Линклар

AQShda terrorchilikda gumonlangan o‘zbekistonlik Fazliddin Qurbonov juma kuni sudga birinchi tinglov uchun olib kelinishi kutilmoqda. Rasmiy ma‘lumotlarda aytilishicha, Fazliddin Qurbonov 16 may kuni qo‘lga olingan.

AQShning Aydaxo shtatida terrorchilikda gumonlangan o‘zbekistonlik shaxs qo‘lga olindi.

Rasmiy ma‘lumotlarga qaraganda, 30 yoshli Fazliddin Qurbonov 16 may kuni terrorchilikka qarshi olib borilgan amaliyot paytida Boyse shahrida qo‘lga olindi.

​Unga bildirilgan ayblov xulosasida aytilishicha, Fazliddin Qurbonov 2012 yil avgustdian 2013 yilning may oyigacha terrorchi tashkilot deb hisoblanuvchi O‘zbekiston islomiy harakatini mablag‘ va kompyuter dasturlari bilan ta‘minlash maqsadidida boshqa shaxslar bilan ongli tarzda til biriktirgan.

Xabarlarda uning sheriklari kim bo‘lgani aytilmagan. Qurbonov, shuningdek, noqonuniy tarzda portlovchi modda saqlaganlikda ham ayblanmoqda.

Fazliddin Qurbonovning juma -17 may kuni mahalliy vaqt bilan soat 9 da Boyse shahridagi federal sudga olib kelinishi kutilmoqda.

Aydaxo shtati prokurori Vendi Olson Associated Press agentligiga, Fazliddin Qurbonov kuzatuv ostida bo‘lganini bildirgan. Prokurorga ko‘ra, Qurbonovning qo‘shni Yuta shtatidagi suppermarketlarga borib, shubhali narsalarni sotib olayotgani gumon paydo qilgan.

Olsonning aytishicha, Fazliddin Qurbonov AQShda qonuniy asosda yashab kelgan. Biroq prokuror uning AQshdagi rasmiy maqomi qanday bo‘lganini oshkor etgani yo‘q.

Huffingtonpost.com nashrining xabar berishicha, Fazliddin Qurbonovga Yuta shtati prokurori ham ayblov bildirgan. Yuta prokurori Devid B. Barlou O‘zbekiston fuqarosini portlovchi moddalar, bomba va ommaviy qirg‘in qurollari to‘g‘risida ma‘lumot tarqatishda ayblamoqda. Prokurorning bildirishicha, Fazliddin Qurbonov qo‘lbola portlovchi moddalarni qanday yasash mumkin ekani o‘rgatilgan videolavhalarni tayyorlab, ularni internetga joylashtirgan.



Prokurorlar bergan ma‘lumotda Fazliddin Qurbonovning Ada okrugi hibsxonasida saqlanayotgani aytiladi.

Fazliddin Qurbonov AQShda terrorchilikda gumonlanib qo‘lga olingan yagona o‘zbekistonlik emas. 2012 yilning 13 iyulida o‘zbekistonlik Ulug‘bek Qodirov AQSh prezidentini o‘ldirishga uringanlikda ayblangan va 15 yilga qamalgan edi.

AQShda noqonuniy yashab kelgan 23 yoshli Ulug‘bek Qodirov 2011 yil 13 iyulida Alabama shtatining Birmingem shahri yaqinidagi motelda o‘zini qurollar sotuvchi deb tanitgan maxfiy xizmat agentidan qurol sotib olayotgan paytda hibsga olingan.

Jizzaxlik 35 yashar Jamshid Muxtorov esa 2012 yilning 21 yanvarida AQShning Chikago shahri aeroportida Istanbulga uchish oldidan Federal tergov byurosi xodimlari tomonidan hibsga olingan.

2007 yilda AQShdan siyosiy boshpana olgan bu qochqinga terror guruhlariga moddiy yordam berganlik va ular safiga qo‘shilishga uringanlik aybi qo‘yilgan.

Bu ikkala o‘zbekistonlik ishining huquq tizimlari va matbuot diqqatiga tushishi ortidan¸ Ozodlik suhbatlashgan ayrim o‘zbekistonliklar¸ AQSh vizasini olish yanada qiyinlashgani¸ qolaversa¸ Amerikada yashab ishlayotganlar ustidan nazoratning kuchaygani haqida gapirgan edilar.

Bundan tashqari yaqindagina Amerika jamoatchiligi diqqatini o‘zbeklarga qaratgan yana bir voqea sodir bo‘ldi. Nyu - Yorkda enagalik bilan shug‘ullangan 52 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Ma‘mura Nosirova chaqaloqni kaltaklashda ayblanmoqda. Bu voqea Nyu Yorkliklarni ancha junbushga solgani aytiladi.

Staten Island tuman prokuraturasining ma‘lum qilishicha¸ nyu-yorklik oilaning ikki kichik bolasiga enagalikka yollangan Ma‘mura Nosirova 14 iyun kungi mahkama jarayonida 10 oylik qamoq jazosi va AQShdan deportatsiya qilinishga hukm etilishi mumkin.
XS
SM
MD
LG