Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:41

NATO yuklarini O‘zbekiston orqali olib chiqishni boshladi


24 aprel kuni NATOning Shimoliy ta‘minot tarmog‘i orqali olib chiqilgan yuklarining birinchi partiyasi Latviya portlariga yetkazildi. Afg‘onistondan O‘zbekiston orqali olib chiqilgan harbiy yuklar Norvegiya bilan Buyuk Britaniyaga jo‘natiladi.

“Latviya temir yo‘llari” shirkatiga qarashli LDz Cargo firmasi NATOga tegishli Afg‘onistondagi harbiy yuklarining birinchi partiyasini Latviyadagi portlarga yetkazdi.

Buni “Latviya temir yo‘llari” shirkatining matbuot kotibi Maris Ozols Ozodlikka tasdiqladi.

- NATO kontingenti yuklarining birinchi yukini biz 24 aprel kuni qabul qilib oldik. Latviya Mudofaa vazirligi bilan Latviya Transport vazirligi hamkorligida NATO yuklarini Afg‘onistondan olib chiqish koridori ta‘minlanmoqda. “Latviya temir yo‘llari” shirkati esa NATO harbiy yuklarini mamlakat hududida tashishni zimmasiga olgan. LDz Cargo firmasi bundan keyin ham harbiy yuklarni muvafaqiyatli tashishda davom etadi degan umiddamiz,- dedi Maris Ozols.

“Latviya temir yo‘llari” shirkati ma‘lumotiga ko‘ra, Afg‘onistondan NATO yuklarini olib chiqishda DSV xalqaro logistika kompaniyasi asosiy pudratchi hisoblanadi. Transcontainer kompaniyasi esa NATO yuklarini O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya orqali olib chiqishni o‘z zimmasiga olgan.

Maris Ozolsga ko‘ra, Latviya portlaridagi NATO yuklari hozirda Norvegiya bilan Buyuk Britaniyaga jo‘natishga tayyorlanmoqda.

O‘tgan yilning iyun oyida NATO rasmiy Toshkent bilan Afg‘onistondagi o‘n minglab zirxli mashina, konteyner va qurol-yaroqni O‘zbekiston hududi orqali olib chiqishni ko‘zda tutuvchi bitim borasida shartnoma imzolagan edi.

Erishilgan bitimga muvofiq, NATO o‘n minglab zirxli mashina, konteyner va qurol-yaroqni Afg‘onistondan Markaziy Osiyoning uch davlati hamda Rossiya orqali Yevropaga yetkazadi.

AQSh va Britaniya Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqishida O‘zbekiston o‘z hududini tranzit sifatida taqdim qilishi evaziga harbiy texnika va‘da qilgan.

AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Robert Bleyk mart oyida AQSh Konrgessining tashqi ishlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi oldida qilgan chiqishida Toshkentning iltimosiga ko‘ra, O‘zbekistonga terrorchilikka qarshi kurashish uchun harbiy yordamni tiklashni rejalashtirayotganini ma‘lum qilgan edi. Undan avvalgi chiqishlarida Bleyk O‘zbekistonga taklif qilinayotgan harbiy texnika, asosan, turli xil avtomobillar, jumladan, “Hummer” harbiy mashinalari va boshqa shunga o‘xshash vositalardan iborat ekanini bildirgan.

Britaniya ham tranzit uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan 700 ming dollar haq evaziga O‘zbekistonga texnika va extiyot qismlar berishi xabar qilingan.

AQSh Mudofaa vazirligi ma‘lumotiga ko‘ra, Amerika va NATO harbiylari uchun shimoliy ta‘minot tarmog‘idagi yuklarning 98 foizi O‘zbekiston orqali olib o‘tiladi.

Afg‘onistonda NATO yetakchiligidagi harbiy amaliyotlar 2014 yil oxirigacha yakun topishi aytilgan.

Kelasi ikki yil davomida NATO kuchlari Afg‘onistondan 70 ming avtomobil va zirhli texnika hamda 120 ming dona yuk konteynerlari olib chiqishni rejalagan.
XS
SM
MD
LG