Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:32

Alisher Usmonovning jiyani avtohalokat qurboni bo‘ldi


Toshkent shahrining Yunusobod tumanida 8 may kuni tong saharda ro‘y bergan avtohalokat oqibatida asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovning jiyani va uning yo‘ldoshi halok bo‘ldi. Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, katta tezlikda kelgan avtomashinani haydovchi boshqarolmay qolib, yo‘l chetidagi to‘siqqa qattiq urilgan.


Halokat tafsilotlari


Bobur Usmonovning avariyaga uchragan avtomobili.
Bobur Usmonovning avariyaga uchragan avtomobili.
“Toshkentning Yunusobod tumanidagi “Shedevr” supermarketi yonida 8 may kuni ertalab soat 5 dan 15 daqiqa o‘tganda sodir bo‘lgan avtohalokat natijasida rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning jiyani Bobur Usmonov boshqarayotgan qizil rangdagi “Ford Mustang” rusumli avtomobil avariyaga uchradi. Halokat natijasida Bobur Usmonovning o‘zi va uning yonida ketayotgan 20-25 yoshlardagi qiz ham voqea joyida halok bo‘ldi. Avtomobil qayta tiklanmaydigan darajada pachoq bo‘lgan”, deb xabar berdi Ozodlikning Toshkentdagi manbalaridan biri.

Yunusobod tumani yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limining o‘zini tanishtirmagan xodimi haqiqatan shunday avariya bo‘lganligini tasdiqladi va bu halokatda o‘lim holati borligi uchun bu voqea bilan O‘zbekiston Ichki Ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi shug‘ullanayotganini aytdi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda, bu avtohalokatda qurbon bo‘lganlarning biri Alisher Usmonovning jiyani ekanligini tasdiqladi:

- Bu avtohalokatda ikki kishi o‘ldi. Biri Alisher Usmonovning jiyani Usmonov Bobur Bahodirovich, ikkinchisi Yo‘ldosheva Kristina Kamilovna. Haydovchi boshqaruvni yo‘qotib ag‘darilgan, dedi respublika Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi mulozimlaridan biri.

Halokat sodir bo‘lgan "Shedevr" kompleksining O‘zbekiston prezidenti to‘ng‘ichi Gulnora Karimovaga qarashli ekani aytiladi.


Milliardlar merosxo‘ri va kuyov


Bobur Usmonovning oilasiga yaqin bo‘lgan Ozodlik manbalaridan birining aytishicha, Bobur Alisher Usmonovning yagona ukasi Bahodir Usmonovning o‘g‘li bo‘lgan va u milliarder amakisining asosiy merosxo‘rlaridan biri sifatida ko‘rilgan. Alisher Usmonovning o‘z farzandi bo‘lmagani bois¸ oilaga yaqin manbalarga ko‘ra¸ Bobur unga o‘g‘il maqomida yaqin bo‘lgan.

Rossiya va Britaniyaning eng boy odami Alisher Usmonov o'ziga o'g'liday yaqin bo'lgan jiyanidan ayrildi.
Rossiya va Britaniyaning eng boy odami Alisher Usmonov o'ziga o'g'liday yaqin bo'lgan jiyanidan ayrildi.
Ayni paytda¸ Bobur Usmonov 2009 yilda O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoevning jiyani Diyoraga uylangan va bu nikohdan tug‘ilgan bir yashar Maryam ismli qizchasi bor. Bobur va Diyora to‘yi haqida xabar tarqatgan ayrim norasmiy nashrlar¸ bu nikohning Usmonov va Mirziyoev¸ pul va hokimiyat nikohi sifatida baholashgan edi. Usmonovlar oilasiga yaqin manbaga ko‘ra¸ Bobur va Diyora sevib turmush qurishgan.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Bobur Usmonov ham Moskvada yashagan, Toshkentga esa Alisher Usmonovning boshqa bir jiyani Asal Narziyevaning nikoh to‘yiga mehmonga kelgan. To‘y 10 may kuniga belgilangan edi, biroq ayni paytda to‘yning qoldirilishi haqida gap bo‘layapti, deydi manba:

- Bu to‘yning ZAGSi bo‘lib o‘tdi, kecha Bobur boshqa bir o‘rtog‘ining tug‘ilgan kunida qatnashgan. "SMI" degan kafeda kechasi bilan o‘tirishgan. O‘sha kafedan ertalab chiqib ketgandan so‘ng avariyaga uchragan. Bobur Usmonovning bir yoshli qizi yetim qoldi. Xotini Diyora uchun, ayniqsa, bu juda kutilmagan musibat bo‘ldi. Juda qattiq qayg‘urdi, u sho‘rlik. Hatto uyga olib kelishganda meni ham birga ko‘minglar deb, mayyitning yoniga yotib oldi, deydi Ozodlik manbasi.

Bobur va Diyora (Foto Instagram ijtimoiy tarmog'idan olingan)
Bobur va Diyora (Foto Instagram ijtimoiy tarmog'idan olingan)
Bu manbaga ko‘ra, avtohalokatda nobud bo‘lgan Kristina Yo‘ldosheva Boburning do‘stlaridan birining jazmani bo‘lgan. Do‘stining iltimosiga ko‘ra, u qizni uyiga olib borayotganda falokat sodir bo‘lgan.

Manbaga ko‘ra, Bobur Usmonov 8 may kuni, Toshkentda tuproqqa qo‘yilgan.

Alisher Usmonovning yana besh nafar jiyani bor. Marhum Boburning singlisi Ganya Usmonova va Alisher Usmonov ikki singlisining farzandlari Sanjar va Sarvar Ismoilovlar hamda Nasiba va Asal Narziyevalar.

Asli namanganlik bo‘lgan Alisher Usmonov bugun Rossiyaning eng boy odami hisoblanadi.

Forbes jurnalining 2013 yilgi reytingida asli o‘zbekistonlik Rossiya fuqarosi Alisher Usmonov 17,6 milliard dollar bilan jahon boylari orasida 34-pog‘onani egalladi.
XS
SM
MD
LG