Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:28

Qariyalarni o‘ldirganlikda gumonlanganlardan biri qo‘lga olindi


Toshkentdagi Hamza tumanining Chizelniy mavzesida bundan 20 kun keksa ayolni o‘ldirganlikda gumonlangan shaxs hibsga olindi. Militsiya xodimlarining aytishlaricha, qo‘lga olingan shaxs giyohvand bo‘lgan va ayni paytda uning sherigi qidirilmoqda.

Hamza tumani Ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan xodimi Ozodlik bilan suhbatda keksa ayollarni o‘ldirganlikda gumonlangan shaxslardan biri hibsga olinganini tasdiqladi:

- Chizelniy mavzesidagi kampirni o‘ldirgan odam qo‘lga olindi. Uning o‘zi narkoman bo‘lgan, sherigi ham bo‘lgan. Kampirni tunash maqsadida uyiga kirgan, o‘zi aslida o‘ldirmoqchi bo‘lmagan, lekin kampir qarshilik qilganda¸ o‘ldirib qo‘ygan. Uning sherigi ham kim ekanligi aniq, qidiryapmiz, dedi Ichki ishlar bo‘limi xodimi.

Militsiya xodimi tergov siri bo‘lganligi uchun qo‘lga olingan shaxsning ismini oshkor etmadi.

Bu voqea haqida xabar bergan Uzmetronom Internet gazetasining yozishicha, bu uyda 95 va 73 yoshli ikki kampir yashagan. Jinoyatchilar ikkinchi qavatga birinchi qavatdagi uyning panjarasidan osilib chiqqan. "Birinchi kampir qattiq uxlab yotganligi sababli tirik qolgan, ikkinchi kampir esa qarshilik ko‘rsatgani uchun pichoqlangan", deb yozadi gazeta.

Hamza tumanida istiqomat qiladigan 68 yoshli pensioner Abduqahhor Musayevning aytishicha, so‘nggi paytlarda nafaqat yolg‘iz qariyalarni tunash, balki kuppa kunduz kuni ham qaroqchilik qilish holatlari ko‘paygan:

- Mani ayolimning singlisini uyiga kuppa-kunduz uchtasi maskada bostirib kirgan. Singlimiz rosa qattiq baqirib dodlagan ekan, keyin ular qochib qopti. Kuni-kecha uchalasini ham ushlashibdi, yosh bolalar ekan, deydi Abduqahhor Musayev.

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, so‘nggi olti mobaynida Toshkent shahrida yolg‘iz pensionerlarni tunash va o‘ldirish holatlari soni yigirmadan oshgan.

Toshkent shahar "Mahalla" jamg‘armasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, yolg‘iz qariyalarni o‘ldirish va tunash holatlarida, jinoyatchilar o‘zlarini kommunal xo‘jaligi xodimlari deb tanishtirgan.

Joriy yilning 17 fevral kuni Toshkent shahrining Mirobod tumani "Tong nuri" mahallasida yashovchi 91 yoshli Hakima Avloniy ham o‘z uyida noma‘lum shaxslar tomonidan o‘ldirib ketilgan edi.

Aprel oyining boshida Toshkent shahri Mirzo-Ulug‘bek tumanining TTZ-2 va Feruza massivlarida yana ikki qariya ayol o‘ldirilib, uylari tunab ketildi.

10 aprelda Ulug‘bek tumanida istiqomat qiluvchi keksa aël o‘z uyi bo‘sag‘asida noma‘lum qotil tarafidan o‘ldirib ketildi.

Aprel oyi o‘rtalarida Toshkent viloyatining Chirchiq va Angren shaharlarida yana ikki yolg‘iz ayolning uyi tunab ketildi.

Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi qotillarning fotorobotlari aks etgan e‘lonlarni ko‘chalarga yopishtirib, gumondor shaxslar haqida militsiyaga xabar bergan shaxsga 5 million so‘m mukofot puli va‘da qilgan edi.
XS
SM
MD
LG