Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:44

AQSh senatorlari Green Card lotereyasini bekor qilmoqchi


AQSh Senatining bir necha a‘zosi Amerikada doimiy yashash va ishlash huquqi qur‘aga tashdanuvchi Green Card lotereyasini bekor qilish tashabbusi bilan chiqdi. AQSh Kongressida joriy yilning iyun oyida Green Card lotereyasi taqdiri hal bo‘ladi.

Har yili may oyi boshida AQSh Green Card - Diversity Immigrant Visa (DV) dasturining millionlab ishtirokchilari orasidan tanlangan g‘oliblarning dastlabki ro‘yxatini e‘lon qiladi.

Keyinchalik ushbu ro‘yxatdan 55 ming kishi AQShda doimiy yashash va ishlash huquqini beruvchi Green Card sohibiga aylanadi.

AQShning Immigratsiya vizasini qo‘lga kiritish istagida bo‘lgan minglab o‘zbekistonlik ham hozirda lotereya natijalarini intiqlik bilan kutayapti.

2011 yilgi lotereyada qariyb 4800 nafar O‘zbekiston fuqarosi Green Card yutib olgan.

Lotereya o‘yini tashkil qilinganidan buyon sobiq ittifoq davlatlaridan 10 milliondan ziyod talabgor ushbu dasturda ishtirok etgan.

Lotereyada yutqazgan kishilarning har yili keyingi yil yutish umidi bilan qayta-qayta ushbu dasturda ishtirok etishi kuzatiladi.

Lekin kelasi yili Green Card umuman o‘ynalmasligi ehtimoli yuzaga keldi. Ko‘plab Internet forumlarida bu haqdagi bahs-munozaralar avj oldi. Jumladan, rus tilidagi “Govorim pro Ameriku” forumida ham anchadan buyon Green Card lotereyasining “kuni bitgani” borasida gapirilmoqda.

Bugungi kunda Green Card lotereyasi taqdiri AQSh immigratsiya tizimini isloh qilish takliflari bilan chiqqan demokratlar va respublikachilarga bog‘liq bo‘lib qolayapti.

Demokrat senator Charlz Shumer bugungi kunda AQSh kongeressida muhokama qilinayotgan qariyb 1000 sahifadan iborat Immigratsiya tizimini isloh qilish loyihasi mualliflaridan biridir.

Shumerning aytishicha, Demokratlar Green Card lotereyasidan voz kechish taklifini qo‘llab-quvvatlashga rozi bo‘lishgan.

- Men o‘zim (Diversity Immigrant Visaning) muallifi bo‘lganim uchun ham uning taqdiri menga befarq emas. Biz o‘z safdoshlarimiz va Respublikachilar orasida kuchli muxolif fikrlilarga duch keldik. Ushbu dastur orqali Yevropa va Afrikadan odamlarni jalb qilish maqsadimiz bor edi va ma‘lum vaqt bunga erishdik ham. Lekin ayni paytda bu ish bermayapti. Talabgorlarning asosiy qismi Markaziy Osiyodan. Shuni hisobga olgan holda biz ushbu dasturni davom ettirmaslikka qaror qildik,- deydi Charlz Shumer.

Ayrim tahlilchilar Demokratlar va Respublikachilar Green Card lotereyasini bekor qilish borasida fikrlari bir joydan chiqishiga ishonadilar.

AQSh Kongressi Immigratsiya tizimini isloh qilish loyihasini joriy yilning iyun oyida ovozga qo‘yadi.

1995 yildan boshlab Green Card dasturida Afrika, Irlandiya kabi davlatlardan immigrantlarni jalb qilishga asosiy e‘tibor qaratilgan. Lotereya g‘oliblari orasida afrikaliklar hanuz ko‘pchilikni tashkil qiladi. Lekin keyingi yillarda g‘oliblar orasida Markaziy Osiyo davlatlarining fuqarolari soni oshmoqda. Ayni paytda Bangladesh va Eron kabi davlat fuqarolari orasida ham mazkur lotereyaga qiziqish katta.

2011 yilgi lotereya yutuqlari bo‘yicha birinchilik nigeriyaliklarga tegishli va o‘yin natijalari bo‘yicha ularning 6000 nafariga Green Card tekkan. Birinchi o‘nlikka kirganlar ichida ganaliklar (5800)¸ ukrainaliklar (5790)¸ efiopiyaliklar (5500) va keniyaliklar (4700) bor.

O‘zbekistondagi AQSh elchixonasi ma‘lumotiga ko‘ra, Green Cardning 2011 yilgi lotereyasi g‘oliblari soni bo‘yicha O‘zbekiston 5-o‘rin (4800)ni egallagan.
XS
SM
MD
LG