Линклар

Pivo va sigaret, makaronu konservalangan go‘sht, piyoz va sarimsoqpiyoz, ziravor va qaylalar, kartoshka va no‘xat...

Bu tovarlarning O‘zbekistonga import qilinadigan qismi yaqin kunlar ichida qimmatlaydi.

Chunki 1 maydan boshlab tilga olingan tovarlar importini cheklash uchun yangi hukumat yangi cheklovlar joriy etdi.

Prezident Karimovning “Mahalliy iste‘mol tovarlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish va assortimentini kengaytirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori joriy oy boshida kuchga kirdi.

Mazkur qaror O‘zbekistonga importi cheklangan oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlar ro‘yxatini yanada kengaytirdi.

1 apreldan boshlab O‘zbekistonga import qilinadigan mahsulotlarning 45 turiga 10 %dan 30 %gacha aktsiz solig‘i solinishi belgilangan edi.

Qo‘shimcha aktsiz solig‘iga tortiladigan tovarlar ro‘yxatida kartoshkadan tortib velosipedgacha bor edi.

Xususan, pivo, sigaret, atir sovun, teri va trikotajdan tayyorlangan kiyimlar, sovutgich, changyutgich, dazmol va konditsioner kabi keng iste‘mol tovarlari importiga aktsiz stavkalari 1 apreldan oshirilgan edi.

Prezident Karimov 30 aprelda imzolagan va va 1 mayda kuchga kirgan PP-1961 – qarorga binoan, aktsiz solig‘i 1 apreldan oshgan tovarlardan ba‘zilariga yana shu soliq stavkalari oshirildi.

Masalan, Uzdaily.uz saytiga ko‘ra, hukumat pivoga aktsiz solig‘ini 100%, biroq har litriga 1,3 dollardan kam bo‘lmagan miqdorda belgilagan. 1 maygacha bu tovar uchun soliq stavkasi 70%, lekin har litriga kamida 1 dollar bo‘lgandi.

Go‘shtdan qilingan tayyor yoki konservalangan mahsulotlar import qilinsa, aktsiz solig‘i tovar bojxona qiymatining 70 %ini tashkil qiladi. 1 maygacha 50% edi.
Shuningdek, konservalangan meva-sabzavot mahsulotlari uchun aktsiz 30%dan 50%ga oshdi.

Mamlakatga makaron olib kiruvchilar ham aktsiz solig‘i 20%dan 30%ga oshganini bilib qo‘yishi kerak. Turli ziravor va qaylalar uchun aktsizlar esa, 50%dan 70%ga oshdi.

1 maydan boshlab tar sabzavotlar importi ham aktsiz solig‘i joriy etish yo‘li bilan cheklanmoqda. Masalan, kartoshka uchun 10, piyoz va sarimsoqpiyoz uchun 30, dukkaklilar uchun 10%li aktsiz joriy qilindi.

Farg‘onalik Ma‘rufjon akaning so‘zlariga qaraganda, hukumatning bu yo‘nalishdagi qadami umuman to‘g‘ri, lekin tovarlarning ba‘zi turlari bo‘yicha joylardagi bozor xususiyatlaridan kelib chiqish kerak:

- Masalan, piyoz importini cheklash zarur, deydi Ma‘rufjon aka, chunki, shu kunda Farg‘ona bozorlarida piyoz o‘ta arzon. O‘tgan yili qimmat bo‘lgan bo‘lsa kerak, shuning uchun dehqonlar ko‘proq ekib, bu yil ancha arzon.

Ayni paytda, kartoshka har yilgidan qimmat. Chunki Farg‘ona bozorlarida sotiladigan kartoshkaning katta qismi, asosan, import mahsulotdir:

- Balki, Qirg‘iziston bilan munosabatlar sovuqlashib, yo‘llar yopiq bo‘lgani uchunmi, har holda kartoshka qimmat. Kilosi 1700 dan boshlanib 2100 so‘mgacha, dedi farg‘onalik Ma‘rufjon aka.

Uning aytishicha, bozorda mahalliy sanoat mollarini ham topish mumkin:

- Farg‘ona poyafzal fabrikasida ishlab chiqarilgan shippak sotib oldim yaqinda. 7000 ming so‘m xolos, arzon, dedi dedi farg‘onalik Ma‘rufjon aka.

Yana 1 maydan joriy etilgan yoki oshirilgan aktsiz soliqlariga qaytamiz.
Prezidentning 30 aprel kungi qaroriga binoan tamaki mahsulotlari uchun soliq miqdori ham oshdi. 1 maygacha ming dona sigaret uchun aktsiz 3 AQSh dollari miqdorida bo‘lgan bo‘lsa, 1 maydan boshlab bu ko‘rsatkich 5 dollarga ko‘tarildi.

Iqtisodchi Mirkomil Toshkandiyning fikricha, hukumatning importni cheklashdan ikki maqsadi bo‘lishi mumkin:

- Birinchidan, tadbirkorlarni, mahalliy ishlab chiqaruvchini himoya qilish, ikkinchidan davlat byudjeti kamomadini qoplash, uni to‘ldirishdir, dedi Mirkomil Toshkandiy.

Lekin iqtisodchi fikricha, importni keskin cheklash ortidan uning salbiy oqibatlarini ham kutishga to‘g‘ri keladi – kontrabanda kuchayadi.

O‘zbekiston Prezidentining 1 maydan kuchgan kirgan 30 aprel kungi qarori bu sohadagi dastlabki hujjat emas.

Prezident Karimov 2013 yil, 29 yanvar kuni “Mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilgan mahsulotlar raqobatbardoshligini yanada oshirish va tovarlarning mamlakatga noqonuniy olib qirilishiga qarshi kurashni kuchaytirishning chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan, Vazirlar Mahkamasi esa, 2013 yilning 4 martida "Tovarlar va transport vositalarini O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib o‘tishni tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni qabul qilgan edi.

Tilga olingan ikki hujjat importni keskin qisqartirish uchun asos bo‘lgan bo‘lsa, 30 aprel kungi qaror o‘sha asosni yanada kuchaytirdi.

Tahlilchilar, xususan, iqtisodchi Mirkomil Toshkandiy “1 apreldan boshlangan taqiqlarning foyda-zarari to‘g‘risida bir narsa deyishga hali erta”, degan fikrni bildirdi.
XS
SM
MD
LG