Линклар

logo-print
Termiz shahrida obodonchilik ishlari doirasida aholi yashaydigan yuzlab uylar buzilmoqda. Shahar hokimining qarori bilan uyini bo‘shatmagan odamlar militsiya va xavfsizlik xodimlari tomonidan siquvga olinmoqda. Bu haqda YouTube portalida paydo bo‘lgan videolavhada aytiladi. 75 yoshli onaxon mamlakat prezidentiga murojaat qilar ekan, bu haqsizlikning oldini olishda undan yordam so‘raydi.


"Ko‘z yoshlarimiz bilan bitilgan maktublarga mantiqli javob bo‘lmadi"


YouTube portaliga 13 mayda joylashtirilgan “Termizda aholini o‘z uylaridan ko‘chirishmoqda” sarlavhali videolavhada buzilishga tushgan uylardan birining oldida ko‘p sonli militsiya xodimlari to‘plangani ko‘rsatilar ekan, g‘ala-g‘ovur shovqinda militsiya xodimlari va odamlar o‘rtasidagi janjal mazmuni uzuq-yuluq eshitiladi.

Videolavhada termizlik 75 yoshli onaxon mamlakat prezidentiga murojaat qilar ekan, Termiz shahridagi buzilishlar zo‘ravonlik bilan olib borilayotganini ta‘kidlaydi:

- Termiz shahri rahbariyati obodonchilik ishlari niqobi ostida o‘tgan 2012 yilning fevral oyidan boshlab hech qanaqa uy-joy bermasdan xalqni o‘z uyidan majburlab, zo‘ravonlik qilgan holda ko‘chaga haydab chiqarmoqda. Biz bu haqda tegishli vazirliklarga juda ko‘p murojaat qildik. Afsuski ko‘z yoshlarimiz bilan bitilgan o‘nlab maktublarga poytaxtdan hech qanaqa ijobiy va mantiqli javob olmadik, deydi onaxon.

Uning videolavha davomida aytishicha, 2013 yilda ham uylarni buzish ishlari davom etayapti:

- Bugun erta tongdan boshlab bizning tinchimizni buzdi. Uyimni buzmayman¸ degan kishilarga traktorni olib kelib to‘g‘irlab qo‘ydi. Uy egalari ruxsat qilmagandan keyin ular majburan kuch ishlatishdi. Bu janjalda mazasi qochib qolgan kishilarga yordamga kelayotgan tez yordam mashinalarini ham qo‘yishmadi. Bu ko‘chalarga qancha mehnatimiz singgan bizlarni, bu Termizdagi eng obod ko‘chalardan. Bu ko‘chalarni buzgandan ko‘ra, aholini qaqshatgandan ko‘ra, Termizimizda juda ochiq joylar ko‘p, ana o‘sha yerda chiroyli shaharcha qurib olaversin. Biz ko‘chamizni, uylarimizni bermaymiz, deydi termizlik onaxon YoTube portaliga 13 mayda joylashtirilgan videolavhada.


"Uylar asl bahosidan o‘n baravar kam narxlanyapti"


Ozodlik muxbiri videolavhada aks ettirilgan bu voqea tafsilotlarini o‘rganish jarayonida Termiz shahridagi o‘z manbalari bilan bog‘landi.

Ismi sir qolishini so‘ragan termizlik o‘qituvchilardan biri, shahar hokimligining aholiga nisbatan haqsizlik qilayotganini tasdiqladi:

- O‘tgan yildan boshlab, Termiz ko‘chalari bomba tushgan shaharni eslatadi. Buzilish qattiq bo‘layapti. Odamlarning uylarini kadastr bo‘limi narxlagan. Lekin juda ham arzon narxlagan. Mana misol. Meni domdagi qo‘shnimni o‘sha yerda 10 xonali katta uyi bor edi. Shuni uyini buzishgan ekan, 15 million so‘mga narxlabdi. Bu pul faqat buzishning o‘ziga yetgan. Hokimiyat arzimagan pul berayapti, juda nari borsa 30-40 million so‘m berayapti. Vaholanki, 200-300 million so‘mlik uylar edi ular. Shunga aholi qattiq norozi. Lekin militsiya bilan bostirilayapti bu noroziliklar, deydi termizlik o‘qituvchi.

