan turmush qurgan odam eng kam ish haqqining bir necha o‘n barobarigacha bo‘lgan miqdorda jarimaga tortilishi, axloq tuzatish ishlariga jalb qilinishi yoki hibsga olinishi mumkin:

- 18 yoshga to‘lmagan farzandlarini turmushga bergan yoki uylagan ota-onalar yoxud ularning vasiylari eng kam ish haqining 30 dan 50 darajagacha bo‘lgan miqdorida jarimaga tortilishi, ikki yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb qilinishi yoki to‘rt oygacha hisb qilinishi mumkin¸ dedi Svetlana Ortiqova Ozodlik bilan suhbatda.

Ayni paytda¸ senator Ortiqova qonunda gumanizm g‘oyalaridan kelib chiqilgan istisnolar mavjudligini ham ta‘kidladi:

-Eslatib qo‘yaman, O‘zbekiston Oila kodeksida nikoh yoshi erkaklar uchun 18, ayollar uchun 17 yosh qilib belgilangan. Uzrli sabablar bo‘lgan taqdirda tuman yoki shahar hokimi istisno tariqasida nikoh yoshini pasaytirishi mumkin. Ammo hokim nikoh yoshini faqat bir yilga pasaytira oladi¸ dedi senator.

O‘zbekiston parlamenti tomonidan 29 aprel kuni qabul qilingan mazkur qonunni 30 aprel kuni prezident Islom Karimov imzolagan.


Qizlarni erta erga bermaslik borasida targ‘ibot


O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasida ishlaydigan mulozima qiz Ozodlik radiosi muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatda aholi orasida qizlarni erta erga bermaslik borasida targ‘ibot olib borilayotganini aytadi.

Suhbatdosh bu borada o‘z shaxsiy fikri ham borligini ta‘kidladi:

- Menimcha¸ qizlar uchun turmushga chiqish yoshini 20 yosh qilib ko‘tarish kerak. Bu yoshga kelib qizlar o‘qishni tugatish arafasida bo‘ladi¸ oq-qorani taniydi¸ deydi mulozima.

Erta turmush qurishning salbiy oqibatlari borasida Toshkentdagi Respublika salomatlik va tibbiy statistika institutida qator tadbirlar o‘tkazib kelinadi.

Bu tadbirlarda o‘z ma‘ruzalari bilan qatnashganini aytgan toshkentlik vrach Dilobar Ahmedova o‘zbek ayollarinig erta turmush qurishiga printsipal tarzda qarshi ekanini ta‘kidlaydi:

- Qonunchilikda nikoh yoshi 17 yosh deb belgilangan. Menimcha bu yoshda turmushga chiqish erta. Birinchidan, turmushga chiqayotgan qiz jismonan, ruhan tayyor emas. Uni oilada kelinlik vazifalariga tayyor emasligini hisobga olsak, turmushga chiqish yoshining qizlar uchun 20-22 yosh, yigitlar uchun 23-25 yosh deb belgilangani ma‘qul¸ deydi Dilobar Ahmedova.

Suhbatdoshimiz bo‘lgan toshkentlik vrach 18 yoshgacha farzand ko‘rgan ayollarning chaqaloqlari orasida o‘lim holatlari 20 yoshdan keyin ona bo‘lgan ayollardagiga qaraganda ko‘proq uchrashini ham ta‘kidladi.

O‘zbekiston Senati Qonunchilik va sud-huquq qo‘mitasi raisi Svetlana Ortiqova qizini erta erga berganlarga jazo kuchayganligini jamiyatdagi ehtiyoj bilan izohladi:

- Biz mutaxassis olimlar¸ ginekologlar va sotsiologlar fikrini inobatga olib¸ O‘zbekiston Oila kodeksi bo‘yicha javobgarlikni kuchaytirdik. U yoki bu qonun jamiyat ehtiyoji bosi qabul qilinadi. Demak¸ bu sohada javobgarlik kuchayishiga ehtiyoj mavjud ekan¸ deydi Svetlana Ortiqova.


Urf-odatlar bosimi


Qonunlardagi cheklovlarga qaramasdan, O‘zbekistonda qizlarni 15-16 yoshida erga berish holatlari ko‘p kuzatiladi.

Vrach Dilobar Ahmedovaga ko‘ra¸ bunday hollarda nikoh rasman qayd qilinmaydi yoki kelinning guvohnomasi soxtalashtiriladi:

- Jamoatchilik zehniyati bunday hollarda qari momo va buvilarimiz hikoyasiga tayanadi. Buvilarimiz 11-14 yoshlarda turmushga chiqqanini faxrlanib gapirishadi. Bu o‘rinda har doim ham keksalar gapi to‘g‘ri emasligini tushunishimiz lozim, deydi suhbatdosh.

Jamoa fikri-ustivor bo‘lgan O‘zbekiston jamiyatida yoshi sal o‘tgan qizlarga salbiy munosabat shakllangan.

Buxoro va Samarqandda bunday qizlarga nisbatan “pirduxtar”¸ Toshkentda “qariqiz”¸ Farg‘ona vodiysida esa “o‘tirib qolgan qiz “ tarzida haqoratomuz kalimalar qo‘llaniladi.

Sotsiolog olimlar zehniyatni qonuniy cheklovlar bilan o‘zgartirish mushkulligini aytib kelishadi.
XS
SM
MD
LG