Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:23

Blog: Pushkin zo‘rmi, yo Qodiriy?..


Daf‘atan, savol beo‘xshov tuyuladi. Biri – fatilasoch, biri – qorako‘z; biri – rusning, biri – o‘zbekning ko‘zga to‘tiyo adib. Bu, endi “Inson uchun o‘ng qo‘l zarilroqmi yo chap qo‘l?” degandek gap-da.

Lekin har qancha mantiqsiz, har qancha o‘rinsiz bo‘lmasin, “Pushkin: so‘nggi duel” hujjatli filmi ko‘ngilda shu sarkash savolni uyg‘otvordi...

Natalya Bondarchuk muallifligidagi kinoasar Pushkinning so‘nggi kunlaridan naql qiladi.

1837 yil 27 yanvar. Hassos shoir Pushkin ustasi farang Jorj Dantes bilan omonsiz va omadsiz duelga chiqadi.

Duelь adoqsiz munozara-mujodalalarga mavzu bo‘lib kelyapti. Bahsni davom ettirib, kalavani battar chuvalashtirish niyatimiz yo‘q.

E‘tiborli jihati – filmda chorakkam ikki asr muqaddam ro‘y bergan voqealar tizimi soatma-soat, daqiqama-daqiqa tiklangan! (Erinmagan bandalar, zamondoshlari shoir o‘limiga doir tafsilotlarni ikir-chikirigacha yozib ketganini ayting).

Yana e‘tiborli jihati – duel bir shoirning fojiasi emas, butun millatning fojiasi sifatida talqin qilingan.

Baraka topsin, rus kinochilari millat ulug‘ining bevaqt o‘limi haqida ko‘rsa ko‘rgudek film ishlabdi (aslida, kinobisot kavlansa, Pushkin hayotiga bag‘ishlangan yana o‘nlab kartina topiladi).

Xo‘sh, bizda hayoti fojeiy yakun topgan ulug‘larimiz haqida qachon tarozi bosadigan hujjatli filmlar ishlanadi?

Boborahim Mashrab yo Nodirabegim fojiasini eslatsak, kinochilarning kapalagi uchib ketmasin. Mayli, insof sari baraka, yaqin tarixdan so‘raylik.

Buxoro amiriga tik boqqan ma‘rifatparvar, jadidlar otasi Mahmudxo‘ja Behbudiyning qatli hamon sir pardasiga o‘ralgan.

Tomoshabin qilqalam yozuvchi Abdulla Qodiriyning so‘nggi kunlaridan paqqos bexabar, shahid ketgan adibning hatto qabri ma‘lum emas.

Zax va rutubatli tutqunxonada jon bergan o‘tyurak Usmon Nosir taqdiri haqida uzuq-yuluq farazlar bor, xolos.

...Eh-he, hujjatli filmga tortadigan tarixiy shaxslarimiz osmonga sochilgan yulduzlardek serob.

O‘zbek kinosida qaynona-kelin o‘rtasidagi qo‘ydi-chiqdilar, tavanxona darajasidagi maishiy masalalar “tarannum etilgan” kinonamo mahsulotlar bemaza qovunning urug‘idek ko‘paydi.

Tomoshabin didini cho‘ltoq supurgiga aylantirayotgan xom-xatala “e‘jod” namunalari haqida ko‘p va xo‘b gapirilyapti.

“Xaltura” kartinalar tufayli o‘zbek tilining holiga maymunlar ho‘ng-ho‘ng yig‘layotganini eslatmay. Tag‘in, sizning ham hasrat kitobingiz lang ochilib ketmasin.

Kino kabi qudratli san‘atning kuchi qachongacha “o‘tin yorish”ga sarflanadi?
Tarixiy siymolar haqida pishiq-puxta hujjatli filmlar olish – yopig‘liq qozonlarini ochish vaqti kelmadimi?!
XS
SM
MD
LG