Termizlik boshqa bir manbaning aytishicha, uyidan ko‘chishni istamagan aholi uylarining bir qanchasini tomlari majburlab buzib tashlangan va bir oy tinimsiz yoqqan yomg‘ir bu odamlarni tamoman xonavayron qilgan:

- Yigirmaga yaqin xo‘jalikning cherdaklarni boshida militsiya turib, majburlab buzdirgan. Bo‘lmasa buldozer solamiz¸ degan. Ertasi kuni tinimsiz yomg‘ir va jala boshladi. Men shu yoshga kirib Termizda bunday do‘l yoqqanini ko‘rmagan edim. Oqibatda uylardan suv o‘tib, xonadonlardagi televizor bormi, mebel bormi, gilam bormi, xullas hamma narsa loyga aralashib rasvo bo‘lgan. Odamlar norozi bo‘lib, hokimiyatga ham borishgan edi. Lekin hech narsa bo‘lmadi, deydi termizlik manba.

Ozodlik bu voqeaga munosabat olish maqsadida avval Termiz shahar Yer resurslari kadastr bo‘limi bilan bog‘landi. O‘zini tanishtirmagan kadastr bo‘limi mutaxassisi bu ishlardan xabari borligi, lekin savollarga faqat shahar hokimligi javob bera olishini aytdi.

Shahar hokimligining Qurilish bo‘limi mutaxassisisi bu ishlar bilan shahar hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Panji Usanovdangina javob olishimiz mumkinligini aytdi.

Hokim o‘rinbosari Panji Usanov Ozodlik bilan bo‘lgan qisqa suhbatda uylari buzilgan odamlarga yordam berilayotganini aytar ekan, bu yordamning qay darajada ekanligini ochiqlamadi:

- Yordam berilayapti. Hozir yig‘ilishdaman. Keling shu yerda gaplashamiz, hamma hujjatlar tayyor, hamma narsa qonuniy bo‘lgan, deb gapni qisqa qilgan hokim o‘rinbosari telefonini o‘chirib qo‘ydi.


Tovon puli miqdoridan aholi rozi emas


O‘zbekistonda o‘tgan yillar davomida obodonlashtirish maqsadida aholi uylari, tadbirkorlik ob‘ektlarini buzish odat tusini oldi. Bosh vazir Shavqat Mirziyoev rahbarligida amalga oshirilayotgan bunday "obodonlashtirish" natijasida uysiz qolgan o‘zbekistonliklar buzilgan uylar uchun tovon puli juda kam to‘langani yoki umuman berilmaganidan shikoyat qiladilar.

Shu yilning aprel oyida, Andijon viloyatining Izboskan tumani Poytuq shaharchasidagi aholi uylari va tadbirkorlik ob‘ektlari buzilayotgani va aholi tovon puli va yer ololmayotganligi xabar qilingan edi..

Joriy yilning fevral oyida Urganch shahri markazidagi uylar, xususiy do‘kon va restoranlar buzilgan, uyi buzilgan xonadon egalari tovon puli ololmayotganidan norozilik bildirgan edilar.

Namangan viloyatining Norin tumani markazi Haqqulobod shahrini yangi bosh planga asosan obodonlashtirish ishlarida ham haqqulobodliklar tovon puli ololmaganini aytgan edilar.

O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 2011 yil 22 noyabr kuni Farg‘ona viloyati hokimiyatida o‘tkazgan yig‘ilishda shahar rekonstruktsiyasiga xalal beradigan aholi uylarini buzish va ko‘chirish haqida tegishli tashkilotlarga buyruq bergan va bu aholining noroziligiga sabab bo‘lgan edi.
XS
SM
MD
LG