Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:16

O‘zbekistonlik jurnalistga qochqin maqomi berildi


O‘zbekistonlik jurnalist Yelena Bondar Qirg‘izistonda qochqinlik maqomi oldi. BMTning Qochqinlar ishi bo‘yicha Oliy komissarligi 7 may kuni mana shunday qaror chiqargan. O‘zbekistonda jurnalist Jinoyat kodeksining “Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish" moddasi bo‘yicha ayblangan edi.

Yelena Bondarning Ozodlik radiosiga aytishicha, birinchi marotaba BMTning Qochqinlar ishi bo‘yicha Oliy komissarligi unga qochqinlik maqomi berishdan bosh tortgan. Bondar apellyatsiya tarzida shikoyat arizasini kiritganidan so‘ng komissarlikning Bishkek vakolatxonasi ishni qayta ko‘rib chiqqan va 7 may kuni qochqin maqomini berish to‘g‘risida qaror chiqargan.

- Qirg‘izistonga men 2012 yilning 16 iyunida boshpana so‘rab keldim. 2013 yilning 13 martida Qochqinlar ishi bo‘yicha Oliy komissarlikning Bishkek vakolatxonasi menga qochqin maqomi berilmasligi to‘g‘risida qaror chiqargan. Mazkur qarorda aytilishicha, men O‘zbekistonga qaytib borsam hech qanday ta‘qib va tazyiqlarga uchramas ekanman. Shundan so‘ng men komissarlikka apellyatsiya arizasini kiritdim. Norvegiya Xelsinki qo‘mitasi, Chegara bilmas muxbirlar, Hyuman Rayts Votch kabi tashkilotlar meni himoya qilib chiqdi. AQShlik diplomatlarning ham menga yordami katta bo‘ldi. Shundan so‘ng Qochqinlar ishi bo‘yicha Oliy komissarlik ishimni qayta ko‘rib chiqib, 7 may kuni menga qochqinlik maqomi berdi, -dedi Yelena Bondar.

Mustaqil jurnalist qatori Yelena Bondar fergana.ru, uznews.net, iwpr saytlari bilan hamkorlik qilib kelgan. Uning aytishicha, 2009 yildan boshlab muntazam tarzda paxta dalalarida bolalarning qullarcha mehnatidan foydalanilayotgani to‘g‘risida maqolalar yozib kelgani sababli huquq-tartibot tuzilmalari tomonidan ta‘qib qilingan.

- 2011 yilning avgust oyi oxirlarida men O‘zbekiston dushmanlari ro‘yxatiga kiritilganimga amin bo‘ldim. Men Toshkentda ijaraga uy olib yashar edim. Qaysi uyni ijaraga olsam, oradan ko‘p o‘tmay uy egalari mendan uyni bo‘shatib qo‘yishimni talab qilar edi. Bilsam, O‘zbekiston maxsus xizmatlari menga uyini ijaraga bergan shaxslarga bosim ko‘rsatib, “Bu O‘zbekiston dushmani, O‘zbekistonga nisbatan ig‘vo maqolalar yozuvchi jurnalist” deb taqdim etishar ekan. Bundan tashqari O‘zbekistondan tashqariga chiqmoqchi bo‘lsam chegarada yoki aeroportda muntazam tarzda meni ushlab qolishar edi, -dedi Yelena Bondar.

2012 yilda Yelena Bondar Farg‘ona.ru saytiga Tyumen universitetining Toshkentdagi filiali ta‘qib etilayotgani, O‘zbekiston hukumati ta‘lim dargohini yopish niyatida ekani haqida kelib tushgan maktubni o‘rganishga harakat qilgan edi. O‘zbekiston huquq -tartibot tuzilmalari uning bu harakatini "milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish" sifatida baholagan va jinoyat ishi ochilgan.

Mazkur ishni ko‘rib chiqqan Toshkent shahar Yunusobod tuman jinoiy ishlar bo‘yicha sudi hukmi bilan 2012 yil 6 aprelida Yelena Bondar 6 million 920 ming so‘m ( o‘sha paytdagi rasmiy kurs bilan taqriban 3700 AQSh dollari, “qora bozor” kursi bilan esa taxminan 2450 AQSh dollari – tahr.) miqdorida jarimaga tortilgan edi.

Shundan so‘ng Yelena Bondar O‘zbekistonni tark etgan. Ammo jurnalist Qirg‘izistonda ham o‘z xafsizligi ta‘minlangan deb hisoblamasligini aytadi. Unga ko‘ra, istalgan paytda bu yerdan uni maxsus xizmatlar yashirin tarzda O‘zbekistonga olib chiqib ketishlari yoki Qirg‘iziston hukumati ekstraditsiya qilishi mumkin.

Joriy yilning 18 fevralida Bishkekda yashayotgan o‘zbekistonlik qochqin Shuhrat Musin bedarak yo‘qolgan edi. Qarorgohi Frantsiyada joylashgan “O‘tyuraklar klubi” huquq himoyasi tashkiloti 13 aprel kuni Shuhrat Musinning izi Andijon qamoqxonasidan topilgani haqida bayonot tarqatgan. “O‘tyuraklar klubi” ma‘lumotida Shuhrat Musinni O‘zbekiston maxsus xizmatlari xodimlari Bishkekdan Andijonga o‘g‘irlab ketilgani aytilgan.
XS
SM
MD
LG