Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:05

So‘xlik fermerlar qirg‘iz chegarachilaridan shikoyat qilmoqda


O‘zbekistonning So‘x eksklavida yashovchi fermerlar bu yil bug‘doy yetishtirish bo‘yicha davlat buyurtmasini bajara olmay qolishlari mumkinligidan tashvishga tushganlar.

Bu tashvishga, so‘xliklarning aytishlaricha, qirg‘iz sarhadchilarining eksklav fermerlari uchun mo‘ljallangan mineral o‘g‘itlarni chegaradan o‘tkazmayotgani sabab bo‘lmoqda.

- Qo‘shni Qirg‘iziston respublikasi bizga o‘g‘it o‘tkazishga ruxsat bermayapti. Endi fermerlar bug‘doy ekkanmiz, shu bug‘doyni ikkinchi oziqlantirish muhlati o‘tib ketayapti. Agar hozir oziqlantirmasak, keyinchalik hosilga zarari bor. Qirg‘iziston Respublikasiga insof tilab turibmiz “O‘g‘itni o‘tkazib bersayu bug‘doyni o‘g‘itlasak” deb – shu problema bo‘lib turibdi, - deydi ismi oshkor etilishini istamagan so‘xlik fermerlardan biri.

Uning aytishicha, Farg‘ona viloyatining boshqa joylaridan So‘x tumaniga o‘g‘it o‘tkazishga Qadamjoy chegara-o‘tkazish maskanidagi chegarachilar to‘sqinlik qilmoqdalar.

Kasbi agronomlik bo‘lgan suhbatdoshimizga ko‘ra, bug‘doyni ikkinchi marta o‘g‘itlash ishi 24 apreldan 10 maygacha yakunlanishi kerak, aks holda, bu hosildorlikka ta‘sir ko‘rsatishi mumkin.

So‘xlik fermer shu paytgacha tumandagi dehqonlar har gektar yerdan 50-60 tsentnerdan hosil olib kelganlari, bug‘doyzorlarga azotli o‘g‘it bilan tegishli ishlov berilmasa, bu ko‘rsatkich tushib ketishi mumkinligini aytdi. Shuningdek, suhbatdoshimiz tuman rasmiylari qirg‘izistonlik hamkasblari bilan chegaradan o‘g‘it o‘tkazish bo‘yicha muzokara olib borganlari, biroq hozircha bu so‘zlashuvlardan natija chiqmayotganini qo‘shimcha qildi.

So‘xlik boshqa bir fermerga ko‘ra esa, Farg‘ona viloyatining boshqa joylarida 400 so‘m turgan o‘g‘it narxi avvalroq eksklavga yetib kelgunicha 1200 so‘mdan 1500 so‘mgacha chiqib ketganini, hozirga kelib esa shu pulga ham o‘g‘it topib bo‘lmayotganini ma‘lum qildi.

Suhbatdoshimizning xavotir bilan qayd etishicha, so‘xlik fermerlar rejadagi bug‘doyni yetishtira olmay qolsalar, bozordan 1200-1500 so‘mdan bug‘doy sotib olib, 300-350 so‘mdan davlatga topshirishga majbur bo‘ladilar, aks holda, ijaraga berilgan yerlar olib qo‘yilishi mumkin. Bu kabi amaliyot O‘zbekistonning boshqa viloyat va tumanlarida ham kuzatilgani Ozodlikning avvalgi maqolalarida aytilgan.

So‘xliklarning aytishlaricha, ularning o‘zbek-qirg‘iz chegarasida turli muammolarga duch kelishi shu yil boshidan ko‘paygan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 5 yanvar kuni Qirg‘iziston chegarachilari o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi bahsli ekani aytilayotgan hududga simyog‘ochlar o‘rnatganiga So‘x eksklavining Xushyor qishlog‘i aholisi norozilik bildirgan edi. Oqibatda norozilik 6-7 yanvar kunlari qirg‘iz chegarachilarini o‘q otishga majbur qilgan va xushyorliklar tomonidan 30 qirg‘izistonlik garovga olingan katta janjalga aylangan edi. 7 yanvar kuni janjalning keskin fazasi to‘xtatilgan.

Mazkur voqeadan so‘ng So‘x eksklavi bir muddat qamal holatida qolgan. Ammo keyinchalik o‘zaro so‘zlashuvlar natijasida ikki mamlakat o‘rtasidagi chegara punktlari ochilib, so‘xliklar “katta yer”ga, ya‘ni O‘zbekistonning boshqa hududlariga borish-kelish imkoniyatiga ega bo‘lgandilar.

So‘x janjalidan so‘ng O‘zbekiston va Qirg‘iziston rasmiylari bu yerdagi barcha muammolarni o‘zaro muzokaralar yo‘li bilan hal qilish yuzasidan kelishib olganlari haqida bayonotlar bergandilar. Biroq, so‘xliklarga ko‘ra, chegaraoldi hududlarida kishi ta‘bini xira qiladigan holatlar tez-tez kuzatilmoqda.

O‘g‘it o‘tkazish muammosi bo‘yicha Qirg‘izistonning Qadamjoy chegara-o‘tkazish punktidagi mas‘ullaridan izoh olishga urinishlarimiz hozircha samara bermadi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, So‘x tumanida 700 gektardan oshiqroq yerga bug‘doy ekiladi. Bu yerdan tuman fermerlari joriy yilda 2200 tonna bug‘doy yig‘ib olishni rejalagan edilar.
XS
SM
MD
LG