Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:45

O‘zbekiston VDNXdagi pavilyonlardan voz kechdi


O‘zbekiston Moskvadagi Butunrossiya ko‘rgazma markazi (VVTs) hududida o‘ziga ajratilgan pavilyondan voz kechdi. “Izvestiya” nashri xabariga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu savdo majmuasini 50 yilga yiliga ramziy 1 rublga ijaraga berishni taklif etgan.

“Izvestiya” gazetasi O‘zbekiston hukumati Butunrossiya ko‘rgazma markazidagi pavilьonga egalik qilish huquqidan voz kechganini ma‘lum qildi.

VVTs xodimlari Ozodlik muxbiriga O‘zbekiston Respublikasi vakolatxonasi hozircha rad javobini rasman izohlamayotganini ma‘lum qilishdi:

- Eshitishimcha, O‘zbekiston bu tashabbusni iqtisodiy jihatdan maqsadga nomuvofiq deb hisoblamoqda. Shu sababli ular xohlamadi. Biz ularga taklif qildik, ular voz kechdi. Nega ular voz kechdi, ularning o‘zlaridan so‘rab biling. Qolgan respublikalar rozilik berdi, masalan, Qirg‘iziston, Armaniston, Belarus... Bu butun talablarga to‘la javob beradigan savdo majmualar. Ular o‘z didlariga moslatib uni rekonstruktsiya qilishlari kerak edi, xolos, dedi o‘zini Yevgeniya deb tanishtirgan Butunrossiya ko‘rgazma markazi vakilasi Ozodlikka.

Ko‘rgazma markazida sho‘rolar davridagi VDNX yoki Xalq Xo‘jaligi Yutuqlari Ko‘rgazmasini tiklash g‘oyasini birinchi marotaba Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtaga qo‘ygan.

2010 yilda Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan MDH sammitidagi chiqishida Vladimir Putin VDNX hududida ittifoqdosh respublikalar pavilyonlarini tiklash va unda o‘z ko‘rgazmalarini tashkil etishni taklif qilgan edi.

“Iqtisodiy bo‘hrondan keyin murakkab kelgan 2010 yilda davlatlarimiz savdo-iqtisodiy munosabatlarida yaxshi natijalarga erishishga muvaffaq bo‘ldi”, dedi Rossiya prezidenti:

- Bu pozitiv tendentsiyani mustahkamlash, jumladan, Butunjahon Savdo tashkiloti zamonaviy qoidalariga asoslangan MDH doirasida Erkin savdo zonasi to‘g‘risida shartnoma imzolanishi xizmat qilgan bo‘lardi. Bu shartnoma ma‘naviy jihatdan eskirib bo‘lgan 1994 yilgi Erkin savdo kelishuvi o‘rnini bosishi kerak. Buning uchun korxona, shirkat, mintaqalarimiz o‘rtasidagi bevosita munosabatlarni tiklashga qaratilgan choralarni qabul qilish kerak. Rossiya Butunrossiya Ko‘rgazma markazida hamdo‘stlik ishtirokchilari pavilьonlarini ochishni taklif etmoqda. Shu tariqa biz ilgarigi va, menimcha, foydali bo‘lgan an‘anani tiklaymiz, degan edi Vladimir Putin.

Rossiya rahbari VVTsdagi savdo binolarini 50 yilga yiliga ramziy 1 rublga ijaraga olishni taklif qildi.

Ko‘rgazma vakillaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, hozirda Rossiya VVTs hududida o‘z savdo-ko‘rgazma markazini ochish shartnomalari MDHning yettita davlati bilan imzolangan: o‘z pavilyonlarini ochishni Ukraina, Moldova, Qozog‘iston, Tojikiston va Abxaziya rejalashtirayotgan bo‘lsa, Armaniston va Qirg‘iziston pavilyonlari allaqachon faoliyat yuritmoqda.

Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasi vakillari Ozodlik muxbiriga¸ ko‘rgazma hududidagi pavilyondan voz kechish haqida hech qanday ma‘lumotga ega emasliklari va “Izvestiya” keltirayotgan ma‘lumotni na tasdiqlash va na inkor eta olishlarini bildirishdi.

Endilikda O‘zbekiston Respublikasi ijaraga olishdan voz kechgan VDNXdagi savdo binolar Rus geografiya jamiyatiga topshiriladi.
XS
SM
MD
LG