Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:36

HRU faollari Andijon fojeasini unutmaslikka chaqirmoqda


Andijon qirg‘inidan 8 yil o‘tib ham O‘zbekiston inson huquqlari halokatli darajada qolayotgan mamlakatdir. Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga nisbatan strategiyasini qachon o‘zgartiradi?

Hyuman Rayts Uotch huquqni muhofaza qilish tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘limi direktori Hyu Vilyamson va tashkilotning Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassisi, huquqshunos Stiv Sverdlou tomonidan yozilgan hamda o‘tgan hafta “Evropa ovozi” gazetasida chop etilgan maqolasi ana shunday boshlanadi.

“O‘zbekiston: Qirg‘in tarix qa‘riga g‘arq bo‘lmasin” deb nomlangan mazkur maqolani quyida to‘laligicha e‘tiboringizga havola qilamiz:

Cobiq Sovet Ittifoqi hududida eng dahshatli qirg‘inlardan biri sodir etilganiga 8 yil bo‘ldi. 2005 yilning 13 mayida Andijon shahrida xavfsizlik kuchlari ommaga qarata o‘t ochib, aksariyati qurolsiz yuzlab namoyishchilarni, xususan, erkaklar, ayollar va bolalarni o‘ldirgan. Bu insonlar jon saqlash uchun qochayotgan paytda nishonga olingan. Mazkur jinoyatlar uchun hech kim javobgarlikka tutilmadi. Avtoritar prezident Islom Karimov voqea mustaqil tergov qilinsin, degan chaqiriqlarni pisand qilmadi.

Shundan beri O‘zbekistonning inson huquqlarini eng qo‘pol tarzda buzuvchi davlatlardan biri degan nomi yanada mustahkamlandi. Shafqatsiz qirg‘indan keyin O‘zbekiston hukumati o‘nlab huquqbon va jurnalistlarni qamoqqa tashladi, inson huquqlari tashkilotlari va halqaro axborot vositalarini mamlakatdan haydadi.

Qamoqxonalarda qiynoqlar hamon keng tarqalgan. 2012 yilning aprelida Gulnoza Yo‘ldosheva hibsda qattiq do‘pposlangan. Mahalliy rasmiylarning inson savdosida qo‘li borligi haqida material to‘plagan Yo‘ldoshevani militsiya rezinka to‘qmoq bilan urgan, sochidan sudrab, hushidan ketgunicha savalagan.

Andijon qirg‘inidan keyin G‘arb davlatlari uchun O‘zbekiston bilan qanday aloqa qilish qaltis masalaga aylandi. Yevropa Ittifoqi qirg‘inni qoralab, sanktsiyalar joriy etdi. 2009 yilga borib esa, O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha biror shartni bajarmasa ham, bu cheklovlar bekor qilindi.

O‘zbekiston “hamkorlik qilish kerak bo‘lgan” avtoritar davlat sifatida ittifoq uchun nozik sinov. NATO kuchlari Afg‘onistonni tark etarkan, asosiy ta‘minot yunalishlaridan biri respublikadan o‘tadi. O‘zbekistonning, shuningdek, mintaqaviy masalalarda roli katta. Karimov G‘arbdagi yaqin hamkorlaridan iqtisodiy yordam kutmoqda va ular tomonidan tan olinishni istaydi.

Yevropa Ittifoqi esa yuzaki o‘zgarishlarni ulkan yangilik sifatida qabul qilib, asl vaziyatga ko‘z yumdi. Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining respublika qamoqxonalaridan oyoq uzgani blok xato siyosat yuritganini ko‘rsatdi. Savol tug‘iladi: Yevropa Ittifoqi va uning a‘zolari O‘zbekistonda inson huquqlari bilan bog‘liq ahvol yaxshilanishiga hissa qo‘sha olmaganini qachon anglab, qachon strategiyani o‘zgartiradi?

Hatto eng avtoritar hukumatlar ham Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi ishlashi uchun sharoit yaratib qo‘ygan. Bu tashkilot faoliyatining mezoni shundan iboratki, biror ma‘lumot oshkor etilmaydi; uning ko‘rgani, bilgani va eshitgani sir tutiladi. Qo‘mita ishini to‘xtatishga majbur bo‘lgani O‘zbekistonda huquq ahvoli naqadar og‘irlashganidan dalolat beradi.

Besh yillik cheklov ketidan mamlakat bu tashkilotga eshik ochganida Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari buni “ijobiy qadam” deb maqtab, sanktsiyalarni olib tashlagan edi.

Yana bir “ijobiy qadam” 2008 yilda habeas corpus, qamoqqa olingan shaxsning darhol sud oldiga olib kelinish huquqi tanishtirilgani edi. Lekin O‘zbekiston hukumati bu mexanizmni astoydil ishga solgani yo‘q. Shunday ekan, “ijobiy qadamlar” haqiqiy o‘zgarishga yetaklamadi.

Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi O‘zbekistondagi cheklovlarga ortiq toqat qila olmasligini bayon qilib turibdi. Yevropa Ittifoqi va uning a‘zolari respublikadagi holatga nisbatan tegishli chora ko‘rishi lozim.

Blok O‘zbekistonga shuni ochiq tushuntirishi kerakki, agar inson huquqlari bilan bog‘liq ahvol sezilarli darajada yaxshilanmasa, Yevropa tashqi ishlar vazirlari respublika rasmiylariga viza berishni taqiqlaydi hamda ularning mulk va bank hisoblarini muzlatadi.

O‘zbekistonning johil organi, Milliy Xavfsizlik Xizmati (MXX) rahbari Rustam Inoyatov bunga loyiq nomzod. Inoyatov 2005 yilda qo‘yilgan sanktsiyalardagi ro‘yxatda edi va ko‘plab mahbuslarning qiynoqqa solinishida javobgar tizimni boshqarib kelmoqda.

O‘zbekiston hukumati, mana 10 yildan oshibdiki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining huquq bo‘yicha biror maxsus vakilini (11 diplomatni) kiritmadi. Bu jihatdan O‘zbekiston Eron, Xitoy va Turkmanistondan ham o‘tib ketdi.

Yevropa Ittifoqi va uning sheriklari BMT Inson Huquqlari Kengashidan aynan O‘zbekiston uchun vakil tayinlashni so‘rashi kerak, toki u dunyo ahli diqqatini mamlakatdagi dahshatli vaziyatga qaratsin va bu masala xalqaro sahnada muhokama qilinsin.

Inson huquqlari va qonun ustuvorligi borasida ijobiy siljish bo‘lsa, bu albatta butun mintaqada o‘ziga xos aks-sado beradi. Avtoritar rahbarlarning yoshi o‘tib, Markaziy Osiyo korruptsiya, yulg‘ichlik va qonunbuzarliklar iskanjasida qolar ekan, ijobiy o‘zgarish shabadasi Andijon qirg‘ini qurbonlarini xotirlatib, Yevropa Ittifoqi adolatsizliklar oldida qo‘l qovushtirib turmasligini isbotlagan bo‘lar edi.

Hyu Vilyamson (Hyuman Rayts Uotchning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘limi direktori) va Stiv Sverdlou (huquqshunos, Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis)
XS
SM
MD
LG