Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:15

"Islomda hasharot yeyishga ruxsat bor. Faqat..."


- Islomda o‘t-o‘lan yeydigan hasharotlar, masalan, chigirtka yeyish man etilmagan, dedi taniqli islom olimi, Qirg‘izistonning sobiq muftiysi Sodiq qori Kamoliddin.

Olimni hasharotlar mavzuidagi suhbatga tortishga BMTning kuni kecha e‘lon qilingan yangi hisoboti sabab bo‘ldi.

Hamjamiyatning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hisobotida dunyo bo‘ylab 2 milliarddan ziyod kishi uchun hasharotlar qo‘shimcha yegulik ekanligi eslatib o‘tilgan. Hasharotlarni iste‘mol qilish dunyo bo‘ylab ochlik va atrof-muhit ifloslanishi darajasini pasaytirishga hissa qo‘shishi ta‘kidlangan.

Hisobotda qurt-qumursqalar oqsilga o‘ta boyligi tufayli to‘yib ovqatlanish imkonidan mahrum bolalar yeguliklarini boyitadigan qo‘shimcha bo‘lishi mumkinligi uqtirilgan.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, hasharotlardan jirkanish oqsilga boy bo‘lgan bu oziqning G‘arb jamiyatida iste‘molga kirishi yo‘lida jiddiy to‘siq bo‘lmoqda.
Hasharotlar nafaqat G‘arb xalqlari dasturxonida, balki musulmon xalqlarining mutlaq ko‘pchiligi, xususan, o‘zbeklar dasturxonida ham uchramaydi.

Ma‘lumki, o‘zbeklar u yoki bu narsani yeyish yoki yemaslik to‘g‘risida qaror qabul qilar ekan, odatda, islomiy hukmlardan kelib chiqadi.

Bas, shunday ekan, hasharotlar iste‘moliga oid islomiy hukmlar qanday?

"Bizlarning shariatimizda qurt-qumursqalar, hasharotlar, hayvonotlarning ichida haloli bor, haromi bor"


Ozodlik: Hasharotlarning ichida ham yeydigani bormi?

- Bor. Masalan chigirtka. Mana shunga o‘xshaganlarni yesa bo‘ladi. Lekin o‘zidan kichik hayvonlarni yeydigan, masalan qonini so‘radigan, ichadigan narsalar, tirnoqli narsalar, tirnog‘i bilan bo‘g‘ib ushlab yeydigan qushlar – bular shariatda harom qilingan. Chigirtkaga o‘xshab nabototlarni, o‘t-o‘lanlarni yeydigan narsalarni iste‘mol qilsa bo‘ladi. Mana shunga qarab hammasi ajratilaveradi. Mana shu tarozi. O‘limtik yeydigan, o‘zidan kichik hasharotni yeydigan, qonini so‘radigan – u hasharot bo‘lsin, qurt-qumursqa bo‘lsin harom qilingan. Nabotot bilan tirikchilik qiladigan hasharotlarni iste‘mol qilsa bo‘ladi. Hayvonlar ham, parrandalar ham xuddi shunday. Chumchuqlar, kabutarlarga o‘xshagan narsalarni yesa bo‘ladi. Chunki bular o‘limtik yemaydi. Kalxatlar, burgutlar qon ichadi, go‘sht yeydi, tirnog‘i bilan bo‘g‘ib o‘ldirib, iste‘mol qiladi. Shuning uchun bularning go‘shti harom qilingan.

Ozodlik: Mana chigirtkani aytdingiz. Lekin chigirtka qatorida aytish uchun uzoq sanashga to‘g‘ri keladi. Siz aytgan asiosiy belgilar, o‘sha qon so‘rmaydigan bo‘lsa va shunga o‘xshagan taqiqlardan xoli bo‘ladigan bo‘lsa,hasharotlarni yeyish mumkin.

- Ha, men aytib o‘tdim, o‘t-o‘lan bilan, nabotot bilan ozuqalanadigan narsalar bo‘lsa chigirtkaga o‘xshagan, bularni iste‘mol qilsa bo‘ladi.

Ozodlik: Ruxsatlar borku. Agar insonning salomatligini saqlab qolish uchun kerak bo‘ladigan bo‘lsa, o‘sha harom deb tan olingan narsalarning go‘shtini ham iste‘mol qilish mumkin degan ruxsatlar bor-a?

- Bu boshqa mavzu. Bu mutlaqo boshqa narsa. Masalan spirt, spirtli ichimliklar yoki boshqa narsalar insonning hayotini saqlab qolishlikka iste‘mol qilishga ruxsat berilgan. O‘zi o‘lib qolgan narsa, hayvonmidi, tovuqmidi, inson shunday holatda qoldiki, boshqa hech narsa yo‘q yeyishga. Agar shu o‘limtikni yoki o‘zi o‘lib qolgan narsani yoki cho‘chqa go‘shtini yemasa, o‘lib qoladi. Shunday holatlarda hayotini saqlab qolishligi uchun yoki tabiblar mana shu narsani iste‘mol qilmasang, siz shu kasallik orqasidan o‘lib qolasiz desa, o‘sha tabiblarning so‘zi bilan hayotini saqlab qolishlik uchun iste‘mol qilsa bo‘ladi. Bu boshqa narsa.

Ozodlik: Bir qarashda boshqa narsa, lekin BMT hasharotlarni yeyishni taklif qilar ekan, dunyoning juda ko‘plab mintaqalarida ochlikdan o‘layotgan odamlar bor, ayniqsa bolalar hayotini saqlab qolish muammosi bor, o‘sha bolalarning yeydigan taomiga qo‘shimcha omil sifatida hasharotlarni qo‘shishni aytayaptida. Xullas hayotni saqlab qolish uchun qilinayapti bu taklif. Shu ma‘noda tushunsa bo‘ladimi?

- Ha, barakalla. Har bir holatning o‘zining shart-sharoiti, muhitidan kelib chiqib gapirilishligi kerakda. Masalan ayrim davlatlarda, mintaqada, qit‘ada shunday holatlar bo‘lsa, shu mamlakat, mintaqa xalqini, bolalarini saqlab qolish uchun tabiblarning ruxsati bilan insonga boshqa tomondan zarari yetmaydi degan xulosasini olib turib, ovqatiga qo‘shib yoki ovqat tariqasida bersa bo‘ladi bularning umrini, salomatligini saqlab qolishlik maqsadida¸ deydi Sodiq qori Kamoliddin.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:59 0:00
Бевосита линк
XS
SM
MD
LG