Линклар

O‘zbekiston Islomiy Harakati (O‘IH) Pokiston janubidagi Kvetta shahar politsiyasi boshlig‘iga qarshi uyushtirilgan suiqasd uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga oldi. Suiqasd O‘IHga tegishli bolalar madrasasiga Pokiston harbiylari uyushtirgan hujumida 12 yoshli bola o‘ldirilganiga javoban amalga oshirilgani iddao qilinmoqda.

O‘zbekiston Islomiy Harakati (O‘IH) Pokistonning Balujiston viloyati markazi Kvettada shahari politsiyasi boshlig‘i general Mushtaq Ahmad Suheraga qarshi dushanba kuni uyushtirilgan suiqasd mas‘uliyatini o‘z zimmasiga oldi.

O‘IH matbuot kotibi Yahyo Hikmatiy 14 may kuni Internetda e‘lon qilgan bayonotda sakkiz kishi nobud bo‘lib, yuzdan ortiq odam yaralangani aytilayotgan hujumni harakat a‘zosi Ali amalga oshirgani bildirgan.

Matbuot xabariga ko‘ra, bomba Kvetta shahrining xavfsizlik choralari kuchaytirilgan tumanida general Mushtaq Ahmad Suhera mashinada o‘z uyiga kirib kelayotgan paytda portlatilgan. Hujumda generalga shikast yetmagan.

Hujumdan so‘ng jurnalistlar oldida qilgan chiqishida general Suhera hujumda politsiya xodimlari va tinch aholi vakillari nobud bo‘lganini ma‘lum qildi.

- Halok bo‘lganlar va yaralanganlar orasida politsiya xodimlari va tinch aholi vakillari ham bor. Mutaxassislarimiz bergan ma‘lumotiga qaraganda portlovchi moddalar Hino rusumidagi yuk mashinasiga joylashtirilgan bo‘lgan. Mashinada qancha portlovchi modda bo‘lgani hozircha aniq emas. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, 1500 – 2000 kilogramm modda portlagan,- dedi politsiya boshlig‘i.

The Long War Journal nashriga ko‘ra, kuchli portlash oqibatida shaharga elektr uzatish to‘xtab qolgan. Voqea joyiga yaqin bo‘lgan binolar vayron bo‘lgan.

O‘IH matbuot kotibi iddaosiga ko‘ra, general Mushtaq Ahmad Suheraga qarshi hujum Pokiston armiyasi vertolyoti bir oycha oldin O‘IHga qarashli bolalar madrasasiga hujum qilganiga javoban amalga oshirilgan.

Yahyo Hikmatiyga ko‘ra, harbiylar hujumi oqibatida Abdulloh ibn Zubayr ismli 12 yosh bola nobud bo‘lgan.

O‘IH matbuot kotibi politsiya boshlig‘iga qarshi hujumni Harakatning 52 yoshli a‘zosi Ali amalga oshirganini bildirgan.

O‘IH bayonotida aytilishicha, o‘tgan yili Alining qizi ham xudkush hujumini amalga oshirgan.

Hikmatiy mazkur hujum qayerda amalga oshirilganini aytmagan, lekin rasmiy xabarlarga ko‘ra, o‘tgan yil noyabr oyida Pokistonning Mohmand mintaqasida bir ayol Jamoati Islomiy partiyasi yetakchisi Qozi Hussayn Ahmadga qarshi xudkush hujumi amalga oshirilgan.

Al-Qoyda guruhiga aloqador O‘zbekiston Islomiy Harakati janggarilari asosan Pokiston g‘arbidagi qabilalar yashaydigan Shimoliy Vaziriston mintaqasiga joylashib olgan.

O‘IH janggarilari Afg‘onistonning shimoliy va sharqiy viloyatlarida toliblar bilan birga qo‘poruvchilik amaliyotlarini amalga oshirib kelmoqda.

NATO yetakchiligidagi xalqaro kuchlar Afg‘oniston harbiylari bilan yillar davomida O‘IH a‘zolarini qo‘lga olish va yo‘q qilish amaliyotlarini davom ettirmoqda.

O‘tgan yilning avgustida O‘zbekiston Islomiy Harakati amiri Usmon Odilning o‘ldirilgani e‘lon qilingan edi.

2013 yil aprel oyida Afg‘oniston va Xalqaro koalitsiya kuchlari Balx viloyatining Balx tumanida birgalikda o‘tkazgan amaliyotda O‘IHning nufuzli yetakchisi Fido Muhammad o‘ldirilgan edi.
XS
SM
MD
LG