Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:21

Urganchda "Damas" egalariga yo‘lovchi tashish taqiqlandi


Xorazm viloyatining ma‘muriy markazi Urganch shahrida xususiy "Damas" mikroavtobusi egalariga marshrut liniyalarida yo‘lovchi tashish taqiqlab qo‘yilgani minglab odamni ishsiz qoldirdi.

Shu oy boshidan Urganchdagi yo‘nalishlarda yuzdan ziyod yangi "Isuzu" avtobuslari yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshladi.

Shu paytga qadar Urganchdagi barcha marshrut yo‘nalishlarida yo‘lovchilarni tashish asosan shahardagi minglab "Damas" mikroavtobuslarida amalga oshirilar edi.

- Birgina 19-marshrut yo‘nalishida 400 ta "Damas" qatnar edi. Men ham shu yo‘nalishda edim. Yaqinda to‘xtatishdi, qo‘lga tushganlarni shtraf qilayapti, deydi urganchlik "Damas" haydovchisi Alisher.

Urganchlik yo‘lovchilar esa shahardagi yo‘nalishlarga "Isuzu" avtobuslari chiqarilganidan mamnun ekanini aytishadi:

- "Isuzu" avtobuslari yaxshi, ichi keng. Lekin ostanovkada yancha kutib qolyapmiz. "Damas"larning keti uzilmas edi. Konkurentsiya yo‘qolmasligi uchun “Damas"larni ham liniyada qoldirish kerak edi, deydi urganchlik Azamat.

Urganchda shahar hokimiyatining qarori asosida 1 maydan kuchga kirgan yangi tartib yo‘lovchi tashib kun ko‘rib kelgan minglab odamni ishsiz qoldiradi. 34 yashar Doniyor shularning biri:

- Ikki yil avval Rossiyada ishlab topgan pulimga "Damas" olgan edim. Kunimga yarab, ro‘zg‘orni bir tarafini ko‘tarib turgandi. Endi sotaman desam "Damas"ni narxi ham bozorda tushib ketibdi, sotsam yana Rossiyaga ketamam, deb turibman, boshqa iloj yo‘q, deydi Doniyor.

Viloyat rasmiylari yo‘llarda tartib o‘rnatish, yo‘lovchilar xavfsizligini yaxshilash maqsadida "Damas"lar olinib, ular o‘rniga nisbatan xavfsiz, shinam avtoubuslar yo‘nalishlarga chiqarilganini aytishmoqda.

Xorazmlik 72 yashar Ro‘zmat ota hokimiyat qaroridan mamnun:

-"Damas"ga minishga ham qo‘rqar edik. Ko‘pchiligi gaz qilib olgan. Yosh bolalarni rulga o‘tkazib qo‘ygan. Ko‘pchiligi kunlik normani bajarishim kerak, deb, yo‘l xavfsizligiga ham e‘tibor bermay, uchirtirib haydab, ko‘p avariyalar bo‘lar edi. Gaz, portlab ketadi deb ham o‘ylashmaydi. Pensionermisan, boshqamisan shu 600 so‘m, bo‘lmasa tush, deb turib olishadi. Hukumatniki 400 so‘m, pensionerlarga esa yarim narxda ekan, bu yaxshi, deydi nafaqaxo‘r Ro‘zmat ota.

“Damas" mashinalarini kiraga berib, oyiga millionlab so‘m daromad ko‘rayotganlar ham bor edi. Hukumat endi yuzlab xonadon qazonini qaynatib turgan bu biznesni ham qo‘liga oldi", deydi urganchlik tadbirkor Muzaffar.

- “Damas" arendasi kuniga 50 ming so‘m. Mashinani kiraga olgan haydovchi bundan tashqari kuniga 12 ming so‘m soliq ham to‘laydi. Ortgani o‘ziniki va benzin yo gaz to‘ldirishga ketadi. Oyiga mashinani arendasi bir yarim million so‘mga boradi. O‘nta mashinangiz bo‘lsa¸ oyda ko‘radigan foydani tasavvur qilaverasiz. Shahardagi “Damas"larni 80 foizi arendaga olingandi. Hozir shu biznes bilan shug‘ullanganlar foydadan quruq qoldi, deydi Muzaffar.

Ayni paytda ayrim “Damas" egalari osonlikcha taqdirga tan bermoqchi emas:

–Hozir tanishlarim bilan gaplashayapman. Liniyada yurib qo‘lini ko‘targan odamni olayapti ekan. Lekin, baribir bu uzoqqa bormaydi, “Damas" tirikchiligini kuni bitdi Urganchda, deydi xorazmlik haydovchi Azamat.
XS
SM
MD
LG