Линклар

Boku politsiyasi Bosh boshqarmasi Narkotiklarga qarshi kurash va jamoatchilik xavfsizligi bo‘limi bilan Ozarbayjon poytaxtida o‘tkazgan maxsus amaliyotda o‘zbekistonlik o‘nlab ayol qo‘lga olindi. Fohishalik bilan shug‘ullanganlikda gumonlanib hibsga olingan ayollarning jarimaga tortilib, O‘zbekistonga deportatsiya qilinishi aytilmoqda.

Ozarbayjon huquq-tartibot idoralari xodimlari 16 mayga o‘tar kechasi poytaxtning Nasimiy tumanidagi “Infiniti” tungi klubi va Xatoy tumanidagi “Dolg‘a” saunasida o‘tkazgan reydda fohishalik bilan shug‘ullangan 53 shaxs qo‘lga olindi.

Ichki ishlar vazirligidagi ishonchli manbaga tayanib APA agentligi muxbiri Hafiz Haydarov Ozodlikka qo‘lga olinganlarning aksari O‘zbekiston fuqarolari ekanini aytdi:

- Ularning aksari o‘zbekistonliklar. Ular orasida ozarbayjonliklar, ruslar ham bor. Aytib o‘tganimdek, qo‘lga olingan 53 shaxsning yarmidan ko‘pi, 30 nafari O‘zbekiston fuqarolari, deydi APA agentligi muxbiri.

Hafiz Haydarov politsiya qo‘lga olgan o‘zbekistonlik ayollarning aksari 16, 17 va 18 yoshdagi ekanini qo‘shimcha qildi.

Ozodlikning hibsga olinganlar qancha vaqtdan beri fohishalik bilan shug‘ullanib kelgan, degan savoliga Haydarov, hozir shuni aniqlash ustida ish olib borilmoqda, deya qo‘shimcha qildi.

Ozarbayjon Ichki ishlar vazirligidagi ishonchli manbasiga tayanib Hafiz Haydarov Ozodlikka tungi klub va saunada o‘tkazilgan reyd paytida ushlangan o‘zbekistonlik ayollarning vataniga deportatsiya qilinishi kutilayotganini urg‘uladi:

- Ularning hammasi jarimaga tortiladi, so‘ngra O‘zbekistonga deportatsiya qilinadi, dedi ozarbayjonlik jurnalist.

"Qo‘lga olingan o‘zbekistonlik ayollar fohishalik bilan shug‘ullanishga majbur qilinganmi?", degan Ozodlik savoliga Haydarov, Ichki ishlar xodimlari ular Ozarbayjonga aldab olib kelingani yoki o‘zlari kelganini aniqlash ustida ish olib borayotganini bildirdi.

Bu Ozarbayjonda fohishalik bilan shug‘ullangan o‘zbekistonlik ayollarning ilk bor qo‘lga olinishi emas.

2013 yil 22 aprel kuni Ozarbayjon xavfsizlik kuchlari o‘tkazgan tadbir chog‘ida o‘zbekistonlik ayollarni surunkali tarzda fohishalikka jalb qilib kelgan 43 yoshli bokulik Hasanov Mehmon Dilovar o‘g‘li boshchiligidagi guruh fosh etilgan edi.

Joriy va o‘tgan yillar davomida o‘zbek ayollarini fohishalikka jalb qilish bilan shug‘ullangan guruhlar Qozog‘iston va Rossiyada ham fosh qilingan edi.

Keyingi 4 yil mobaynida Hindiston¸ Tailand¸ BAA¸ Malayziya va Turkiya davlatlari politsiya idoralari o‘zbekistonlik fohishalar bilan bog‘liq yuzlab holat borasida taftish o‘tkazgan.

Malayziya politsiyasiga ko‘ra¸ so‘nggi bir necha yil ichida 267 nafar o‘zbekistonlik fohisha va qo‘shmachi qo‘lga olingan.
XS
SM
MD
LG