Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 09:39

Suriya TV: Isroil Damashqdagi harbiy markazga hujum qildi


Suriyaning davlatga qarashli televideniyesi Isroilni poytaxt Damashqdagi harbiy-tadqiqot markaziga raketa hujumi uyushtirganlikda aybladi. Televideniye ushbu ayblovni 5 may kuni ertalab Damashqda sodir bo‘lgan portlashlardan keyin e‘lon qildi.

Damashqdagi harbiy-tadqiqot markaziga hujum oqibatida ko‘rilgan zarar haqida hech qanday ma‘lumot tarqatilmadi.

Isroil va uning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan AQSh yakshanba kungi voqeaga darhol munosabat bildirmadi.

Agar tasdiqlansa, bu Isroilning uch kun ichida Suriya hududidagi nishonlarga uyushtirgan ikkinchi hujumi bo‘ladi.

Suriya televideniyesi orqali o‘qib eshittirilgan bayonotda: “Isroil uyushtirgan yangi hujumdan maqsad shonli armiyamiz qaqshatqich zarbalaridan esankirab qolgan terrorchi guruhlar ruhini ko‘tarishdan iborat”, deyilgan.

Suriya parlamenti a‘zosi Fayz Al-Sayig‘ 5 may kuni Damashqda Reyters axborot agentligiga bergan intervyusida Isroilning havo hujumiga bunday munosabat bildirdi.

- Suriya bu agressiyaga javob qaytarishdan oldin o‘z ittifoqchilari va do‘stlari, jumladan, Rossiya, Xitoy, Eron kabi davlatlar va mintaqadagi qarshilik harakatlari bilan qator maslahatlashuv o‘tkazadi. Men, hukumat bunga boshqa vositalar yoki bevosita harbiy javob qaytarishni o‘rganayotganiga ishonaman, deya fikr bildirdi Suriya parlamenti deputati.

Muxolifatga xayrixoh bo‘lgan Suriya inson huquqlari observatoriyasi ma‘lumotiga ko‘ra, yakshanba kungi hujum Jamraya harbiy-tadqiqot markazi va unga yaqin joylashgan qurol-aslaha omboriga qarshi amalga oshirilgan.

Faollar tomonidan Internetga qo‘yilgan videolavhada tunda Damashqda portlashlar sodir bo‘layotgani aks etgan.

Isroil harbiylari yanvar oyida ham Jamraya tadqiqot markaziga hujum amalga oshirgani aytiladi.

Damashqdagi portlashlar Isroil 3 may kuni Suriya hududida olib ketilayotgan raketalarga hujum qilganini tasdiqlanganidan bir kun keyin sodir bo‘ldi.

Xabarlarga ko‘ra, o‘sha raketalar Suriya hukumatining ittifoqchisi, Isroilga qarshi bo‘lgan Hizbulloh guruhi janggarilariga topshirilishi mo‘ljallangan edi.

2006 yilda Isroil va Hizbulloh o‘rtasida bir oy davomida urush bo‘lgan.

AQSh Prezidenti Barak Obama zamonaviy qurollar Hizbulloh guruhiga topshirilishining oldini olish orqali Isroil o‘zini himoya qilish huquqiga ega ekanini ta‘kidlagan.

Kosta Rikaga safari chog‘ida ispan tilidagi televideniyega intervyu bergan Barak Obama: "Isroil rasmiylari hujum isroilliklar tomonidan amalga oshirilganini tasdiqlagani yoki uni inkor qilganidan keyin bu borada fikr bildirish mumkin", deya voqeani sharhlashdan bosh tortdi.

Ayni paytda, yakshanba kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ramin Mehmonparast Isroil Suriyada amalga oshirgani aytilayotgan hujumni qoralab, mintaqa davlatlarini Tel Avivga qarshi turishga chaqirdi.

Eronning Press telekanaliga ko‘ra, Mehmonparast Isroilni “bosqinchilik”da ayblab, mazkur hujum mintaqada beqaror vaziyatni yuzaga keltirish maqsadida atayin uyushtirilganini iddao qilgan.

BMT ma‘lumotiga ko‘ra, 2011 yil mart oyida Suriyada prezident Bashar Al-Assad rejimiga qarshi ommaviy noroziliklar boshlanganidan beri mamlakatda 70 mingdan ziyod odam nobud bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG